Tutqunlikning bir yili. Navalniy va navalniychilar 2021 - yil yanvardan beri nimalarni boshdan kechirishdi?

Bir yil muqaddam – 2021 - yil 17 - yanvar kuni Aleksey Navalniy “Novichok” moddasi bilan zaharlanishi ortidan muolaja va reabilitatsiyani tugatib, Germaniyadan Rossiyaga qaytgan edi. Muxolifatchi pasport nazoratidayoq go‘yo “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sinov muddatini buzgani uchun hibsga olindi – o‘shandan beri u tutqunlikda qolmoqda. Bu orada Navalniy yana bir bor sud qilindi, u tuzgan shtablar va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi ekstremistik tashkilotlar deb topildi, uning safdoshlariga nisbatan jinoyat ishlari ochildi, siyosatchining o‘zini esa sirtdan Saxarov mukofoti bilan taqdirlashdi.

Navalniy qamoqqa olinganidan beri sodir bo‘lgan unga bevosita yoki bilvosita daxldor eng muhim voqealarni quyida sanab o‘tamiz.

17 - yanvar 2021 - yil

Aleksey Navalniy va xotini Yuliya tushgan uchoq aslida Vnukovo aeroportiga qo‘nishi kerak edi, u yerda muxolifatchini bir necha ming tarafdori kutib turishgandi. Biroq layner majburan Sheremetyevoga qo‘ndirilib, Navalniy pasport nazorati chog‘idayoq qo‘lga olindi. Siyosatchini to‘g‘ri Ximki politsiyasiga eltib, o‘sha yerning o‘zida sud qilishdi. Ertasiga Navalniy jamoasi mashhur “Putinning saroyi” surishtiruv-filmini e’lon qildi: Rossiya prezidenti qarorgohidagi ulkan qurilishlar bilan bog‘liq korrupsiyaga bag‘ishlangan mazkur film Youtube’da 120 milliondan ortiq marotaba tomosha qilingan.

23 - yanvar 2021 - yil.

21 - yanvar kuni butun Rossiya bo‘ylab Aleksey Navalniy himoyasiga ommaviy aksiyalar o‘tkazildi. Qo‘lga olish ham ommaviy tus olganiga qaramay, 31 - yanvarda yana minglab odam ko‘chaga chiqdi. Aksiyalardan so‘ng norozilarni ta’qib qilish boshlandi: ular ishidan bo‘shatildi, ayrimlariga jinoyat ishi ochildi. Hibsga olish chog‘ida bir necha kishining qo‘li va qovurg‘alari sindirildi. Peterburgda “omonchi” 54 yoshli Margarita Yudinaning qorniga tepgani aks etgan video ancha rezonans chiqardi. Politsiyaning xatti-harakatlaridan o‘nlab odam arz qilgan bo‘lsa-da, aksariga tergov o‘tkazish rad qilindi.

23 va 31 - yanvar kunlari Moskva shahrining o‘zida 10 mingdan ortiq odam ushlandi. Hibsxonalarda joy yetishmay qolgach, ma’muriy qamoq muddati tayinlanganlarni Saxarovodagi chet elliklarni vaqtincha saqlash joyiga eltishdi. U yerda siyosiy tutqunlar mehnat migrantlarining g‘ayriinsoniy shart-sharoitda saqlanayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Qamoq muddatini o‘tab chiqqach, ulardan ayrimlari Saxarovoda saqlanayotgan migrantlarga ko‘maklashuvchi ko‘ngillilar guruhlarini tuzishdi.

2 - fevralda sud Navalniyni 2 yilu 8 oylik haqiqiy qamoq jazosiga hukm qildi. Ammo muxolifatchi butun fevral davomida yana sudga qatnadi: siyosatchi bu gal Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarga bag‘ishlangan propaganda roligi tagidagi “malay va sotqinlar” haqidagi izohi uchun mahkamaga tortilgan edi. Pirovardida sud unga jarima soldi. Shundan so‘ng Navalniyni Vladimir viloyatidagi 2-sonli koloniyaga yo‘lladilar. Bir necha oydan so‘ng sobiq mahkumlar qamoqda Navalniy noinsoniy azob-uqubatlarga solinayotgani haqida so‘zlab berishdi.

28 - aprel 2021 - yil.

Mart oyi oxirida muxolifatchining sog‘lig‘i yomonlashdi, ammo koloniya ma’muriyati uning yoniga mustaqil shifokorlarni yo‘latishmadi. Navalniy bunga javoban uch haftadan ortiq ochlik saqladi, pirovardida esa qamoq kasalxonasiga yotqizildi. 28 - aprel kuni Peterburgdagi binolardan birining devorida Navalniy surati – graffiti paydo bo‘ldi. U bir necha kun saqlanib turdi xolos. Rassomga qarshi hatto “siyosiy vandalizm”ga doir jinoyat ishi ochilgan edi, lekin bu ish keyinroq bekor qilindi.

29 - aprelda Navalniy ochlik e’lon qilishidan so‘ng videoaloqa orqali sud majlisida ishtirok etib, ilk bor jamoatchilikka ko‘rinish berdi. Koloniyada muxolifatchi 2021 - yil oktabr oyiga qadar “qochishga moyil mahkum” maqomida bo‘lgan (bu maqom mahkumni tez-tez, hatto kechalari ham uyqusidan uyg‘otib, tekshirishni nazarda tutadi). Keyinchalik ushbu maqom bekor qilindi, ammo endi uni terrorizm va ekstremizmga moyil mahkum o‘laroq ro‘yxatga tirkashdi. Boz ustiga, Navalniyni oldingi jinoyat ishini yuritgan sudyani haqorat qilishda va ekstremistik tashkilot tuzishda ayblab, unga qarshi yangi jinoyat ishi ochishdi.

Rossiya hukumati Navalniy shtablari va Korrupsiyaga qarshi kurash fondini ekstremistik hamjamiyatlar deya e’lon qildi. Hukumat bosimiga fuqarolarning tazyiqlari qo‘shildi: Navalniy tuzgan tashkilotlarni, uning xodimlarini haqorat qilish avj oldi. 2021 - yil 9 - iyunda sud shtablarni “ekstremistik” deb topish haqida qaror chiqardi, holbuki shtablar bir necha oy avval Navalniyning safdoshi Leonid Volkov tomonidan rasman tarqatib yuborilgandi.

Lyubov Sobol (suratda) va boshqa navalniychilar ham jinoyat ishlariga tortildi. Bir qancha kishi, FBK yuristi Sobol, siyosatchining akasi Oleg Navalniy, uning matbuot kotibi Kira Yarmish, “Vrachlar alyansi” rahbari Anastasiya Vasilyeva norozilik aksiyalarida ishtirok etish bilan go‘yo pandemiya davrida sanitariya me’yorlarini buzganlikda ayblanib, uy qamog‘iga olindi. Navalniyning ko‘plab safdoshlari, jumladan FBK sobiq direktori Ivan Jdanov va Navalniy shtablari sobiq rahbari Leonid Volkov hozirda xorijda yashashmoqda.

Ketishni xohlamaganlardan biri – Navalniyning Ufadagi shtabi sobiq koordinatori va mintaqada mashhur faol Liliya Chanishevadir. Shtablar tarqatilib, ekstremistik deb topilganidan so‘ng u siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmay qo‘ygan edi. Shunga qaramay Chanisheva 2021 - yil noyabrda hibsga olinib, ekstremistik hamjamiyat tuzganlikda ayblanmoqda. Holbuki u boshqargan shtab Navalniy tuzilmalari ekstremistik deb topilishidan oldin faoliyat yuritgandi.

2021 - yilda Yevropa parlamenti Aleksey Navalniyni Saxarov nomidagi mukofotga loyiq topdi. Uni otasi nomidan qabul qilib olish uchun qizi – 21 yoshli Darya Navalnaya bordi.

“Otamga xat yozib, “Yevroparlamentga men orqali aytar gapiingiz bormi?” deb so‘raganimda u “Ularga aytib qo‘y: hech kim Rossiyani Putin rejimiga tenglashtirmasin”, deya javob berdi”, degandi Darya mukofotni qabul qilish marosimida so‘zlagan nutqida.