Toshkentning Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi o‘tgan yil aprelidan buyon uy qamog‘ida saqlanayotgan bloger Miraziz Bozorovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Mahkama boshlanganidan bir kun o‘tib e’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Bozorov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi g-bandi bilan "g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat" qilishda aybdor, deb topildi.
30 yashar bloger ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumatiga qarshi korrupsiya ayblovlari va Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarish haqidagi chaqiriqlari bilan tanilgan.
Advokati Sergey Mayorov Bozorov ustidan kechgan mahkamani adolatsiz deb atab, hukmni bekor qilishga chaqirdi:
- 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shu paytgacha o‘tkazgan uy qamog‘i muddati ham qo‘shiladi. Ya’ni 2 yildan ortiqroq muddati qoldi. Sud hukmi noqonuniy, adolatsiz, yaqqol ko‘rinib turgan holatlar inobatga olinmay qabul qilingan qaror. Bu qaror ustidan albatta shikoyat kiritilishi va bekor qilinishi lozim. Chunki mahkama rasman qonunbuzarliklarsiz o‘tgan bo‘lsa-da, aslida adolatsiz va noxolis o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (Ozodlikni cheklash) binoan aybdor, deb topilgan shaxsga quyidagilar taqiqlanadi:
- muayyan joylarga bormaslik;
- ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
- muayyan faoliyat bilan shug‘ullanmaslik;
- muayyan buyumlarga ega bo‘lmaslik yoki ularni o‘zida saqlamaslik;
- transport vositasini boshqarmaslik;
- mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini, ish va (yoki) o‘qish joyini o‘zgartirmaslik, tegishli ma’muriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
- muayyan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik;
- aloqa vositalaridan, shu jumladan Internetdan foydalanmaslik;
- alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik.
Mayorovga ko‘ra, ozodlikni cheklash shartlari sudya qarori bilan belgilanadi va Miraziz Bozorovga oid cheklovlardan sud hukmini dushanba kuni qo‘liga olgach, to‘liq xabardor bo‘ladi.
Bloger ustidan sud 20-21 - yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. Har ikki majlis ochiq, deb e’lon qilinganiga qaramay, unga jurnalistlar qo‘yilmadi.
Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova jurnalistlardan manfiy PZR-test natijasini talab qildi. Avvaldan ogohlantirilmaganidan norozi bo‘lgan OAV vakillari savollariga javob bermadi.
Ammo mahkamada qatnashayotgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, chet el diplomatik korpusi, Yevropa Ittifoqi va BMT vakolatxonasidan vakillar sudga kiritilgan.
Bozorov ustidan sud 4 shaxsning da’vosi asosida ko‘rildi.
Bular - Islom sivilizatsiyasi markazi sobiq xodimi, tarmoqlarda Abror Muxtor Aliy taxallusi ostidagi ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Abror Abduazimov, Yutyub tarmog‘idagi kanali bilan tanilgan Shuhrat Musayev, Telegram tarmog‘idagi bloger Abusolih Salimov hamda Toshkentdagi 110-maktabning bir o‘qituvchisi.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumatini korrupsiyada ayblab, keskin tanqid qilgan va LGBT huquqlarini himoya qilish, xususan Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarib tashlashga chaqirgan 30 yashar bloger Miraziz Bozorov ustidan tergov qariyb 10 oy davom etdi.
Ish tafsilotlarini kuzatgan Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, tergovning cho‘zilishiga pandemiya hamda ayblanuvchining sog‘ligi sabab qilib keltirilgan.
Jinoyat ishi o‘tgan yil 28 - aprelda ochilgan. Blogerning o‘zi 29 - aprelda uy qamog‘iga tashlangan, sudga ham uy qamog‘idan olib kelindi.
Tergov jarayonida bloger avval jabrlanuvchi bo‘ldi, keyin gumonlanuvchiga aylandi va jinoyatchi o‘laroq sudga keltirildi.
O‘tgan yilning 28 - mart oqshomida bir guruh noma’lum shaxs blogerni o‘z uyi oldida kaltaklab ketgandi.
O‘sha kuni Toshkent markazidagi Amir Temur xiyobonida, yapon animesi va koreys pop musiqasi muxlislari yig‘inini o‘tkazilish rejalangan, ammo o‘tkazilmagan edi.
Kaltaklanishidan avval, Ozodlik bilan gaplashgan bloger, har yakshanba bo‘ladigan tadbirga, bu gal agressiv kayfiyatdagi yuzga yaqin odam qarshilik qilgani, tadbir qoldirilganini bildirgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda o‘sha kuni bu tadbirni, LGBT guruhlari targ‘iboti, deb qoralagan o‘nlab norozilarning xiyobonda "Allohu Akbar" deb hayqirgani va yurish qilgani aks etgan.
Guvohlarga ko‘ra, bir yosh yigit va qiz kaltaklangan. Ularni olomon g‘azabidan ichki ishlar xodimlari qutqarib qolgani xabar qilingandi.
O‘sha kuni oqshom, yuziga niqob taqqan noma’lum shaxslar blogerni o‘z uyi oldida beysbol to‘qmoqlari bilan kaltaklab ketdi.
Og‘ir tan jarohatlari olgan bloger kasalxonaga yotqizildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi surishtiruv boshladi. Blogerni kaltaklaganlardan birining fotorobotini e’lon qildi. (Bu shaxs va blogerni kaltaklagan boshqa shaxslar ushlanganiga oid ma’lumot Ozodlikda yo‘q).
Ammo surishtiruv nihoyasida IIV, shifoxonada yotgan Miraziz Bozorov ustidan ham 28 ta ariza tushgani, bular orasida Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilari borligini ma’lum qildi.
Advokati Sergey Mayorovga ko‘ra, norozilar blogerning TikTok tarmog‘idagi chiqishlari, jumladan “Maktab-eski qullar va omadsizlar, yosh avlodni qul va omadsiz bo‘lishga o‘rgatadigan joy” kabi gaplariga e’tiroz bildirishgan.
So‘ngra shikoyatchilar safiga blogerlar qo‘shildi, Bozorovni haqorat va tuhmatda ayblashdi.
Shu tariqa, og‘ir ahvolda aravachada shifoxonaga yetkazilgan bloger, u yerdan qo‘lida kishan bilan olib chiqildi va uy qamog‘iga tashlandi.
Ammo, Amir Temur xiyobonidagi voqealardan avval ham bloger jamoatchilik diqqat markazida qolayotgan edi.
U o‘zining “Kanal Bazarova” Telegram-kanalida, prezident Mirziyoyev boshqaruvi ostida korrupsiya kuchaygani, yangi boshlangan siyosiy-iqtisodiy islohotlarni xalq uchun “katta yo‘qotish” deb bilishi, pandemiya paytida hukumat “xalq pulini o‘g‘irladi” degan xulosalari aks etgan videopostlarni bot-bot e’lon qilgan.
2021 - yil 24 - oktabrda bo‘lgan prezidentlik saylovini “boykot qilishga” ham chaqirgan.
Miraziz Bozorov so‘nggi qisqa muddat ichida sudlangan navbatdagi taniqli blogerdir.
O‘tgan yili surxondaryolik taniqli bloger, YouTube tarmog‘idagi "Xalq fikri" videoblogi bilan nom chiqargan Otabek Sattoriy 6 yarim yilga qamalgan.
Qator xalqaro tashkilotlar, jumladan xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi, Xyuman Rayts Votch inson huquqlari tashkiloti, shuningdek AQSh hamda Britaniyaning O‘zbekistondagi elchilari blogerlarga nisbatan bunday bosim va jazo mexanizmini qoralab keladi.
“O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha islohotlar sur’ati 2021-yilda, ayniqsa, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozongan oktabrdagi prezident saylovi arafasida to‘xtab qoldi va ayrim jihatlarda orqaga chekindi” deb xulosa bildirdi Human Rights Watch tashkiloit, shu yil 11 - yanvar kuni e’lon qilgan hisobotida.
Xalqaro tashkilotga ko‘ra,O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq jarayon muvafaqqiyatsizliklarni boshdan kechirmoqda.