Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi jarroxi Odiljon Qo‘ldoshev bemor qarindoshining hujum qilgani oqibatida o‘ng ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan.
Bu haqda shifokorning hamkasblari Ozodlikka ma’lum qildi.
O‘z navbatida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Uchqo‘rg‘onda shifokorga bemor qarindoshi hujum qilgani xolati atroflicha o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.
Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, voqea 2 yanvar kechasi sodir bo‘lgan.
- O‘sha kuni kasalxonaga olib kelingan bemor bolaning tog‘asi janjal ko‘tardi. Odiljon uni tinchlantirmoqchi bo‘ldi va tashqariga kuzatib qo‘ydi. U odam keyin eshikni sindirib kirib, Odiljonni yuziga musht tushirdi, yopiq kalla bosh miya jarohati yetkazdi. O‘ng ko‘zi olmasi yorilib ketdi, - dedi ismi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan shifokor.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Uchqo‘rg‘onda shifokorga bemor qarindoshi hujum qilgani xolati atroflicha o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.
Vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning xabar berishicha, 2020 yil 2 yanvar kuni 18.30larda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi bolalar bo‘limiga ambulator murojaat qilgan bemorga zudlik bilan vaqtida yordam ko‘rsatilgan.
"Bemor qarindoshi hujumiga uchragan shifokorga tajribali mediklar tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Biroq, jabrlanuvchi shifokorning ko‘zi qayta tiklanmaydigan darajada ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan", - deyiladi matbuot xizmati bildiruvida.
Namangan prokuraturasi mazkur xolat yuzasidan O‘zbekiston jinoyat kodeksining qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish moddasi bo‘yicha ish ochib, tergov olib borayotganini ma’lum qildi. Shifokorga hujum qilgani gumon qilinayotgan 30 yoshli erkak hibsga olingan.
Keyingi paytlarda bemorlar yaqinlari tomonidan shifokorlarning kaltaklanishi yoki ularning joniga qasd qilish hollari ko‘p kuzatilmoqda.
Jumladan, o‘tgan yilning sentabr oyida Andijon viloyatining Asaka tumanida “Sharq haqiqati” tez tibbiy yordam shaxobchasiga olib borilgan bemor yaqinlari feldsherni kaltakladi.
O‘tgan yilning 21 avgustida esa Ozodlik Andijonda bemorning o‘g‘li vrachlar xonasiga o‘t qo‘yishga uringanini xabar qilgan edi.
2019 yilning 7 avgust kuni esa Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani kasalxonasida terapevt vrach bemor qarindoshlarining hujumiga uchragandi.
O‘tgan yili 10 iyul kuni Sirdaryoda bolalar kasalxonasida vafot etgan 4 yoshli bolaning otasi 2 shifokorni pichoqlagan, ular og‘ir jarohatlardan omon qolgandi.
“Afsuski, bemorning yaqinlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz va tahdid qilinishi bilan bog‘liq holatlar kundan kunga ko‘payish bilan birga, ularning zo‘ravonliklari shifokorlar sog‘lig‘ining qayta tiklab bo‘lmas darajasigacha ham yetishiga sabab bo‘lmoqda", - deyiladi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2018 yil davomida O‘zbekistonda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan 300ga yaqin tibbiyot xodimi kaltaklangan.