Tashkent City qurilishida 21 yashar suvoqchi sakkizinchi qavatdan yiqilib o‘ldi

\

21 yoshli suvoqchi Tashkent City kompleksida qurilishi ketayotgan to‘qqiz qavatli turar-joy binosining sakkizinchi qavatidan tushib ketib, halok bo‘ldi.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tuman, Beruniy mahallasidan bo‘lgan Alisher Turdiboyev 27 oktabr kuni Tashkent City da qurilayotgan to‘qqiz qavatli turar-joy binosining sakkizinchi qavati tashqarisida pardozlash (suvoq) ishlarini bajarayotgan paytda havozadan yiqilib ketgan va shu joyni o‘zida jon taslim qilgan.

Qurilish kompleksini amalga oshirayotgan Asia Trading City shirkati ishchining o‘limi bo‘yicha Olmazor tumani IIBsi surishtiruv ​olib borayotgani, shu surishtiruv natijasiga qarab uning oilasiga tovon puli berilishini aytdi.

Ishchi o‘limi yuzasidan Ozodlik Olmazor tumani IIBsidan izoh ololmadi.

“Tashkent city” xalqaro biznes markazi poytaxtning qoq markazida 80 gektar maydonda qurilyapti. Qurilish kompleksi sakkizta lotga bo‘lingan.

Alisher Turdiboyevning hamkasblaridan biri fojia qurilish kompleksining birinchi lotida ro‘y berganini Ozodlikka aytdi.

Fasadda havoza qo‘yilgan, shu havozani ustida turib suvoqchilik qilayotgandi. Tepaga ko‘tarilganda xavfsizlik kamarini bir yechib oladi-da, o‘sha paytda yiqilib ketgan

- Fasadda havoza qo‘yilgan, shu havozani ustida turib suvoqchilik qilayotgandi. Tepaga ko‘tarilganda xavfsizlik kamarini bir yechib oladi-da, o‘sha paytda yiqilib ketgan, - dedi Ozodlikka gapirgan marhumning ismini aytmagan hamkasbi.

Alisher Turdiboyevning yaqinlari hozircha na hukumat va na qurilish shirkati uning oilasiga tovon puli berganini aytdi.

- Extiyotsizlik qilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu uning aybi emas-ku, Alisher shu qurilishni deb hayotini yo‘qotdi, - dedi marhumning qarindoshi.

Qurilish kompleksini amalga oshirayotgan Asia Trading City shirkati ishchining o‘limi bo‘yicha surishtiruv natijalariga qarab, marhumning oilasiga tovon puli belgilanishini aytdi.

- Xodimlarimiz janozasiga bordi. Otasi, yaqinlaridan xabar olib turilibdi. Tovon berish masalasi ko‘rilyapti, - dedi shirkatning Ozodlik suhbatlashgan xodimi.

Tashkent city poytaxt markazidagi 80 gektarga yaqin maydonda qurilyapti.

Majmua qurilishi doirasida poytaxtning "Olmazor" va "O‘qchi" mahallalaridagi hovli-joy va noturar joy inshootlari buzilgan edi.

Kompleks qurilishi 2021 yil oxirida yakuniga yetishi ma’lum qilingan.

Tashkent City qurilishidagi o‘lim Ozodlikka ma’lum ilk holatdir.

O‘tgan yili Toshkentdagi boshqa bir yirik kompleks Humo Arena muz saroyi qurilishida 30 yoshli ishchi saroy temir ustunidan yiqilib halok bo‘lgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.