Bir qancha aviakompaniyalar Ukraina poytaxtiga parvozlarni bekor qildi. Yakshanba kuni Kiyev NATO a’zolaridan yangi qurol-yarog‘ jo‘natmalarini qabul qildi. Rossiya bir necha kun ichida bostirib kirishi mumkinligi haqida xavotirlar bunga sabab bo‘lmoqda, deya xabar beradi “Associated press”.
Vladimir Zelenskiy va Jo Bayden o‘rtasida bir soatga yaqin muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida Ukraina o‘zidan ancha kuchli bo‘lgan Rossiyaning tajovuzidan “xavfsiz va ishonchli himoya” ostida ekanligi ta’kidlangan. Oq uyga ko‘ra, ikkala tomon ham Rossiyaning harbiy tajovuzi oldini olish uchun tiyib turuvchi choralar va diplomatiyani davom ettirishga kelishib olgan.
Bayden ma’muriyati Rossiyaning yaqin kunlarda Ukrainaga bostirib kirishi uchun ataylab bahona yaratishi mumkinligi haqidagi xavotirlarini ochiq, bot-bot ta’kidlamoqda.
AQSh va Yevropa razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina sharqida seshanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalangan Ukraina harbiy mashg‘ulotlarini nishonga olishga urinib ko‘rishi mumkin. Bu haqida masaladan yaxshi xabardor ikki shaxs anonimlik sharti bilan ma’lum qilgan.
AQSh razvedkasi rasmiylarining fikricha, harbiy mashg‘ulotlarni nishonga olish Rossiyaning yolg‘on bayroq operatsiyasi uyushtirish uchun bir nechta variantlardan biri. Oq uy Vladimir Putin urush boshlash uchun yakuniy qarorga kelganmi yoki yo‘qligi haqida aniq bilmasligini ta’kidladi. Bu haqida “Associated Press” xabar qilgan.
Moskva Ukrainaning shimoli, sharqi va janubida to‘plangan qo‘shinlari harbiy mashg‘ulotlar uchun ekanligini iddao qilmoqda.
Bayden ma’muriyatining hisob-kitobiga ko‘ra, hozirda Ukraina chegarasi yaqinidagi rus qo‘shinlari 130 000 dan oshgan.
Zelenskiy shanba kuni efirga chiqib "Biz xavf mavjudligini yaxshi tushunib turibmiz. Agar sizda yoki kimdadir Rossiya 16 - fevralda bostirib kirishiga 100 foiz aniq bo‘lgan ma’lumot bo‘lsa, iltimos, uni bizga yuboring” deya ta’kidlagan.
Zelenskiy vahima qilmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, fuqarolar va harbiy rahbarlar ham mudofaa uchun shaylanmoqda.
Kecha, Litvadan AQShda ishlab chiqarilgan “Stinger” zenit raketalari va o‘q-dorilarini olib ketayotgan harbiy yuk samolyoti Ukrainaga qo‘ndi. Bu mamlakatning havo hujumidan mudofaasini mustahkamlaydi.
Kiyevda hammayam Rossiyaning Ukrainaga qarshi iqtisodiy, harbiy yoki umuman qandaydir choralar ko‘rishiga ishonmayapti. Poytaxt markaziy ko‘chasida "Men Ukrainani yaxshi ko‘raman" degan yozuvlarni ko‘tarib turgan Alona Buznitskaya ismli ayol xotirjam ekanini aytgan.
“Biz Rossiyaga syurpriz uyushtirishiga, Ukraina yoki butun dunyoga muammo yaratishiga imkon bermaymiz”, deydi AQSh Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan yakshanba kuni CNNga bergan intervyusida
"Biz ko‘rganlarimizni dunyoga iloji boricha shaffof va ochiq tarzda taqdim etamiz", dedi u.
Rossiya raketalarni, havo, dengiz uchun mo‘ljallangan qurollarini va maxsus kuchlarini kerakli pozitsiyalarga joylashtirdi. Shu hafta Rossiya oltita amfibiya hujum kemasini Qora dengizga olib chiqib mashg‘ulotlar o‘tkazgan.
Putin Ukrainaga hujum qilish niyatini rad etib keladi. Rossiya G‘arbdan sobiq ittifoq davlatlarini NATOga kirmasligini, shuningdek, NATOdan o‘z chegarasi yaqinida qurol-yarog‘ joylashtirmaslikni va ittifoq kuchlarini Sharqiy Yevropadan olib chiqishni talab qilmoqda. Moskvaning bu talablari G‘arb tomonidan qat’iyan rad etilgan.
Shanba kuni Bayden va Putin bir soatdan ko‘proq suhbatlashdi, ammo Oq uy bu muloqot Yevropada yaqinlashib kelayotgan urush xavfini kamaytirdi deya olmasligini ta’kidlagan.
Ukraina havo harakati xavfsizligi agentligi “ Ukraerorukh” Qora dengiz usti havo hududini “ehtimoliy xavf zonasi” deb e’lon qildi va 14-19 - fevral oralig‘ida dengiz uzra parvoz qilmaslikni tavsiya qildi.
Putin va Bayden suhbati Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi Sovuq Urushdan keyingi eng yirik keskinlik pallasiga to‘g‘ri keldi. AQSh rasmiylari urush va qon to‘kilishi oldini olish uchun bir necha kun bor deb hisoblamoqda.
Germaniya kantsleri Olaf Shols dushanba kuni Kiyevga uchib, Zelenskiy bilan, seshanba kuni esa Moskvada Putin bilan uchrashadi.
AQSh va NATO Rossiya bilan kurashish uchun Ukrainaga qo‘shinlarini yubormasligini aniq bayon qildi.
Qo‘shma Shtatlar Kievdagi elchixonasidan ko‘plab amerikaliklarni qaytardi va barcha AQSh fuqarolarini Ukrainani zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Britaniya ham boshqa Yevropa davlatlari kabi o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirgan.
Bayden AQShni NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash uchun Polshaga yana qo‘shimcha 3000 harbiy jo‘natishni buyurdi. AQSh armiyasi Germaniyadan 1000 nafar askarni Polsha singari Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan Ruminiyaga yuborilishiga ham boshchilik qilmoqda.