Taniqli o‘zbek kino va teatr aktyori Seydulla Moldaxonov Ozodlik bilan suhbatda o‘zi ijod qilayotgan "Ilhom" teatrining ko‘chirilishi milliy fojia bo‘lishini aytdi.
45 yildan buyon Toshkentdagi “Shodlik” mehmonxonasi yerto‘lasida tomosha qo‘yib kelgan "Ilhom" teatri 7 fevral kuni mehmonxonaning yangi egasi "OFELOS PLAZA" MJChdan binoni bo‘shatib qo‘yish haqida rasmiy maktub olgan.
Ozodlik "Ilhom" teatri joylashgan bino atrofidagi mojaro xususida shu teatr aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Seydulla Moldaxonov bilan suhbatlashdi.
Ozodlik: “Shodlik” mehmonxonasi yerto‘lasi teatr jamoasi uchun nega muhim? Teatr boshqa binoga ko‘chib faoliyatini davom ettiravermaydimi?
Seydulla Moldaxonov: "Sahnamiz 45 yildan buyon shu yerto‘lada. Uning ko‘chirilishi milliy fojia bo‘ladi. Agar bizning o‘zimizga alohida imorat berilsa ham¸ xarajatlarni ko‘tarolmaymiz. Chunki, biz davlat teatri emasmiz. Teatr tashkil topganidan buyon davlatdan pul olmagan. Hozir ham davlatdan hech qanday yordam ham olmaymiz. Yangi binoga ko‘chadigan bo‘lsak¸ kommunal to‘lovlarni to‘lashga qurbimiz yetmaydi. Shu yerto‘la bizga ma’qul. Bizga boshqa alohida binoning keragi yo‘q.
Ozodlik: Qanday qilib bu erto‘la "Ilhom" teatriga berilgan?
Seydulla Moldaxonov: 45 yil avval bu podvalda restoran uchun kartoshka saqlangan. Kartoshka ombori bo‘lgan. Biz u yerni tozalab, teatrga aylantirganmiz. 45 yilda odamlar bu joyga o‘rgandi. Bu yerto‘la muqaddas joyga aylandi. Endi mehmonxonaning yangi egalari uni yana kartoshka omboriga aylantirishadimi? Teatr devorining o‘zi Toshkent uchun katta boylik. U yerga buyuk italyan kinochisi Antonionidan tortib o‘zimizning Ali Hamroyevgacha dastxat yozib qoldirishgan. Teatr daholari Piter Bruk, Galina Volcheklarning dasxatlari turibdi u yerda.
Ozodlik: “Shodlik” mehmonxonasi yangi sohibi sizlardan aprel oyi oxirigacha yerto‘lani bo‘shatib qo‘yishni so‘ragan. Balki mehmonxona yangi egasining o‘z biznes rejalari ham bordir. Axir mulk egasi endi ularku!.
Seydulla Moldaxonov: Biz buni tushunamiz. Lekin boshqa tomondan¸ mana bu yil 44-sezon shu yerto‘lada ishlayapmiz. Lekin teatr hech qachon bu yerto‘laning egasi bo‘lmagan. Har doim bino egalari bilan murosa qilganmiz. Bu podval "Yoshlar uyi" tasarrufida ham bo‘lgan, restoranniki ham bo‘lgan, hozir "Shodlik"niki, har doim murosa qilganmiz. Hozir biz butun dunyoga tanilgan bir paytda¸ kechirasizu¸ bizni BOMJga aylantirishadimi? Nimaga kerak bo‘lib qoldi bu podval ularga, yana kartoshka saqlash uchunmi?
Ozodlik: Har xolda sayyohlar uchun bo‘lsa kerak?
Seydulla Moldaxonov: Men sizga bir narsani aytay. Qoraqalpog‘istonda bir odamni uchratib qoldim. Amerikalik, O‘zbekistonga ikki kunga kelgan ekan. Yonida tarjimoni ham bor. Tarjimonining aytishicha, u yettinchi yoki sakkizinchi mijoz ekan. Ular Amerikadan maxsus tur bilan kelishar ekan. Bir kun Toshkentda "Ilhom" teatrida, keyingi kuni Nukusda "Savitskiy" muzeyida bo‘lib, qaytib ketishar ekan. Turizm haqida gapiradigan bo‘lsak, "Ilhom" teatridagi bitta spektalni ko‘rish uchun Toshkentga kelib ketadiganlar bor. Teatr bu obida. Har kuni 150-200 odam shu obidaga kelib, xursand bo‘lib ketadi. Menimcha¸ milliy obidani ko‘chirish noto‘g‘ri. 45 yildan buyon turgan sobiq sovet hududidagi yagona shunday teatr.
Ma’lumot uchun: "Ilhom" teatri joylashgan bino 1976 yilda uning asoschisi Mark Vaylga berilgan. 1994 yilda bo‘lib o‘tgan xususiylashtirishdan so‘ng teatr ushbu binodan beg‘araz asosda foydalanib kelgan. Ushbu binoda joylashgan "Shodlik" mehmonxonasi bilan teatrning ijara shartnomasi muddati 2023 yilgacha bo‘lgan.