Termiz sport maktabida o‘quvchilarni kaltaklagan murabbiy ishdan bo‘shatildi (VIDEO)

Murabbiyning ikki o‘quvchini sinfxonada urgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida 13 noyabr kuni tarqalgan edi.

Surxondaryo viloyat markazi Termiz shahridagi Ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internatining sambo bo‘yicha murabbiysi o‘quvchilarni urgani uchun 14 noyabrda ishdan bo‘shatildi.

Bu ma’lumotni Ozodlik maktab-internat direktori muovinidan oldi.

Murabbiy ikki o‘quvchini sinfxonada urgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bir kun oldin tarqalgan edi.

Videoda murabbiy o‘quvchilarni haqoratli so‘zlar bilan so‘kib, ularni bo'yni va yuziga bir necha bor urgani va qattiq tergab¸ koyigani aks etgan.

"U yerda q.....q bormi, nega dars qoldirding¸ bu ketishda haydalasanku"¸- deydi murabbiy bolalarning bo‘yni va yuziga tarsillatib urar ekan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Термиз спорт мактабида ўқувчиларни калтаклаган мураббий ишдан бўшатилди

Termiz shahridagi Ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internati direktori muovini Murod Razzoqov murabbiy 14 noyabr kuni bo‘shatilganini Ozodlikka aytdi:

Trener sal qiziqqonlik qilib qo‘ygan. O‘zi yaxshi trener, sambo bo‘yicha oltita O‘zbekiston chempioni chiqargan, ikkita jahon chempioni chiqargan. Urmasligi kerak edi. Hammaga o‘rnak bo‘lsin, deb bo‘shatdik.

- O‘rganib chiqdik. Bu sentabr oyida bo‘lgan ekan. Video kecha chiqqan bo‘lsa bugun murabbiy ishdan bo‘shatildi. O‘zi ham ko‘rdi videoni. Bolalarda ham ayb bo‘lgan, uch kun darsga kelmagan. Trener sal qiziqqonlik qilib qo‘ygan. O‘zi yaxshi trener, sambo bo‘yicha oltita O‘zbekiston chempioni chiqargan, ikkita jahon chempioni chiqargan. Urmasligi kerak edi. Hammaga o‘rnak bo‘lsin, deb bo‘shatdik. Har qanday xolatda bolalarni urishga hech kimning haqqi yo‘q.

Maktab-internat o‘qituvchilaridan birining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ o‘quvchilar muntazam dars qoldirgani murabbiyning sabr kosasini to‘ldirgan:

- O‘zi juda yaxshi trener. Hozir mana shu video deb eng yaxshi trenerimizdan ayrilyapmiz. Bolalar ataylab jahlini chiqargan¸ boshqa sheriklari paytdan foydalanib videoga olib, internetga chiqarib yuborishyapti. To‘g‘ri, urmaslik kerak, lekin shu trenerning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring, qolaversa bu sport maktabi ekanini unutmaslik kerak.

Ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internati o‘quvchilaridan birining Ozodlikka da’vo qilishicha, videosi chiqib ketgan murabbiy bundan oldin ham tarbiyalanuvchilarni kaltaklab kelgan.

- Qattiqqo‘l juda, bunaqa kaltaklashlar doim bo‘lgan va faqat u trener emas, boshqa trenerlar ham uradi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘quvchi.

Ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internati direktori muovini Murod Razzoqov janjalli videosi ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketgan murabbiyga bundan oldin hayfsan berilganini ham aytdi:

- Shikoyatlar ko‘p bo‘ldi, oldin hayfsan berilgan edi, bu safar ishdan bo‘shatildi..

O‘quvchilarni kaltaklagani iddao qilinayotgan o‘qituvchining o‘zi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonning maktab va kollejlari hamda bolalar bog‘chalarida o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarni o‘qituvchilar kaltaklagani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

O‘tgan yili sentabr oyida Xorazm viloyat, Bog‘ot tumanidagi Olimpiada milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 36 yashar murabbiysi shu maktabning 5- sinf o‘quvchisini dars paytida kaltaklagan.

O‘zbekiston dzyudo darsida urilgan va komaga tushgan bola

Bolaning yaqinlari Ozodlikka 5 sinf o‘quvchisi kaltaklangani ortidan 3 oy koma xolatida yotganini aytishgandi.

Shu yil may oyida esa Ozodlik o‘qituvchi ayol dars payti o‘quvchilarni doska oldida qatorasiga terib, yuziga tarsaki tushirayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan edi.

Shu yilning fevral oyida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi maktablarda zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan loyiha amalga tatbiq qilish boshlanganini bildirgan edi.

Vazirlik rasmiy saytida aytilishicha, “Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi”, deb nomlangan loyihada asosiy e’tibor o‘quv dargohida ijobiy psixologik muhitni shakllantirish, xususan, o‘quvchilar o‘rtasida bullingning oldini olishga qaratilishi, shu bilan birga, loyihaning "o‘qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarining oldini olishda yordam berishi" aytilgan.