Allamjonovga qarshi suiqasd gumondorlaridan biri ushlandi - BP

Komil Allamjonov.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga qarshi uyushtirilgan suiqasd gumondorlaridan biri qo‘lga olindi.

“O‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning bir nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlandi. Tergov harakatlari davom etmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura 2- oktyabr kuni tarqatgan rasmiy xabarda.

Bosh prokuratura 26-oktyabr kuni Qibray tumanida yuz bergan hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi.

“26-oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning
boshqaruvidagi “Range Rover” rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar qurolidan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashirinishgan", deyiladi bayonotda.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (o‘qotar qurol va o‘q-dorilar, portlovchi moddalarning qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura, Harbiy va Transport prokuraturalari, IIV hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbalarimizga ko‘ra, muvaffaqiyatsiz suiqasd urinishi poytaxt va Toshkent viloyatida yirik xavfsizlik amaliyotiga sabab bo‘lgan.

Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar parlament saylovi arafasidagi qotillik urinishini siyosiy suiqasd deb atashgan.

Allamjonovning o‘zi hozirgacha suiqasd hodisasini sharhlagani yo‘q.

27-oktyabr kuni Komil Allamjonov parlament saylovida ovoz bergani aks etgan suratni Telegram-kanaliga joyladi va “O‘z tanlovimni qildim” deya post qoldirdi.

40 yashar Komil Allamjonov shu yilning 30-sentyabrida Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari va Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimidan iste’fo bergan edi.
Uning o‘zi faoliyatini biznesda davom ettirishini aytgan, ammo iste’fosi tafsilotlari hamda keyingi rejalarini ochiqlamagan.
Allamjonovning kutilmagan iste’fosi prezident Mirziyoyev ma’muriyatidagi “ichki kurashlar” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingandi.