Delegatsiyalar kelishi ortidan Pekinda COVID-19 kasallanish holatlari ortmoqda

Reuters agentligining xabar berishicha, Xitoyda to‘rt kun ichida Qishki Olimpiada o‘yinlariga tashrif buyurgan sportchi va xodimlar orasida 119 ta COVID-19 holati aniqlandi. Olimpiada ishtirokchilari, xodimlar va ommaviy axborot vositalarini jamoatchilikdan ajratib turish uchun ular alohida izolyatsiyaga olingan.

Aeroportga yetib kelgan sportchilarning shanba kuni 34 tasida, yakshanba kuni esa 37 tasida test natijalari musbat chiqqan. Bu haqda 31 - yanvar kuni musobaqa tashkilotchilari ma’lum qildi.

Rossiyalik biatlonchi Valeriya Vasnetsova Pekinga kelganidan keyin topshirgan ikkita testi ham unda virus borligini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, u Olimpiadadan umidlari puchga chiqqanini va hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

“Afsuski, bu olimpiya o‘yinlaridagi orzuim orzuligicha qoladigan bo‘ldi. Balki bir kun kelib yana oyoqqa turish uchun o‘zimda kuch toparman, ammo bu butunlay boshqacha hikoya bo‘ladi” — deb yozgan Vasnetsova o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Yakshanba kuni aeroportda virus aniqlangan 28 kishining sakkiz nafari sportchi yoki jamoa rasmiylari bo‘lib chiqdi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi a’zosi, XOQning sportchilar komissiyasi raisi Emma Terxoda ham test musbat natijani ko‘rsatgan. U ham izolyatsiyada ekanligini ma’lum qilgan.

“Men bunday boshlanishini kutmagan bo‘lsam ham, Pekin Olimpiadasi mutasaddilari ko‘rgan choralar yaxshi samara berayotganini ko‘rib xursand bo‘ldim”,- degan sobiq fin xokkeychi Emma Terxo.

Ushbu holat sportchilarni tashvishga solmoqda. Yillar davomida ko‘rilgan puxta tayyorgarlikka qaramay, musobaqa ular uchun boshlanmasdan oldin tugashi mumkin.

“Bu xuddi o‘zingni maksimum xavfsiz ekaningga ishontiraman deb stressni boshdan kechirayotganga o‘xshaydi. Ammo, ayni vaqtda 100 foiz xavfsiz bo‘lishning ham iloji yo‘q”, deydi amerikalik lyuger Kris Mazdzer.

“Hozirda koronavirus aniqlanayotgan sportchilar soni ortmoqda. Bu qo‘rqinchli. Chunki so‘nggi olimpiadadan keyin to‘rt yil kutib, mehnat qilsangu, ammo barchasi so‘nggi haftada, bor-yo‘g‘i bir necha kun ichida behuda ketsa - bu fojia”, deya sportchining so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters nashri.

4-20 - fevral kunlari o‘tadigan qishki olimpiya o‘yinlariga 3000 ga yaqin sportchi, murabbiy, rasmiy, federatsiya delegatlari va ommaviy axborot vositalari vakillari kelishi kutilmoqda.

“Yopiq halqa” rejimi sportchilarga turar joy va Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladigan joy o‘rtasida maxsus transportda harakatlanish imkonini beradi. Biroq, ularga jamoat joylarida erkin harakatlanishga ruxsat berilmaydi.

Nol bardoshlik

COVID-19 ni boshdan kechirayotgan ko‘plab mamlakatlardan farqli o‘laroq, Xitoy nol bardoshlik siyosati bilan o‘zini-o‘zi izolyatsiya qildi va deyarli barcha xalqaro reyslarni bekor qildi.

Hukmron Kommunistik partiyaning rasmiy gazetasi - “People’s Daily"ning izohlar qismida Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish va virus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha qilingan ishlar maqtalgan.

“Pekin qishki Olimpiya o‘yinlaridagi epidemiologik nazorat choralari Xitoyning epidemiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatli tajribasining timsoli bo‘lib, ayni paytda Xitoy ruhi va Xitoy kuchini namoyish qilishga ham yo‘naltirilgan”, — deyiladi gazetada.

Sportchilar Pekinga kelishdan ham oldin test topshirishmoqda. Dunyoning yetakchi ayol chang‘ichisi avstriyalik Marita Kramer Germaniyada topshirgan test natijasi musbat chiqqach, virusdan forig‘ bo‘lish maqsadida musobaqaga jo‘nab ketish vaqtini o‘zgartirdi.

Rossiyalik skeleton muz poygachilar, Olimpiya o‘yinlarining kumush medal sohiblari Nikita Tregubov va Vladislav Semyonovda test natijasi musbat natijani ko‘rsatgandan keyin, ular Olimpiya o‘yinlarni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

30 - yanvar kuni Avstraliya kyorling jamoasi a’zosi Tahli Gillda dastlabki musbat natijadan keyin ikkita test sinovi unda koronavirus yo‘qligini ko‘rsatdi. Bu Avstraliya terma jamoasi uchun ijobiy yangilik bo‘ldi.

Gill va uning jamoadoshi Din Xyuitt ikki kun davomida izolyatsiya qilingan edi.

“Biz bu ikki kunda dam oldik va Olimpiadadan ko‘zlangan maqsadlarimizni yana bir bor chamalab oldik “, deydi Tahli Gill va Din Xyuitt .