Bolaparvar kuch tizimlari. Yetim bolalar Milliy Gvardiya va IIV xodimlari uyida tarbiyalanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi 21-sonli Mehribonlik uyida, avgust, 2021

16 - yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda toshkentlik taniqli tadbirkor Murod Nazarovning mehribonlik uyidan birato‘la 9 nafar qizni asrab olgani haqida xabar tarqaldi.

Keyinroq Murad Building asoschisining o‘zi ushbu xabarni mahalliy nashrlarga tasdiqladi. Ammo Murod Nazarov bu mehribonlik aksiyasining yagona ishtirokchisi emas.

Prezident Mirziyoyevning o‘tgan yil avgustidagi qarori bilan Mehribonlik uylari tugatilmoqda. Ayni paytda tarbiyalanuvchilar kimlarning qaramog‘iga berilayotgani hamda keyingi yordamga muhtoj bolalar taqdiriga oid savollarni paydo qilmoqda.

5 viloyatda “Mehribonlik” uylari tugatildi

Milliy gvardiya Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kunga qadar Navoiy, Farg‘ona, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda “Mehribonlik” uylari to‘liq tugatilgan.

Bu uylardagi bolalar oilalarga bo‘lib berilgan va hozirda O‘zbekistonda 100 ga yaqin Oilaviy bolalar uylari ochilgan.

Rasmiy OAV xabarlariga ko‘ra, yetim bolalarni bo‘lib olganlarning aksari yopilayotgan “Mehribonlik” uylarining xodimlari va rahbarlari, hokimiyat, Milliy gvardiya, IIV xodimlari hamda mahalliy tadbirkorlardir.

Milliy gvardiya Axborot xizmati Ozodlikning, bu bolalar qisqa muddat ichida oilalarga qanday taqsimlangani, ularning keyingi hayoti qanday nazorat qilinishi va boshqa savollariga javob bermadi.

“Xodimlarimizning o‘z tashabbusi”

Farg‘ona viloyati hokimlik organlaridan birida ishlaydigan mulozimga ko‘ra, davlat va kuch ishlatar idoralari, shuningdek tadbirkorlar “Mehribonlik” uylaridagi bolalarni o‘z tashabbusi bilan farzandlikka olmoqda.

Rasmiy, viloyatdagi 2 ta “Mehribonlik” uyi va 1 ta Bolalar uyi tamoman yopilganini aytdi.

“Ba’zi bolalar o‘zining oilasiga yoki qarindoshlariga, ba’zilari oilaviy bolalar uylariga berildi. Milliy gvardiya xodimlarimiz, hokimiyatdagi xodimlarimiz ham o‘zlari o‘z tashabbusi bilan bolalarni oldi, Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘imizning o‘zlari qo‘llab-quvvatlab turdilar. Tadbirkor oilalarga ham berildi. Asosiysi, yetarli uy-joyi bo‘lishi kerak. Qolgan xarajatlari to‘liq davlat hisobidan”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim.

“Majburlashyapti”

Samarqand viloyatidagi Vasiylik va homiylik organida ishlaydigan mutaxassis, so‘nggi 4 oy ichida birin-ketin ochilgan Oilaviy bolalar uylari haqidagi xabarlarni kuzatib borayotgani, umumiyatla bu jarayonni qo‘llashi, ayni paytda xavotirlari ham borligini aytdi:

“Bu bolalarning oilada bo‘lgani, albatta yaxshi. Lekin, 10 yil vasiy-homiy bo‘lib ishladim, yetim bolani olaman, degan hokimiyat amaldori yoki IIVni nachalnigini ko‘rmadim, hozir ular 5 talab bola olyapti. Yana asosan 8 - 16 yoshdagi bolalar, tarbiyalash qiyin. Men bu xabarlarni ko‘rib, ularni majburlashyapti, degan fikrga kelyapman. Eng muhimi, bu bolalarning keyingi taqdirini kim qanday nazorat qiladi? “O‘rtoq nachalnik, asrab olgan qizlaringiz bilan bir gaplashib olaylik”, deb borishga kimning duxi yetadi? IIV, hokimiyatdagi rahbarlarning fe’li hammaga ma’lumku!”

Samarqandlik mutaxassisga ko‘ra, hozir farzandlik, vasiy yoki homiylik, patronatga berilayotgan bolalarga davlat hisobidan oyiga 1 million 300 ming so‘m atrofida (bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari - tahr.), nogiron bolalar uchun esa 2 million 700 ming so‘m atrofida (bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari- tahr.) pul to‘lanadi.

“Bundan tashqari, kiyimi uchun ham davlat pul beradi, yilda bir marta. Kurtka, etik, sport oyoq kiyimi, maktab kiyimi bittadan. Lekin baribir 1 million 300 ming so‘m bir oyda bitta o‘smirga ketadigan harajatni qoplamasligi aniqda. Shundan kelib chiqib aytyapman, “Mehribonlik” uylarini tezda yopish topshirig‘i tepadan berilgan, bular ura-ura qilib bolalarni tarqatib, “Mehribonlik” uylarini shosha-pisha yopishyapti”.

Murod Nazarov: “Menga telefon qilishdi”

Toshkentlik taniqli tadbirkor, Murad Buildings, Nest One va NRG kabi shirkatlar egasi Murodxon Nazarov birdaniga 9 bolani asrab olib, tarmoqlarda turli munozaralarga sabab bo‘ldi.

QALAMPIR.UZ nashriga aytishicha, Nazarovga ham Toshkentdagi “Mehribonlik” uyidan o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishgan.

“Mehribonlik uylarida bola kam bo‘lgani sababli 23-sonli mehribonlik uyini bo‘shatib, bolalarni turli joyga tarqatishmoqchi bo‘lishganda, ular menga yordam bering, deb iltimos qilishdi. Biz oilamiz bilan maslahatlashib, ularni o‘z oilamizga olishga qaror qildik”, deb aytgan Nazarov.

Psixiatr ko‘rigidan o‘tkazildimi?

“Mehribonlik” uylarining yopilishiyu bolalarning tezlik bilan turli oilalarga tarqatilishi jamoatchilikda turlicha munosabat uyg‘otdi.

Bir tarafdan, bunday oilalar bolalarni o‘z ixtiyori bilan olyaptimi va buning ortida bolalar huquqlariga zid keluvchi manfaat yo‘qmi, degan savol o‘rtaga tashlanmoqda.

Ikkinchi tarafdan, qariyb teng yoshdagi o‘smir qiz yoki yigitlarni qisqa muddat ichida asrab olayotgan o‘ziga to‘q oilalarning ruhiy, tibbiy va ma’naviy ahvoli o‘rganildimi, qonunchilikda belgilanganidek, psixiatr ko‘rigidan o‘tkazildimi, degan savollar bot-bot takrorlanmoqda.

Ozodlik bu savollarga hozircha Milliy gvardiya va Xalq ta’limi vazirligidan javob ololmadi.

Mavjud qonunchilikda bolalarni farzandlik, vasiy yoki homiylik, patronatga oluvchi oilalarga qo‘yiladigan talablar qattiq hamda bunga ketadigan muddat ham qisqa emas.

Jumladan, Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risida Nizomda belgilanishicha, bola asrab olish yoki Oilaviy bolalar uyini ochishni istovchi er-xotinlar, obdon tekshiruvdan o‘tishi lozim:

  • vasiylik va homiylik organiga yoziladigan ariza,
  • er-xotinda sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq bo‘lgan mulk huquqi,
  • ijara yoki boshqa turdagi turar joyi borligini tasdiqlaydigan hujjat (tegishli turar joy mavjud bo‘lmagan taqdirda arizada xizmat turar joyi bilan ta’minlash zarurligi ko‘rsatiladi),
  • Tibbiy maslahat komissiyasining er-xotinning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi xulosasi,
  • psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanseri ma’lumotnomalarni taqdim qilishi lozim.

Hujjatlar 30 kunda ko‘rib chiqiladi. Qabul qilingach, yana 1 oy muddat ichida oilaning ahvoli va undagi barcha a’zolar hamda “Mehribonlik” uyidan olinayotgan bolalar fikri aloihda o‘rganiladi, so‘ngra Oilaviy bolalar uyini ochishga ruxsat beriladi.

Qonunchilikka binoan, faqat 35 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan er-xotinlar tarbiyalovchi ota-ona bo‘lishi mumkin.

“Ijtimoiy yetimlar”

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar saqlanadigan “Mehribonlik” uylarida so‘nggi yillarda ota-onasi hayot bo‘lgan, ammo turli sabablarga ko‘ra boqolmay qolgan bolalar ko‘paygan edi.

Bunday bolalarning aksari:

  • otasi xorijga ketib onasi boqolmay qolgan,
  • ham otasi, ham onasi xorijga ishlashga ketgach, qarovsiz qolib ketgan,
  • ota-onasi shaxsan “Mehribonlik” uyiga topshirib ketgan,
  • ota-onasi ajrashib, qarovsiz qolib ketgan,
  • ota yoki ona, yo ikkisi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan va hokazo bolalardir.

Jumladan, Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev bergan ma’lumotga ko‘ra, 2021 - yil noyabr holatiga ko‘ra, mamlakatdagi jami 16 ta “Mehribonlik” uyida 2 ming 47 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lgan.

Bulardan 316 nafari chin yetim (otasi-onasi vafot etgan), qolganlari chala yetim (yo otasi, yo onasi vafot etgan) yoki ijtimoiy yetim (ota-onasi tirik) bolalar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) o‘rinbosari, Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusovaga ko‘ra, “Mehribonlik” uylaridagi bir bolani bir oy parvarish qilish, 2020 - yil holatiga ko‘ra, 2 yarim million so‘mga tushgan:

“Monitoringlar davomida o‘rganilgan “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari 2020 - yilning 6 oyi davomida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilmagan va sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmaganligi aniqlandi… Ish haqi jamg‘armasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari. Moliyaviy xarajatlar bir taraf, lekin ma’naviy zararni taqqoslash qiyin. Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi, chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz”.

Aslida “Mehribonlik” uylarini qisqartirish, bolalarni o‘z oilalariga qaytarish yoki qarindoshlari, istovchi oilalarga patronaj uchun berish jarayoni 2019 - yilda boshlangan.

Mirziyoyev 2019 - yilning 11 - fevralida “Etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi.

Qarorda, “Mehribonlik” uylaridagi bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va "ijtimoiy yetimlik"ka barham berish belgilangan.

Bundan keyin nazorat kimda bo‘ladi?

Samarqandlik vasiy-homiylik organi mutaxassisi yetim va qarovsiz bolalar ijtimoiy himoyasiga oid yangi tizim borasida ikkita ochiq qolayotgani jiddiy savoli borligini aytadi:

“Birinchidan, puldor oilalarga berilgan bolalarning keyingi jismoniy, ruhiy ahvoli qanday nazorat qilinadi? Hozir Milliy gvardiyaga biriktirilgan, qaror bo‘yicha. Bu o‘zi umuman boshqa vazifa bilan shug‘ullanadigan tashkilotda. Uning xodimlarini o‘qitishyapti-boshqa, lekin ular bu vazifani bajara oladimi?

Ikkinchi jiddiy savol - bugun katta-katta vadalar bilan bolalarni oilalarga berayotgan davlat so‘zida turadimi? Chunki, shu paytgacha ham qog‘ozda zo‘r-zo‘r imtiyozlar bo‘lgan, lekin “Mehribonlik” uylarining ahvoli hammaga ma’lum edi. Bolalar yetarli ovqatlanmagan, qarovsiz, qizlar zo‘rlangan holatlar ham bo‘ldi, esingizda bo‘lsa Marg‘ilonda. Bu muammolar oilada bo‘lmaydimi?! Bo‘lishi mumkin - xo‘p, oilalarda bunaqa holatlar qanday nazorat qilinadi va qanday oldi olinadi - shaxsan men uchun noma’lum”.

2020 - yilda Marg‘ilondagi 1-sonli “Mehribonlik” uyida tarbiyalanuvchilarni jinsiy zo‘rlash, homilador bo‘lib qolgan qizlarni bolasini tushirishga majburlash va xayriya mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari yuz bergani fosh bo‘lgandi.

117 nafar tarbiyalanuvchisi bo‘lgan muassasada voyaga yetmagan qizlar fohishalikka majburlangani va ulardan jinsiy xizmat ko‘rsatishda foydalanilgani bilan bog‘liq jinoyat aniqlangach, yetimxona rahbari dohil o‘ndan ziyod xodim o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblanib, javobgarlikka tortilgan.

O‘zbekistoda shu paytgacha jami:

  • 13 ta “Bolalar uyi”da 560 nafar bolalar (3−4 yoshgacha);
  • 16 ta “Mehribonlik uyi” va 4 ta “Bolalar shaharchasi”da 1,8 ming nafar bolalar (3 yoshdan 18 yoshgacha);
  • 86 ta maxsus internatda 21 ming nafar bolalar (7 yoshdan 18 yoshgacha);
  • homiylik, vasiylik, oila patronati asosida 79 ming nafar bolalar tarbiyalanib kelgan.

Ayni paytda “Mehribonlik” uylari keskin qisqarib ketsa, kelgusidagi ehtimoliy yetim va qarovsiz qolgan bolalar qanday himoya topishiga oid savollar ham ochiq qolmoqda.

YuNISEF tashkiloti, O‘zbekiston hukumatining sobiq sovet tizimidan qolgan yetimxonalar institutini tugatish islohotlarini olqishlashini bildirgan. Ammo bu jarayonni pishiq reja bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda bolalarni olgan oilalarni uzluksiz yordam bilan ta’minlashga chaqirgan.