Toshkentning Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan 3 yilga ozodlikni cheklash jazosiga mahkum etilgan bloger Miraziz Bozorov o‘zining aybsiz ekanini ta’kidlamoqda.
Himoya tomoni Ozodlikka taqdim etgan Bozorovning 21 -yanvar kuni o‘tgan mahkamadagi so‘nggi so‘zida bloger o‘ziga qarshi ayblovlar ortida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) turganini iddao qiladi.
Hukm e’lon qilinishi ortidan advokat Sergey Mayorov mahkamani asossiz va adolatsiz, deb atagandi.
Bozorov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi g-bandi bilan "g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat" qilishda aybdor, deb topildi, hukm mahkama boshlanganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi.
30 yashar bloger ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumatiga qarshi korrupsiya ayblovlari va Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarish haqidagi chaqiriqlari bilan tanilgan.
Ayblovga oid tafsilotlar
Bozorov ustidan sud 4 shaxsning da’vosi asosida ko‘rildi.
Bular - Islom sivilizatsiyasi markazi sobiq xodimi, tarmoqlarda Abror Muxtor Aliy taxallusi ostidagi ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Abror Abduazimov, Yutyub tarmog‘idagi kanali bilan tanilgan Shuhrat Musayev, Telegram tarmog‘idagi bloger Abusolih Salimov hamda Toshkentdagi 110-maktab o‘qituvchisi.
Sud hukmi e’lon qilingach, mahkama tafsilotlarini oshkor qilgan advokati Sergey Mayorovga ko‘ra, sudga taqdim qilingan xulosada ayblov 3 punktdan iborat bo‘lgan.
Bulardan biri, poytaxtdagi 110-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilaridan tushgan jamoaviy shikoyat asosida ilgari surilgan ayblovdir.
Mayorovga ko‘ra, norozilar blogerning TikTok tarmog‘idagi chiqishlari, jumladan “Maktab-eski qullar va omadsizlar, yosh avlodni qul va omadsiz bo‘lishga o‘rgatadigan joy” kabi gaplariga e’tiroz bildirishgan.
Qolgan ikki ayblov, 3 nafar bloger shikoyati asosida ilgari surilgan. Advokatga ko‘ra, Bozorov ularni DXX ga xizmat qiladigan "DXX blogerlari" hamda "IShID tarafdorlari", deb ayblagani, jinoyat ishida 3 blogerga nisbatan tuhmat, deb malakalangan.
Sergey Mayorovga ko‘ra, uch "islomchi bloger", shtat birligi yoki shtatdan tashqari shaklda DXXda ishlamasligi, IShIDga a’zo emasligi haqida sudga, Davlat xavfsizlik xizmatidan olingan ma’lumotnomani taqdim qilishgan. Sud buni inobatga olgan.
Bozorovning so‘nggi so‘zi
Ozodlikka kelib tushgan suddagi so‘nggi so‘zida Miraziz Bozorov o‘ziga nisbatan ilgari surilgan ayblovni tan olmasligini bot-bot takrorlaydi.
"Menga e’lon qilingan ayblovdagi aybni tan olmayman. O‘z akkauntlarida menga qarshi roliklar joylashtirgan, meni ta’qib qilgan, men haqimda yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan va onlayn terror to‘lqinini qo‘zg‘atgan, shuningdek Toshkent markazida islomchilar to‘poloniga sabab bo‘lgan (buning uchun mutlaqo jazolanmagan) yuqorida ismlari ko‘rsatib o‘tilgan uch blogerni rostdan ham “DXX blogerlari” deb hisoblayman. Tergovchi B.Tojiyev tergovni noxolis olib bordi", degan bloger.
Bundan tashqari, Toshkentdagi 110-maktab o‘qituvchilari jamoasi o‘ziga qarshi ilgari surgan da’voni ham tan olmasligi va asossiz, deb bilishini ta’kidlagan:
"Xususan, 110-maktab haqidagi rolikning aniq bir adresati yo‘q – u 110-maktabning muayyan o‘qituvchisiga qaratilmagan. Ekspert Abdullayeva 2021 - yil 30 - martdagi xulosasida o‘zining ilmiy asoslanmagan fikrlari bilan ushbu xulosani nomaqbul dalilga aylantirib qo‘ydi. “Qullar va omadsizlar” haqidagi so‘zlarimni haqiqat va mening o‘z fikrim deb hisoblayman".
Miraziz Bozorovga ko‘ra, bu shikoyatlar, unga nisbatan DXX bosimi kuchaygan pallada o‘rtaga chiqqan.
Ozodlikka taqdim etilgan so‘nggi so‘z matnida, Bozorov davlat xavfsizlik xizmatining o‘ziga nisbatan bosimlari kaltaklanishidan qariyb 10 oy avval boshlangan:
"2020 - yil iyul oyida men “Facebook”dagi akkauntimda XVF (Xalqaro valyuta jamg‘armasi) va OTB (Osiyo taraqqiyot banki)ga ochiq xat e’lon qilib, unda hukumat COVID-19 ga qarshi kurashga yo‘naltirilgan fondlarni suiiste’mol qilishi xavfi borligini urg‘uladim. Ochiq xat o‘zbek foydalanuvchilar orasida mashhur bo‘lib ketdi, favqulodda ijobiy fikrlar bilan kutib olindi. Shundan so‘ng meni darhol Davlat Xavfsizlik xizmati (DXX) so‘roqqa chaqirdi, ertasiga Beeline Uzbekistan mobil aloqa operatori mening internetimni blokladi, ijtimoiy tarmoqlarda mening akkauntlarimni buzib kirishga urinishlar qayd etildi".
Ayni paytda bloger Mirobod tuman sudidagi mahkamada "jarblanuvchi" sifatida keltirilgan uch nafar bloger aslida unga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar orqali "haqorat" yog‘dirgani, "tahdid qilgani" hamda oila-a’zolari hayotini xavfga qo‘yganini da’vo qilgan:
“Jabrlanuvchi” blogerlar meni ta’qib etishgani, internetda mening shaxsiy ma’lumotlarimni va yaqinlarimning ma’lumotlarini oshkor qilishgani haqidagi da’volarimni inobatga olmadi. Agarda sud mazkur uch blogerni ish bo‘yicha jabrlanuvchi deb topsa, ya’ni ularning DXXga aloqadorligini “tuhmat” deb e’tirof etsa, u holda mazkur ish bo‘yicha chiqarilgan hukm har qanday odamga Davlat Xavfsizlik Xizmati bilan bog‘liqlik O‘zbekiston fuqarosini badnom qilishining rasmiy tasdig‘i sifatida sudya Sodiqov Sardorbek Ulug‘bekovichning qaroriga tayanish imkonini beradi".
"Bozorovni zudlik bilan ozod qiling!"
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Bozorovga bo‘lgan hujum va uning hibsga olinishini qoralab kelmoqda.
24 - yanvar kuni Human Rights Watch tashkiloti vakili Hyu Uilyamson O‘zbekiston hukumatini Bozorovni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
“Siyosiy motivlar bilan e’lon qilingan ayblovlar asosida bloger Miraziz Bozorovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi berilganidan juda xavotirlidir. U uy qamog‘idan zudlikda ozod qilinishi kerak, ayblovlar bekor qilinishi lozim", deb yozdi o‘zining Tvitter sahifasida Human Rights Watch tashkiloti vakili.
BMTning Inson huquqlari himoyachilari vaziyati bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Meri Lolor ham Bozorovning jazolanishini "tashvishlanarli" deb baholadi:
"O‘tgan yil iyun oyida hukumat bilan muloqotda bu boradagi xavotirlarni bildirishimga qaramay, Miraziz Bozorovning 3 yilga "ozodligi cheklanganini" eshitib, tashvishlandim. Internetdan foydalana olmasligi va jamoat tadbirlarida qatnasha olmasligi bois, endilikda uning huquq himoyasi sohasidagi faoliyati o‘ta cheklanadi".
"Adolatsiz mahkama"
Advokati Sergey Mayorov Bozorov ustidan kechgan mahkamani adolatsiz deb atab, hukmni bekor qilishga chaqirgan:
- 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shu paytgacha o‘tkazgan uy qamog‘i muddati ham qo‘shiladi. Ya’ni 2 yildan ortiqroq muddati qoldi. Sud hukmi noqonuniy, adolatsiz, yaqqol ko‘rinib turgan holatlar inobatga olinmay qabul qilingan qaror. Bu qaror ustidan albatta shikoyat kiritilishi va bekor qilinishi lozim. Chunki mahkama rasman qonunbuzarliklarsiz o‘tgan bo‘lsa-da, aslida adolatsiz va noxolis o‘tkazildi.
Bloger ustidan sud 20-21 - yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. Har ikki majlis ochiq, deb e’lon qilinganiga qaramay, unga jurnalistlar qo‘yilmadi.
Mahkamada qatnashgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, chet el diplomatik korpusi, Yevropa Ittifoqi va BMT vakolatxonasidan vakillar sudga kiritilgan.
"Jabrlanuvchi"dan "jinoyatchi"ga
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumatini korrupsiyada ayblab, keskin tanqid qilgan va LGBT huquqlarini himoya qilish, xususan Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarib tashlashga chaqirgan 30 yashar bloger Miraziz Bozorov O‘zbekistonda tug‘ilib-o‘sgan.
Toshkentdagi Vestminster universitetini tamomlagan, iqtisodchi. Psixologiya bilan qiziqqan, Facebook sahifasida bu borada ko‘p postlar qoldirgan. Bozorov rus tilida yozib, faoliyat yuritgan.
Uning ustidan jinoyat ishi o‘tgan yil 28 - aprelda ochilgan va tergov qariyb 10 oy davom etdi. Ish tafsilotlarini kuzatgan Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, tergovning cho‘zilishiga pandemiya hamda ayblanuvchining sog‘ligi sabab qilib keltirilgan.
Blogerning o‘zi 29 - aprelda uy qamog‘iga tashlangan, sudga ham uy qamog‘idan olib kelindi. Tergov jarayonida bloger avval jabrlanuvchi bo‘ldi, keyin gumonlanuvchiga aylandi va jinoyatchi o‘laroq sudga keltirildi.
O‘tgan yilning 28 - mart oqshomida yuziga niqob taqqan noma’lum shaxslar blogerni o‘z uyi oldida beysbol to‘qmoqlari bilan kaltaklab ketdi. Og‘ir tan jarohatlari olgan bloger kasalxonaga yotqizildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi surishtiruv boshladi. Blogerni kaltaklaganlardan birining fotorobotini e’lon qildi.
Advokat Sergey Mayorovga ko‘ra, Bozorovning kaltaklanishiga oid hodisa rasman surishtirila boshlagan bo‘lsada, aslida bu surishtiruv davom ettirilmayotir, IIV esa kaltaklaganlarni qidirmayotir.
Ammo surishtiruv nihoyasida IIV, shifoxonada yotgan Miraziz Bozorov ustidan ham 28 ta ariza tushgani, bular orasida Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilari borligini ma’lum qildi.
So‘ngra shikoyatchilar safiga blogerlar qo‘shildi, Bozorovni haqorat va tuhmatda ayblashdi.
Shu tariqa, og‘ir ahvolda aravachada shifoxonaga yetkazilgan bloger, u yerdan qo‘lida kishan bilan olib chiqildi va uy qamog‘iga tashlandi.
"Hukumat korona-inqirozni eplay olmayotir"
Ammo, Amir Temur xiyobonidagi voqealardan avval ham bloger jamoatchilik diqqat markazida qolayotgan edi.
U o‘zining “Kanal Bazarova” Telegram-kanalida, prezident Mirziyoyev boshqaruvi ostida korrupsiya kuchaygani, yangi boshlangan siyosiy-iqtisodiy islohotlarni xalq uchun “katta yo‘qotish” deb bilishi, pandemiya paytida hukumat “xalq pulini o‘g‘irladi” degan xulosalari aks etgan videopostlarni bot-bot e’lon qilgan.
2021 - yil 24 - oktabrda bo‘lgan prezidentlik saylovini “boykot qilishga” ham chaqirgan.
"O‘ta hurmatli Shavkat Mirziyoyevning rejimi aholini iqtisodiy muammolardan chalg‘itish uchun gomofobiya mavzuidan ustalik bilan foydalanmoqda. Natijada, hukumat korona-inqiroz bois yuzaga kelgan iqtisodiy bo‘hron oqibatlarini umuman eplay olmayotir va mamlakatimizning tashqi qarzi bir necha barobar ortib ketdi, YaIM hajmi esa umuman ko‘paygani yo‘q", degan edi 2021 - yil boshida qilgan chiqishlaridan birida Miraziz Bozorov.