O‘qituvchi dars payti futbol o‘ynagan o‘quvchilarni urdi, mahalla muallimning yonini oldi (VIDEO)

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Videoni olgan o‘quvchi qizning Ozodlikka aytishicha, voqea 25 noyabr kuni Farg‘ona shahridagi 3-maktabning 11-sinfida sodir bo‘lgan, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi o‘quvchilarni kelmagani uchun kaltaklagan.

"Siz aytayotgan o‘qituvchi ham juda tarbiyali, yaxshi bola. Ozgina tarbiyaga chaqirgan bo‘lsa kerak, maktab nima uchun maktab, yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun, mukammal inson qilib yetkazish uchun ochilgan joyku?!"

Bu gapni Farg‘ona shahrining "Sohibqiron" mahallasi fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Shamsixon Mirahmedova mahalla hududidagi 3- o‘rta maktabda sodir bo‘lgan voqea yuzasidan fikr bildirayotib aytdi.

Ozodlikka voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan o‘quvchi tomonidan 26 noyabr kuni yuborilgan videotasvirda o‘qituvchi dars paytida o‘quvchini sinfdoshlari oldida urayotgani aks etgan.

Mahalla vakili maktabda bo‘lgan voqeani maktab hududida turib sharhlayotgan bir paytda maktab direktori bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Bir daqiqalik videoyozuvda sinf xonasida o‘quvchilar o‘tirgani, o‘qituvchi o‘quvchini turg‘izib boshiga shapaloq tushirayotgani ko‘rinadi.

"Ikki haftani gapiryapman, o‘tgan hafta va undan oldingisi", der ekan muallim o‘quvchini boshiga tarsaki tushiradi.

Ozodlik Farg‘ona shahridagi 3-son maktab direktoriga kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Videoni olgan o‘quvchi qizning Ozodlikka aytishicha, voqea 25 noyabr kuni Farg‘ona shahridagi 3-maktabning 11-sinfida sodir bo‘lgan, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi uning sinfdoshlarini darsga kelmagani uchun kaltaklagan.

- Kecha uchinchi soat Fizika darsi edi. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchimiz darsni bo‘lib kirib, bolalarni turg‘izib ura boshladi, darsga kelmagani uchun. Doim uradi, shuning uchun videoga olib, sizlarga jo‘natdim. O‘zi ham ko‘pincha dars o‘tmaydi, maktabga kelmaydi, biz ham uni urishimiz kerakmi?, - deydi jazolanishi xavfi bois ismi ochiqlanmasligini istagan o‘quvchi.

Ozodlik muxbiri videoda kaltak yegan bolani topib, uning o‘zi bilan bo‘lgan voqea haqida gaplashdi:

Darsiga kirmaganim uchun urdi. Darsi qiziqarsiz bizga.

- Kechagi holatda darsiga kirmaganim uchun urdi. Darsi qiziqarsiz bizga. Shanba kuni darsi bo‘layotgan paytda maktabda uch sinfdoshim bilan futbol o‘ynadik, o‘shanda razdevalka tomonda uchalamizni urdi. Urganiga jahl qilib uyga ketvorsam, shu holatni eslab kecha yana urdi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘quvchi.

​3-son maktab o‘qituvchilaridan birining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ o‘quvchilar muntazam dars qoldirgani muallimning sabr kosasini to‘ldirgan bo‘lishi mumkin:

- Tartibga chaqirish uchun qilgan bo‘lsa kerak-da. Lekin, yomon o‘qituvchi emas. O‘quvchilarni urgani haqda shu paytgacha shikoyat bo‘lmagan, - dedi maktab rahbarlaridan biri.

Maktabni 11- sinfi o‘quvchilaridan birining Ozodlikka da’vo qilishicha, videosi chiqib ketgan murabbiy bundan oldin ham ularni kaltaklab kelgan, lekin ular maktab rahbariyatiga shikoyat qilmaganlar:

- Faqat shu o‘qituvchi uradi va doim uradi. Yil boshida hammamizni yig‘ib, oralaringda chaqimchi-hezalaklar bo‘lsa aytinglar, urmayman. Agar o‘zlaringizni erkakman desalaring urganimda chaqib bermaysizlar, deb aytgandi. Sinfimizda faqat bitta bolani urmaydi, dadasi katta joyda ishlasa kerak, qolgan hammani uradi va faqat shu o‘qituvchi uradi. Kechagi holatda uraverganidan keyin qizlar videoga olib, tarqativorishibdi, biz hech kimga shikoyat qilmaganmiz.

Ozodlik o‘quvchilarni kaltaklagani iddao qilinayotgan o‘qituvchining uyali telefoniga bog‘landi.

Suhbat boshida shaxsini tasdiqlagan erkak Ozodlik savolini eshitgach boshqa joyga qo‘ng‘iroq qildingiz, deb telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Keyin unga qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ozodlik Farg‘ona shahridagi 3-son maktab direktoriga kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Maktab binosida tashkil etilgan saylov uchastkasida o‘tirgan Farg‘ona shahrining "Sohibqiron" mahallasi fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Shamsixon Mirahmedova o‘quvchilar olgan videoni maktab rahbariyati muhokama qilayotganini aytdi.

Mirahmedova o‘z mahallasida joylashgan 3-son maktabi Farg‘onadagi eng namunali maktablardan ekanini qo‘shimcha qildi:

Siz aytayotgan o‘qituvchi ham juda tarbiyali, yaxshi bola. Ozgina tarbiyaga chaqirgan bo‘lsa kerak, maktab nima uchun maktab, yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun, mukammal inson qilib yetkazish uchun ochilgan joyku?!

- Hozir tepada shu masala muhokama bo‘lyapti, aftidan. Maktab haqida gapirsam,hamma bolasini shu maktabga bergisi keladi, tartib-intizom kuchli bu yerda. U maktab haqida yomon gap eshitmaganman. Siz aytayotgan o‘qituvchi ham juda tarbiyali, yaxshi bola. Ozgina tarbiyaga chaqirgan bo‘lsa kerak, maktab nima uchun maktab, yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun, mukammal inson qilib yetkazish uchun ochilgan joyku?!

O‘zbekistonning maktab va kollejlari hamda bolalar bog‘chalarida o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarni o‘qituvchilar kaltaklagani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

Surxondaryo viloyat markazi Termiz shahridagi Ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internatining sambo bo‘yicha murabbiysi o‘quvchilarni urgani uchun 14 noyabrda ishdan bo‘shatilgani haqda Ozodlik xabar bergan.

Shu yil may oyida esa Ozodlik o‘qituvchi ayol dars payti o‘quvchilarni doska oldida qatorasiga terib, yuziga tarsaki tushirayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan edi.​

Shu yilning fevral oyida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi maktablarda zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan loyiha amalga tatbiq qilish boshlanganini bildirgan edi.

Vazirlik rasmiy saytida aytilishicha, “Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi”, deb nomlangan loyihada asosiy e’tibor o‘quv dargohida ijobiy psixologik muhitni shakllantirish, xususan, o‘quvchilar o‘rtasida bullingning oldini olishga qaratilishi, shu bilan birga, loyihaning "o‘qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarining oldini olishda yordam berishi" aytilgan.