AQSh razvedkasi Rossiyaning soxta bayroq hujumini rejalashtirayotganini ko‘rsatmoqda

AQSh Kremlni Ukrainani harbiy harakatlarga undashi mumkin bo‘lgan va Rossiya urushga bahona sifatida foydalanishi ko‘zlangan uydirma tarqatishda aybladi.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, sxema sahnalashtirilgan portlashlarni ko‘rsatadigan va motam tutganlar, jasadlar va aktyorlar tasvirlangan grafik targ‘ibot videosidan iborat.

AQSh da’volarni tasdiqlash uchun batafsil ma’lumotlar keltirmagan.

So‘nggi kunlarda Ukraina rasmiylari va Yevropa ittifoqchilariga sizdirilgan maxfiy ma’lumotlarda Rossiya hududiga yoki rus tilida so‘zlashuvchi aholiga hujum qilish haqidagi soxta uydirmalar bayon qilingan. Bayden ma’muriyati mazkur razvedka ma’lumotlarini Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyasini, shuningdek, Vladimir Putinning harbiy harakatlar uchun bahona yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarini to‘xtatish taktikasi o‘laroq oshkor qilmoqda.

Oq uy AQSh Razvedka ma’lumotlariga tayangan holda, Rossiya Ukrainaga qarshi ijtimoiy tarmoqlarda dezinformatsiya kampaniyasini boshlagani va Rossiyaning o‘z proksi kuchlariga qarshi qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish uchun portlovchi moddalar bo‘yicha o‘qitilgan tezkor agentlarni yuborganini ma’lum qildi. Britaniya razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada rossiyaparast qo‘g‘irchoq hukumat o‘rnatishga urinmoqda.

“Biz ruslar tomonidan bunday harakatlarni ilgari ham ko‘rganmiz. Biz uchun ayni damda ko‘rganlarimiz muhim va bu haqda xabar beryapmiz”, deya Jon Kirbi so‘zlarini keltirdi “Associated Press”.

Bayden ma’muriyati o‘zining razvedka ma’lumotlari asosidagi dalillarni batafsil bayon etishdan bir necha bor bosh tortgan. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays buni maxfiy manbalar va razvedka ma’lumotlarini yig‘ish usullarini oshkor qilolmasligi bilan izohladi.

U “biz ma’lumotlar to‘g‘riligiga ishonchimiz komil bo‘lgandagina oshkor qilamiz” deb qo‘shimcha qildi.

Ayni damda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilishni taklif qilgan. NATO esa Moskvaning harbiy tahdidlari davom etayotgani, qo‘shni Belarusga so‘nggi 30 yildagidan ko‘ra ko‘proq qo‘shin va harbiy texnika joylashtirilgani haqida ogohlantirmoqda.

Putin bilan yaqin, lekin ba’zan ziddiyatli aloqalarga ega bo‘lgan Erdo‘g‘on, “Turkiya Qora dengizdagi ikki qo‘shni do‘st davlatlar o‘rtasidagi inqirozni tugatish uchun o‘z vazifasini bajarishga tayyor”, deya ta’kidladi.

Erdo‘g‘on Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan taxminan uch soatlik muzokaradan so‘ng, “Men rahbariyat darajasidagi sammit yoki texnik darajadagi muzokaralarga mezbonlik qilishdan mamnun bo‘lishimizni aytdim. Yong‘inga moy sepish o‘rniga, biz keskinlikni kamaytirish maqsadi bilan harakat qilamiz”, dedi.

Rossiya Ukrainaning shimoliy va sharqiy chegaralari yaqinida 100 000 dan ortiq askar to‘plagan. 2014 - yilda bo‘lgani kabi Moskva yana bostirib kirishi mumkinligidan xavotir uyg‘otgan. Qo‘shinlar mavjudligi va noaniqlik ukrainaliklarni asabiylashtirmoqda va mamlakat iqtisodiyotiga ham zarar yetkazmoqda. Rossiya rasmiylari bosqin rejalashtirilayotganini rad etib keladi.

Zelenskiy Erdo‘g‘onning taklifini olqishladi va unga “astoydil va izchil” qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Keskinlik Turkiyani qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Endi Anqara Ukraina bilan kuchayib borayotgan hamkorligi va Moskva bilan qiyin munosabatlari o‘rtasida muvozanatni saqlashiga to‘g‘ri keladi. Ukraina bilan tarixiy, Qrim-tatar jamiyati bilan etnik aloqalarga ega Anqara Rossiyaning 2014 - yilda Qrimni annektsiya qilishiga keskin noroziligini bildirgan edi.

Ammo, Turkiya Rossiyaga qarshi har qanday sanksiyalarga qo‘shilishni istamaydi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga ega mamlakat turizmdan, ayniqsa, Rossiyadan tashrif buyuruvchi sayyohlardan keladigan daromadga umid bog‘lagan. Shuningdek, u tabiiy gazning katta qismini Rossiyadan oladi.

AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ruslar soxta hujum uydirmalariga ishontirish uchun o‘z materiallarida go‘yoki NATO a’zosi Turkiya yetkazib bergan va Ukraina tomonidan qo‘llanilgan harbiy texnikani namoyish qilgan.

Anonimlik sharti bilan gapirgan yuqori martabali amaldor so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar dronlarini soxta operatsiyaning bir qismi sifatida ishlatishi mumkin. Dronlar Ukraina tomonidan Donbas mintaqasidagi rossiyaparast ayirmachilarga qarshi ishlatilgan, bu Moskvani g‘azablantirdi va u Ukrainaning ushbu harbiy qurilma bilan qurollanishiga keskin qarshi ekanini bildirdi.

Kecha Putin va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yana bir bor muloqot qildi. Bu bir hafta ichidagi uchinchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Kreml bayonotida tomonlar “Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha batafsil muloqot”ni davom ettirganliklari va Putin Makronning e’tiborini Ukraina rahbariyatining “provokatsion bayonotlari va harakatlariga” qaratganini qo‘shimcha qildi.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Belarusdagi Rossiya qo‘shinlari 30 ming nafarga etishini, shuningdek, qo‘shin ilg‘or qiruvchi samolyotlar, “Iskander” qisqa masofali ballistik raketalari va S-400 “er-havo” raketalari bilan qurollangani haqida ogohlantirdi.

“So‘nggi kunlarda Rossiya harbiy kuchlarining Belarusga sezilarli joylashuviga guvoh bo‘ldik. Bu Sovuq urush davridan beri Rossiyaning u yerdagi eng yirik harbiy amaliyoti bo‘ldi”, dedi Stoltenberg jurnalistlarga.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu payshanba kuni Minskda bo‘lib, 10-20 - fevralda o‘tkazilishi rejalashtirilgan keng qamrovli Rossiya-Belarus harbiy mashg‘ulotlariga tayyorgarlikni tekshirdi. Shoygu Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashgan. Lukashenko mashqlar haqida gapirib, maqsad “Ukraina bilan chegarani mustahkamlash” ekanini aytgan.

Ukraina mudofaa vaziri bosqin ehtimoli “past” ekanligini aytib, hotirjam bo‘lishga chaqirdi. U AQSh rasmiylarining Rossiya bosqin xavfini tavsiflashda “muqarrar” so‘zidan foydalanishni to‘xtatganini olqishladi.

Oleksiy Reznikov “tahdid, xavf bor, lekin bu 2014 - yil Rossiya agressorga aylanganidan beri mavjud”, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “vahima, qo‘rquv uchun hech qanday asos yo‘q”. Vazir Ukraina yaqinidagi rossiyalik qo‘shinlar sonini 115 ming nafar ekanligini aytgan.

Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirgudek bo‘lsa, NATO Ukrainaga qo‘shin kiritish niyatida emas, biroq u yaqin atrofdagi alyansga a’zo davlatlar Estoniya, Latviya, Litva va Polshaning mudofaasini kuchaytirishga kirishdi. 30 davlatdan iborat harbiy ittifoq Bolgariya va Ruminiya yaqinidagi Qora dengiz mintaqasida ham mudofaa tizimini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Xelsinkida Finlyandiya yetakchilari Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyaen bilan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Yevropada “xavfsizlikning bo‘linmasligi” haqida bir qancha davlatlarga yuborgan maktubi yuzasidan muzokara o‘tkazdi.

Lavrovning ta’kidlashicha, AQSh va NATO konsepsiyani noto‘g‘ri tushungan – bu mohiyatan bitta Yevropa davlatining xavfsizligi qolgan barcha davlatlar xavfsizligi bilan bog‘liqligini anglatadi. Lavrov mazkur asosiy xavfsizlik hujjatini imzolagan mamlakatlardan masalani oydinlashtirish uchun javob berishni talab qildi.

Finlyandiya bosh vaziri Sanna Marin maktubda “katta yangilik” yo‘qligini, ammo javob berilishi kerakligini aytdi. Von der Lyaenning ta’kidlashicha, komissiya va Yevropa Ittifoqining ijroiya organi javobni muvofiqlashtiradi. Vaholanki, Lavrov tashkilotlar emas, davlatlar javob berishi kerakligini ta’kidlagan.