"Dosye": Putin va Kabayevaning bolalarini FQX qo‘riqlaydi, ular izolyatsiyada yashaydi va uyda o‘qiydi

Prezident Vladimir Putin va badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiya chempioni Alina Kabayeva Kremldagi taqdirlash marosimida. 8-iyun, 2001-yil

Rossiya prezidentining Ivan va Vladimir ismli ikki o‘g‘li bor. Ularning onasi sobiq gimnastikachi Alina Kabayeva. "Dosye" markazi surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, Putinning birinchi o‘g‘li Ivan 2015-yilda, Vladimir esa 2019-yilda tug‘ilgan. Ularning fotosuratlari ommaga ochiq, ammo jurnalistlar ularni axloqiy sabablarga ko‘ra e’lon qilishmayotir.

Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar maxsus hujjatlar ostida yashaydilar, Federal qo‘riqlash xizmati (FQX) himoyasi ostida Putinga aloqador shaxsiy samolyotlar va yaxtalarda sayohat qiladi, jamoat joylarida ko‘rinmaydi va prezident qarorgohlarida yashaydi.

"Dosye" manbasi Putinning qarorgohida ishlayotgan shaxs bo‘lgan. “U davlat rahbarining farzandlari bilan tez-tez uchrashib turadi, garchi ular bilan har kuni muloqot qilmasa ham, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan bu haqda gapirishga rozi bo‘lgan”, deyiladi surishtiruvda.

Jurnalistlar avvalroq Putin va Kabayevaning farzandlari borligi haqida xabar berishgan edi. Xususan, Shveysariyaning Sonntags Zeitung gazetasi Putinning 2015 va 2019-yillarda tug‘ilgan ikki o‘g‘li borligi, ulardan biri Shveysariyada ekanligi haqida xabar bergan. Shuningdek, Kabayeva ikkinchi farzandini Moskvada shveysariyalik shifokor nazorati ostida dunyoga keltirgani aytilgan. Bolalarning ismlari birinchi marta e’lon qilinmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Кабаева Тошкентда: Саида Мирзиёева "Путин маъшуқаси"га мезбонлик қилди

"Dosye" surishtiruviga ko‘ra, Ivan va Vladimir prezident Putinning rasmiy qarorgohlarida yashaydi: xususan, Valdada ular uchun maxsus o‘quv markazi ochilgan. Enagalar bolalar bilan ishlaydi va o‘qituvchilar English Nanny agentligining veb-sayti orqali qidirilgan. Ukraina bosqinidan so‘ng, ular Rossiya hukumati "do‘st mamlakat" deb hisoblagan Janubiy Afrikadan kelgan ingliz tili o‘qituvchilariga ustunlik berishni boshladilar. Ish beruvchi shartlariga ko‘ra, o‘qituvchilar yashash joyini tark etishi taqiqlanadi. Reklamada oila “izolyatsiyada yashayotgani” aytilgan.

O‘qituvchilar bolalarning ota-onalari bilan bevosita aloqada bo‘lmaydi, boshqa yordamchilar orqali ishlaydi. Bundan tashqari, Alina Kabayevaning amakivachchasi Oksana Fedina bolalarning onasi sifatida tarbiyachilar va enagalar bilan muloqot qiladi. Katta o‘g‘il maxsus qurilgan maydonchada xokkey o‘ynaydi (ba’zan otasi bilan), lekin Alina Kabayeva o‘yinni yakka tartibda – oynalar orqasida yashiringan qutidan tomosha qiladi. Shu bilan birga, Ivan go‘yo badiiy gimnastika musobaqalarida qatnashadi, ammo bunday musobaqalar qayerda o‘tkazilishi ko‘rsatilmagan.

Putinning o‘g‘illari bayramlarda tengdoshlari bilan muloqot qiladi. Odatda ular Alina Kabayevaning atrofidagi bolalar.

Surishtiruv shuningdek, Putin o‘g‘illarining o‘qituvchilari ish haqini MMTS tarmog‘i ("Moy meditsinskiy sentr", sobiq SOGAZ) klinikalari orqali olishlari aytiladi. «Ozodlik» radiosi Sankt-Peterburgdagi ushbu klinika haqida bir necha bor yozgan, xususan, Suriya, Liviya va Ukrainadagi urushda yaralangan «Vagner» askarlari u yerda davolangan. «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin ham unga soxta nom bilan kelgan. Putinning ko‘plab do‘stlari va tanishlari bitta klinikada tekshiruvdan o‘tishadi.

2020-yildan beri kamida 10 nafar xorijlik o‘qituvchi MMTS bilan shartnoma imzolagani aytilmoqda. Ular tarjimon sifatida belgilangan, ammo "har biri malakali tilshunos kutganidan ham ko‘proq narsani oladi". Ta’kidlanishicha, Putin farzandlarining o‘qituvchilari deb hisoblanganlar orasida Janubiy Afrika fuqarolaridan tashqari Britaniya va Yangi Zelandiya fuqarolari ham bo‘lgan.

Surishtiruvda Kremlning rasmiy izohi yo‘q. Putin hech qachon o‘g‘illari borligini oshkora tan olmagan. Shu bilan birga, u oilasida u muloqot qiladigan bolalar borligini bir necha bor aytgan. Yaqinda u oilasining kichik a’zolari xitoycha o‘rganishayotganini ma’lum qildi.