Forish hokimi muovini "Xalq banki" bo‘limi boshlig‘idan haqoratlagani uchun uzr so‘radi

Bobur Obilqosimov 14 oktabr kuni "Xalq banki" tuman bo‘limi boshlig‘i vazifasidan chetlatilganini aytdi.

Jizzax viloyat, Forish tuman hokimining birinchi o‘rinbosari "Xalq banki"ning shu tumandagi bo‘limi rahbarini telefon orqali uyat so‘zlar bilan haqoratlaganini tan oldi va Ozodlik orqali undan kechirim so‘radi.

Kuni kecha Yutyubda e’lon qilingan audioyozuvda bir boshliqning unga tobe odam bilan telefon so‘zlashuvi aks etgan. Video muqovasida "To‘ychiyev Hakim Ravshanovich, Jizzax viloyat, Forish tuman hokimining birinchi o‘rinbosari" deb yozilgan. Tuman hokimi o‘rinbosari so‘kayotgan amaldor esa, bank xodimi Bobur Obilqosimov ekanligi aytilgan.

Audioda hokim o‘rinbosari bank boshlig‘ini uxlab qolib, paxta terimiga bag‘ishlangan majlisga kelmagani uchun uyat so‘zlar bilan haqoratlagani aks etgan.

Ozodlik bilan muloqot davomida To‘ychiyev ham, Obilqosimov ham audiodagi ovozlar ularnikiligini tan oldi.

Mavzuni o‘rganish jarayonida Bobur Obilqosimov ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Forish tumani hokimining birinchi muovini va "Xalq banki"ning tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rtasidagi telefon suhbati


Telefon suhbatida hokimning birinchi muovini uxlab qolgani uchun majlisga kelmaganini aytgan "Xalq banki" tuman bo‘limi rahbarini haqoratli so‘zlar bilan so‘kadi.

HT: Nimaga yig‘ilishga kelmading?

BO: Uxlab qolibman, hozir boryapman.

HT: S...kanim bormi seni uyqungni.

BO: Boraman hozir.

HT: Yoqadimi ish, yoqmayaptimi? Q....qa oyog‘ingni o‘paman deb yalinib keluvdingmi, qanjiqqa o‘xshab uxlab qoladigan bo‘lsang.

BO: Aka 5 gacha ishlagandik.

HT: S..kanim bormi uyqunga, tur nax-y bo‘lmasa. Terimga odam qo‘yib, paxtangni to‘g‘irla, chiqmasang s--aman....

Bobur Obilqosimovning Ozodlikka aytishicha, u hokim muovini Hakim To‘ychiyev bilan telefon suhbatini 30 sentabr kuni yozib olgan.

Uxlamay, ishlaganim uchun majlisga boradigan ahvolda emas edim. "Uxlab qolibman", deb aytsam "uyqunga falonim", deb so‘kib ketdi.

- O‘sha kuni ishda tonggi 5 gacha hisobot tayyorlab ertalab 7ga belgilangan majlisga borolmaganman. Uxlamay, ishlaganim uchun majlisga boradigan ahvolda emas edim. "Uxlab qolibman", deb aytsam "uyqunga falonim", deb so‘kib ketdi. "Shaxsimga tegmang", desam "shunday tegamanki", deb meni haqorat qildi, - deydi Obilqosimov.

Haqoratlangani haqida tuman prokuraturasiga arz qilib, shu audioni taqdim qilganidan so‘ng Obilqosimov 14 oktabr kuni bank bo‘lim boshlig‘i vazifasidan chetlatilganini aytdi.

- O‘zimizni Forish tuman prokuraturasiga berdim, "shunaqa-shunaqa bo‘lyapti, chora ko‘rib beringizlar" dedim. Bu audioni va yana bundan oldingi audiolarni berdim ularga. Chunki, hokim muovini doim kamsitib kelgan-da. Kamsitishini oldindan bilib telefonda yozib olganman. Prokuraturadagilar "ko‘rib chiqamiz", deb hech qanday chora ko‘rmadi. Qaytanga 14 oktabrda meni ishdan bo‘shatishdi, - deydi Obilqosimov.

Forish tumani hokimining iqtisodiyot va ​tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Hakim To‘ychiyev 31 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda bank bo‘limi rahbarini so‘kkanini tan olib, kechirim so‘radi.

Meni ovozim, tan olaman. Ha, uch-to‘rt marta takrorlanganidan keyin shunga majbur bo‘ldim, jahlim chiqqanidan so‘kkanman, tan olaman. Jahl kelsa aql ketadi, deyishadiku.

- Mening ovozim, tan olaman. Ha, uch-to‘rt marta takrorlanganidan keyin shunga majbur bo‘ldim, jahlim chiqqanidan so‘kkanman, tan olaman. Jahl kelsa aql ketadi, deyishadiku. U vazifasini qilmasa boshqa nima deyishim kerak? Uni shaxs sifatida so‘kkanim uchun kechirim so‘rayman, lekin bank xodimi sifatidagi ishi uchun hech qachon kechirim so‘ramayman. Chunki men uni o‘z vazifasiga loyiq deb bilmayman men shu kompleksni rahbari sifatida, - dedi To‘ychiyev.

Hokim birinchi muovini bank bo‘limi rahbariga 20ta odamni paxtaga chiqarish haqida topshiriq bergani, ammo u bajarmay, majlisga kelmay, uxlab qoldim, deb aytishi uning jahlini chiqarganini aytdi.

- Topshiriq bunday bo‘lgan. 20 ta odam, kam ta’minlangan, kam daromadli odamni 20 tasini paxtaga chiqarib o‘shani daromadli qildirish. Unga shunday topshiriq berilgan. U shu topshiriqni bajarmagan. Yig‘ilishlarga mensimay qaragan, takror va takror bo‘laverganidan so‘ng shunga majbur bo‘ldim, - dedi Jizzax viloyati Forish tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Hakim To‘ychiyev

"Xalq banki"ning tuman bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan Bobur Obilqosimov odamlarni paxtaga chiqarish uning vazifasiga kirmaganini aytadi.

- Men mahallada ishlaymanmi odamlarni paxtaga chiqarish uchun, men bank bo‘limi rahbari bo‘lgan bo‘lsam. 20 ta odam paxtaga chiqar, deyapti, u yoqda bank ishlarimiz qolib ketyapti. Hokim birinchi muovini shu kompleksning rahbari sifatida ishimizga aralashadi, lekin vazifamizga kirmaydigan topshiriqlarni bermasin-da, - dedi Bobur Obilqosimov.

"Xalq banki" Forish tuman bo‘limiga bir yil rahbarlik qilgan. Uning aytishicha, shu yilning 14 oktabr kuni u "Xalq banki"ning viloyat bo‘limi rahbariyati tomonidan omonat yoki aholidan pul jamg‘arish rejasini bajarmaganlik vaji bilan lavozimidan bo‘shatilgan.

Obilqosimov hozir ishsiz.

- Hokimlar bank xodimini haqoratlab, kechirim bilan qutilib qolaveradimi? Qani adolat? Men uch farzandim bilan ishsiz qolib ketaveramanmi?!, Omonatni bajarmading, deb bo‘shatishdi meni, lekin viloyat bo‘yicha hech kim bu rejani bajarmagandi, - dedi 35 yoshli Obilqosimov.

Ozodlik Forish tumani hokimining birinchi muovini bank bo‘limi boshlig‘i Obilqosimovni haqoratlagani va keyinchalik u lavozimidan olingani yuzasidan "Xalq banki" matbuot xizmatidan izoh ololmadi.

Tuman yoki viloyat hokimlari va ularning o‘rinbosarlari shu hududlardagi bank rahbarlariga hukmini o‘tkazishga haqqi bormi, degan savol ham ochiq qolmoqda.

O‘zbekistonda mansabdor shaxslarning qo‘li ostidagilarni haqoratlashi uchrab turadi.

Shu yil iyunida Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning ovozi deb iddao qilinayotgan audioyozuv Ozodlikka sizdirilgan edi.​

Unda ovoz egasi viloyat Majburiy ijro byurosi va Soliq idorasi boshliqlariga ularning “ichagini sug‘urib, boshiga salla qilish”, bilan tahdid qiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 15 noyabr kuni o‘tkazilgan hukumat majlisida amaldorlarning mushtumzo‘rligi va so‘kong‘ichligi davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanishini aytgan edi.​