27 noyabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi ruhiy kasalliklar dispanseriga yotqizilgan bloger Nafosat Olloshukurovani ozod qilish haqidagi uning advokati so‘rovini rad etdi va uni shifoxonada noma’lum muddatga qoldirish haqida hukm chiqardi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shabnam Olloshukurova nomi bilan tanilgan bloger Nafosat Olloshukurovani himoya qilayotgan "Simay" advokatlik byurosi yuristi Umid Davlatovning Ozodlikka aytishicha, uning mijozi ishini Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi Xorazm viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida o‘tkazilgan sayyor mahkamada ko‘rgan:
- Sud dispanserning uchta shifokori ishtirokida 27 noyabr kuni o‘tkazilgan qayta komissiya xulosasiga tayanib Nafosatni shifoxonada qoldirish kerak, deb hukm chiqardi. Shu komissiya xulosasida hozircha Nafosat Olloshukurova davolanishi kerakligi ta’kidlangan.
Mahkamada Nafosat Olloshukurovaning o‘zi ham qatnashgan.
Umid Davlatovga ko‘ra, Olloshukurova mahkamaning qaroridan norozi bo‘lgan va bu yuzadan Oliy sudga shikoyat qilajagini aytgan:
- Nafosatning ko‘rinishi yaxshi edi. U hamma savollarga javob berdi. Sudning qaroridan norozi ekanini aytdi, Oliy sudga shikoyat qilaman, dedi. Endigi qadam Oliy sud bo‘ladi.
32 yoshli Olloshukurova xorazmlik shoir va jurnalist Mahmud Rajabning “Toshkentga yurishini” yoritgani ortidan 10 kunga qamalgan va oradan 3 kun o‘tib, Urganch tumanida joylashgan Xorazm viloyat asab-ruhiy kasalliklar dispanseriga yotqizilgan edi.
"Simay" advokatlik byurosi yuristi Umid Davlatovning Ozodlikka aytishcha, 28 noyabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudining Xorazm viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida o‘tkazgan sayyor mahkamasiga Nafosat Olloshukurovaning onasi Xoljon Davletova ham Toshkentdan yetib kelgan:
- Bugun Olloshukurova ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganidan buyon ilk bor onasi bilan uchrashdi. Shu paytgacha onasi Toshkentda Nafosatning egizaklariga qarayotgandi.
Mustaqil jurnalist va blogerning ruhiy muolajaga majburlanishi qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan qoralanmoqda.
Qarorgohi Vashingtonda joylashgan Xyuman Rayt Votch kabi o‘nlab nufuzli tashkiotlardan tarkib topgan «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi 20 oktabr kuni Nafosat Olloshukurovadan taqdiridan tashvish bildirilgan bayonot tarqatgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (JHQQ) O‘zbekiston ma’murlarini ruhiy kasalliklar dispanseriga yotqizilgan blogerni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan edi.