Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida bir oilaning bolalarini chirqiratib uyini buzayotgani videosi 28 fevral kuni ijtimoiy tarmoqda tarqaldi.
Videoda oilaboshi qarindoshlari bilan uyini buzishga kelgan mas’ullarga qarshilik qilayotgani ko‘rinadi.
Hokimlik rasmiylari uy noqonuniy qurilganini aytadi, oilaboshi esa bunga isbot talab qiladi.
Mas’ullar oila noroziligiga qaramasdan uyni buzishni boshlar ekan, bolalarning chirqiragan ovozi eshitiladi.
Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyati bo‘limi ijtimoiy tarmoqlarda 28 fevral kuni tarqalgan mazkur video yuzasidan izoh berdi.
Boshqarmaning ma’lum qilishicha, voqea Oqdaryo tumani, Loyish shaharchasida 26 fevral kuni bo‘lgan.
Payariq tumanlararo sudining 2019 yilining 24 oktabrdagi qaroriga ko‘ra, Loyish shaharchasi, Yangiobod ko‘chasidagi uy noqonuniy qurilma deb topilib, buzilishga tushgan.
MIB bayonotida aytilishicha, "o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy"da yashab kelgan oila uyni o‘z hisobidan buzishi va yer maydonini avvalgi holatiga qaytarishi haqida yanvar oyida ogohlantirilgan.
Uy buzilmagach 26 fevral kuni, tuman hokimligi, tuman IIB, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi, tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlari majburiy ijro harakatlarini amalga oshirishga kirishganlar, uyda yashovchi oila a’zolari va yaqin qarindoshlari ularga to‘sqinlik qilganlar.
MIB Samarqand viloyati boshqarmasi rasmiylarining qayd etishicha, ijro harakatlari davomida xodimlar o‘z vakolatlari doirasida harakat qilib, javobgar hamda uning qarindoshlariga biror-bir tan jarohatlari yetkazish yoki boshqa noqonuniy holatlar sodir etmaganlar.
Ozodlik uyi buzilishga tushgan oila vakillari bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘lmadi.
Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov odamlarni yashash joylari to‘la ta’minlanmagan xolda ko‘chirilishi noto‘g‘ri ekanini aytadi.
- Ijtimoiy tarmoqlarda ayanchli videolarni ko‘ryapmiz, bolalar chirqirayotganiyu boshqa. Bunaqangi qonunlarni to‘g‘irlash jarayonlarini O‘zbekiston hukumati shoshilmasdan qilishi kerak. Shuncha yillardan beri noqonuniy qurilmalarga yo‘l qo‘yib kelingan bo‘lsa yana uzoqroq muddatda buni tinchlik bilan bartaraf qilish kerak, amnistiyalar qo‘llash kerak, deb hisoblayman, - deydi Tashanov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekistonda uylar buzilishi bilan bog‘liq noroziliklar bundan oldin ham bo‘lgan.