"Mirza Yusuf" masjidi imomi namozxonni “bemazhab”, ”vahobiy” deb izza qilgan hamkasbini himoya qilib chiqdi 

45 yoshli Rahmatulloh Sayfuddinov o‘tmishda erkak akusher-ginekolog vrachlarini taqiqlash hamda turk seriallariga qarshi chiqishlari bilan tanilgan. 

Toshkentdagi "Mirza Yusuf" masjidi imomi Rahmatulloh Sayfuddinov namozxonni “bemazhab”, ”vahobiy” deb izza qilgan imomni himoya qilib chiqdi.

26 fevral kuni Ozodlik Toshkentdagi "Imom at-Termiziy" masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov namozxonlardan birini barchaning oldida "vahobiylar namoyandasi" deya izza qilgani haqda xabar bergan edi.

27 fevral kuni O‘zbekiston Musulmonlar idorasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu maqolaga tirkalgan audio va videoyozuvga munosabat bildirgan bo‘lsa¸ Rahmatulloh Sayfuddinov Facebook sahifasida o‘z hamkasbi himoyasiga ma’ruza qildi.

Imom imomni himoya qilib chiqdi...

Toshkentning Yunusobod tumanidagi "Mirza Yusuf" masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov 27 fevral kuni Facebookdagi videomurojaatida "Imom at-Termiziy" masjididagi tortishuv uchun xorijdan qaytgan vatandoshlarini aybladi, janjalni o‘z kasbdoshini obro‘sizlantirishga urinish, deb atadi.​

"Ahli ilmlarni, ulamolarni obro‘sizlantirish¸ ularning haqlariga, sha’nlariga odobsizlik qilishlik va hokazo ishlarni bugungi kunda ular ajoyib tarzda olib bormoqdalar, afsuslar bo‘lsin. Asosan¸ xorijdan kelib mahalliy imomlarni, ahli ilmlarni obro‘siz qilishga urinish qilayaptilar. Bularning yo‘lida xizmat qilib berayotgan radiostansiyalar, Internet sahifalari, jamlanmalar, bir qancha , rosa harakat qilishayapti. Ozodlik deysizmi. Shunga o‘xshash masalan".

24 fevral kuni "Imom at-Termiziy" masjididagi peshin namozi paytida yuzaga chiqqan tortishuvga munosabat bildirgan Rahmatulloh Sayfuddinov uni "imomlarga hurmatsizlik" deb baholadi, tortishuvni videoga olib-tarqatganlarning musulmonligiga shubha bildirdi.

"Bizning xalqimiz doimo imomlarni ulug‘lab hurmatlab kelgan xalq. Imomlarni mehrobga chiqargan va boshlariga chiqargan xalq. Axir biz imomlarga namozlarimizni, oxirat ishimizni topshirib qo‘yib, unga iqtido qilganmiz. Qanday qilib jur’atimiz yetadigan bo‘lib qoldiki, imomning yuziga hammaning oldida baland ovozda domlaga behurmatlik qilish. Meni ajablantirgan boshqa tomoni ham bor. Shu hodisani yoshlar darrov , biri-birlariga jim-jim deyishib videoga olishyaptida¸ Internetga tarqatishayapti. Musulmon odam shunday qiladimi? Musulmon odam shunday holatda darrov borib, tomonlarni bosti-bosti qiladi".

45 yashar Rahmatulloh Sayfuddinov o‘tmishda O‘zbekistonda erkak akusher-ginekolog vrachlarni taqiqlash¸ shuningdek turk seriallariga qarshi chiqishlari bilan tanilgan.

Imomning 2017 yil 31 mart kuni juma va’zida erkaklar doyalik qilishi "sharmandalik" va bunga chek qo‘yish kerak, degan chaqirig‘i ijtimoiy tarmoqda va turli saytlarda ziddiyatli fikrlarga sabab bo‘lgandi.​

2018 yil mart oyida esa imom turk seriallarining millat genofondiga yomon ta’siri haqida gapirar ekan "turk aktyorlariga oshiq o‘zbek onalaridan havo rang (gey) bolalar" tug‘iladi"​, deb aytgan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Имом ат-Термизий масжидида пешин намози пайти олинган видео

Din ishlari qo‘mitasi ham bayonot berdi

O‘zbekiston Musulmonlar idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, "Imom at-Termiziy" masjididagi voqea 26 fevral kuni idorada barcha imomlar ishtirokida muhokama qilingan.

Bu muhokamalarga asos bo‘lgan ma’ruza muallifi Ishoqjon Begmatovning o‘zi hozircha bu tortishuvga izoh bermadi.

Chorshanba kungi muhokamalar ortidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ham 27 fevral kuni Ozodlik xabari yuzasidan ​maxsus bayonot e’lon qildi.

Ikkalasi ham ayni bo‘lgan bu bayonotlarda¸ ijtimoiy tarmoqlarda "turlicha talqin qilinayotgani" aytilgan Ishoqjon Begmatov gaplariga tushuntirish berilgan¸ uning namozxonga qilgan dakkisi olqishlangan.

"Imom-domlaning maqsadi ham – bir masjidda, bir safda turib namoz o‘qiyotganlar orqasida tafriqa kelib chiqmasligini oldini olish bo‘lib, jamoatni bizning diyorimizda mavjud bo‘lgan an'anaviy hanafiy mazhabiga ergashishga chaqirmoqda va aholini birlikka chorlamoqda, bu tahsinga loyiq", - deyiladi bayonotda.

Ayni paytda diniy idoralar o‘z bayonotida "Imom at-Termiziy" masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatovning masjidga kameralar o‘rnatilgani va har bir namozxonning qanday namoz o‘qishi kuzatib borilishi (xavfsizlik xizmatlari tomonidan - tahr.) haqidagi ogohlantiruvini rad etdi.

"Imom-domlaning go‘yoki masjidlarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralari namozxonlarni nazorat qilib turgani haqidagi gaplari esa mutlaqo asossiz hisoblanadi. Kuzatuv kameralari ham, aynan, namozxonlar va masjidlar xavfsizligini ta’minlash uchun o‘rnatilgan", - deyiladi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi saytida 27 fevral kuni e’lon qilingan bayonotda.

O‘zbekiston prezidenti 2019 yil 4 sentabr kuni imzolagan maxfiy qarorga muvofiq¸ Din ishlari qo‘mitasi rahbari Davlat xavfsizlik xizmati (sobiq MXX) raisi o‘rinbosariga tenglashtirildi.