Toshkent viloyat, Angren shahri, Qiziltog‘ qo‘rg‘onidagi (sobiq Krasnogorsk posyolkasi) 44- o‘rta maktabda muallim 8 yoshli o‘quvchiga yelim idish otib, peshonasini jarohatlagan.
Shu yilning yanvarida bo‘lgan bu voqea haqida o‘quvchi qizning onasi 15 oktabr kuni Ozodlikka arz qildi. Onaning gapini uning qizini davolagan vrach tasdiqladi.
Jabrlangan qizning onasi maktab rahbariyati va mahallaning bosimi hamda muallim yaqinlarining "qizingizni o‘zimiz davolatamiz, shu gap mahalladan chiqmasin" degan va’dalari ta’sirida Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilmaganini bildirdi.
Ozodlik 8 yoshli So‘g‘diyonaning boshiga yelim idish irg‘itib jarohatlagani gumonlanayotgan muallimning o‘zidan izoh ololmadi.
Muallimning o‘g‘li shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi, lekin onasi buni ataylab qilmaganini, qizni davolatish sarf-harajatlarini shaxsan o‘zi ko‘targanini aytarkan, So‘g‘diyonaning onasini shantaj qilayotganlikda aybladi.
Angrenning Qiziltog‘ qo‘rg‘onida yashovchi Nargiza Osmanovaning iddaosicha, 2-sinfda o‘qiydigan qizi So‘g‘diyona dars paytida O‘zbekiston madhiyasini aytmagani uchun o‘qituvchisi unga yelim idish irg‘itib, boshini jarohatlagan.
Voqea shu yilning 28 yanvarida bo‘lgan.
- Qizim nozikroq-da, 200 grammlik plastmass idishdagi kleyni "sen mening jonimga tegib ketding", deb irg‘itgan. Kley Diana (So‘g‘diyona)ning yelkasiga tegib, tushib ketgan. O‘quvchilardan biri kleyni yerdan olib muallimga olib borib beradi. Keyin ikki-uch metr narida turgan qizimga mo‘ljallab yana otadi, peshonasi bilan burnining o‘rtasidagi chuqurlikka, ikki ko‘zining orasiga tegib, o‘sha yeri yirtilib ketgan. Buni Diananing sinfdoshlari bir-biridan alohida tasdiqlagan o‘shanda, - deydi Osmanova.
Nargiza Osmanovaning aytishicha, So‘g‘diyonani o‘sha kuni tuman shifoxonasiga olib borishganida vrachlar qiz miyasi chayqalganini unga aytishgan.
Osmanova tibbiy xulosa hujjatlarining nusxasini Ozodlikka taqdim qildi. Bu hujjatlarni imzolagan vrach (ismi aytilishini istamadi) 16 oktabr kuni Ozodlikka bunday dedi:
- Boshida olib kelishganida chayqalish, ChMT (cherepno-mozgovaya travma - tahr.) bo‘lgan.
Onasining iddao qilishicha, So‘diyonada yanvarda olgan jarohati asoratlari hanuz qolgan:
- Diana qusib, "boshim og‘riyapti", devurdi-da. Hozir ham shuni asoratlari qolgan qizimda.
So‘g‘diyonani qarayotgan shifokor onaning iddaolarini rad qildi:
- Oxirgi marta shu yil yoz oylarida olib kelganida oshqozoni og‘rigan. Qiz qusganiga miya chayqalishi asorati deb o‘ylashgan, qusish oshqozondagi problema bilan bog‘liq, deb aytganman.
Lekin Nargiza Osmanova qizini qaragan vrachning so‘zlariga ishonmayotganini, qizi mustaqil shifokor ko‘rigiga muhtoj ekanini aytarkan, bunday dedi:
- Chunki bular shifokorlarni ham "qizda miya chayqalishi asorati yo‘q", deyishga ko‘ndirgan, deb o‘ylayapman.
Qizning onasi bo‘lib o‘tgan hodisa haqida Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilmay, bu haqda hozir gapirayotgani sababini Ozodlikka shunday izohladi:
- O‘sha paytda maktab direktori, zamdirektor, mahalla komitetlari uyimga kelib, "noto‘g‘ri qilibdi o‘qituvchi, lekin xatoni to‘g‘rilaymiz, iltimos, bu gap Krasnogorskdan chiqmasin" deyishgan. Maktab direktori qizimni o‘zini mashinasida Toshkentdagi hususiy klinikaga olib borib ko‘rsatgan. Astoydil kechirim so‘ragani uchun bu haqda aytmaganman o‘shanda. Qizim surunkali muolajaga muxtojligi sababli o‘qituvchining o‘g‘li qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, "hamma harajatini ko‘taraman, faqat shikoyat qilmang", deb yalingan. O‘zbekchilik-da. Boshida dorilarini olib berishdi, aprel oyida doktorga olib borishga to‘g‘ri kelganida hammasi to‘nini teskari qilib turaverdi. Ikki hafta oldin qizim, yana qusib, "boshim og‘riyapti", dedi. Boshidan jarohat olishidan oldin qizim bosh og‘rig‘i nima bo‘lishini bilmasdi, uyiga bordim, eshikdan qaytarvorishdi.
Ozodlik 8 yoshli So‘g‘diyonaning boshiga yelim idish irg‘itilib, jarohatlagani yuzasidan muallimning o‘zidan ham, 44-son maktab rahbariyatidan ham izoh ololmadi.
Muallimning o‘g‘li Abdurauf Tillaboyev shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi, lekin onasi buni ataylab qilmaganini aytdi:
- Voqea bo‘lgan haqiqatan ham. Onam 25 yillik o‘qituvchi. Boshlang‘ich sinfda dars beradi. Kley bor, kichkina kley. Bir o‘quvchi to‘polon qilgan, to‘polon qilganida "jim o‘tir", deb shu kleyni otganida u o‘quvchiga emas, bu qizga tegib ketgan, behosdan. Sababi, bizning oilamizda ikki-uch yilning ichida ko‘p yo‘qotishlar bo‘ldi, uch kishi olamdan o‘tib qoldi. Onamga bu og‘ir botgan, asablari charchagan. O‘quvchilarning holini o‘zingiz tushunasiz.
Abdurauf Tillaboyev onasining aybini yuvish uchun So‘g‘diyona Osmanovani o‘z cho‘ntagidan pul to‘lab davolatganini ham aytdi:
- Onasi "qizimni qaratib beringlar", dedi. Doktorga olib bordik, qizini qaratdik. Dorilarini olib berdik. Shundan so‘ng onasi kelib "hech qanaqa da’voyim yo‘q" o‘qituvchiga, deb yozib ketdi. O‘shanda "muammo bo‘lsa ayting" deganman. Uyiga yogurtlar olib borib berdim, banan dedi, banan ham olib borib berdim. "Kukla "Barbi" o‘ynayman" dedi, uni ham olib borib berdim. Onamni bir marta qilgan xatosi uchun shuni qildim. Yaqinda 29 sentabr kuni uyimizga bostirib kelib to‘polon qilgan, onamga har-xil gaplarni aytib, "kechqurungacha dorilarni olib borib bersang berding, bo‘lmasa portalga shikoyat qilaman", deb shantaj qilgan. Onam hozir shifoxonada yotibdi.
Nargiza Osmanova "da’voyim yo‘q" deb tilxat yozib berganini ham, 29 sentabr kuni mualllimning uyiga borganini ham tasdiqladi.
- O‘sha paytda yozib berganman, chunki qizga qaraymiz deyishgan. Uyiga ham bordim, haqiqatan. Uyiga borishga haqqim bor, chunki ular va’da bergan qizni davolatamiz, deb. Chunki hamma narsa qimmat hozir, qiz yetim, otasi 2016 yilda o‘lgan. Lekin, borganimda qizi onam uyda yo‘q, deb eshikni yopib qo‘ydi.
Nargiza Osmanova o‘n oy oldingi voqea haqida o‘z vaqtida ichki ishlarga shikoyat qilmaganidan afsusda ekani, endi bu haqda tuman Ichki ishlar bo‘limiga arz qilishini aytdi.
Muallimaning o‘g‘li Abdurauf Tillaboyev ham Nargiza Osmanova shantaj qilayotgani yuzasidan uning ustidan Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilish niyatini bildirdi.