Feruza Babasheva: Deputat bo‘lmasam boshimga shu kunlar tushmasdi

Feruza Babasheva deputatlik daxlsizligidan mahrum qilindi, ammo deputatlik mandatini saqlab qoldi.

22 - noyabr kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tuman kengashi deputatlari navbatdan tashqari sessiyada kengash a’zosi Feruza Babashevani deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish haqidagi qarorni ma’qullab ovoz berdi, ammo uning deputatlik mandatini saqlab qoldi.

15 - noyabr kuni IIB reydi chog‘ida olingan video tarmoqlarga sizdirilgandi. Videoda noma’lum erkak bilan to‘shakda yotgan ayolning deputat Babasheva ekani aytilgan, keyinroq Babashevaning o‘zi buni tasdiqlagandi. U video 2 - oktabr kuni olinganini aytgan va deputatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida qasddan sizdirilganini da’vo qilgan.

43 yashar deputat Babasheva mahalliy hokimlik bilan turli ijtimoiy va iqtisodiy muammolar yuzasidan to‘qnashgan, amaldorlar bilan bir necha bor sudlashib, g‘olib chiqqani bilan tilga tushgan.

Xalq-demokratik partiyasi tuman kengashi raisi bo‘lgan Babashevaning Ozodlikka aytishicha, 22 - noyabr kungi yig‘ilishda bu video muhokama qilingan, ammo asosiy muhokama mavzusi - uning ustidan "tarmoqlarda haqorat qildi" degan mazmunda sobiq prokuror kiritgan shikoyat bo‘lgan.

Babasheva kengash qaroridan rozi emasligi, boisi prokuror shikoyati hali sudda tasdig‘ini topmagani va boshqa masalalarda ham uning shaxsiy hayot hamda deputatlik daxlsizligiga amal qilinmadi, deb hisoblashini ta’kidladi.

Shuningdek, Babasheva bu intim videoning tarmoqlarga chiqish sabablari va undan keyingi hayoti haqida Ozodlik tinglovchilaridan kelayotgan ayrim savollarga ham qisman javob berdi.

16 - noyabr kuni Toshkent viloyati IIBB, boshqarma tezkor xodimlari 2 - oktabr kuni mahalliy aholidan birining arizasiga ko‘ra, dachalardan birida tekshiruv o‘tkazib, u yerda jinsiy aloqada bo‘layotgani aniqlanganini ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, videodagi holat Bo‘stonliq tumani “Xumson” mahallasidagi dala hovlilardan birida o‘tkazilgan reyd paytida tasvirga olingan.

Boshqarma axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganovning Ozodlikka aytishicha, reyd "dala hovlida ishratxona tashkil qilingani borasida kelib tushgan ariza" asosida o‘tkazilgan:

"Toshkent viloyati IIBBning pozitsiyasi shunday: Biz bu video tarqatilganini oqlamaymiz. Bu video ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ataylab chiqarilgan, degan da’vo bo‘lyapti. Biz bunaqa ish qilmaymiz! Bu ayolga nisbatan Ichki ishlar tomonidan hech qanday xusumat yo‘q. Reyd payti olingan video bo‘lgani bilan bu ayol deputat bo‘lgani uchun video ularning obod-ahloq komissiyasiga muhokama uchun yuborilgan bo‘lishi mumkin. Keyin bu ayol mansabdor shaxs bo‘lgani uchun tegishli idoralarga ham video berilgan bo‘lishi kerak. Video kim tomonidan tarmoqlarga tarqatilgani aniqlanmadi hali. Bu bo‘yicha maxsus guruh tuzilib, ishlanayapti. Aniqlangan taqdirda, aybdorga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi".

Oradan bir yarim oy vaqt o‘tib, tarmoqlarga chiqarilgan videoni Feruza Babasheva o‘zining deputatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish urinishi sifatida baholaydi:

- Bunaqa holat, agar men deputat bo‘lmaganimda hech qachon mening boshimga tushmasdi. Men o‘ylaymanki, shunaqa tanqidiy maqolalar chiqarmagan birorta deputatning boshiga tushmaydi bunaqa holat, uning ahloqi qay darajada bo‘lishidan qat’i nazar... Masalan, shunaqa videosi chiqqan har bir ayol uchun bu o‘zi isnod aslida, buni o‘zim tushunib turibman. Lekin, men hech kimning oldida o‘zimni oqlamoqchi emasman. Lekin, mening pozitsiyam shunaqa bo‘lgani uchun shu holat mening boshimga tushdi.

Quyida deputat Feruza Babasheva bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

F. Babasheva: Deputat bo‘lmaganimda, bu kunlar boshimga tushmasdi

Babashevaga ko‘ra, uning intim videosi tarqatilishidan avval, O‘rta Chirchiq tuman prokuraturasi «Agrobank» boshqarma boshlig‘ining arizasi asosida uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritgan.

9 - noyabr kuni imzolangan ushbu hujjatda deputat Babasheva tarmoqlar orqali “Agrobank”ni O‘zbekistondagi eng o‘g‘ri banklardan biri degan fikrlari uchun Jinoyat Kodeksining 41- moddasida ayblangan.

18 - noyabr kuni O‘rtachirchiq tuman kengashining odob-ahloq komissiyasi deputat Feruza Babasheva masalasini ko‘rib chiqdi. Uning o‘zi kech qolganlik vaji bilan majlisga qo‘yilmadi.

Majlisga qo‘yilmagan Babasheva shu kuni hokimlik binosi oldida notanish ayolning hujumiga uchradi. Voqeaga guvoh bo‘lgan blogerlardan birining iddaosicha, Babashevaga qilingan notanish ayol hujumi muxolif fikrlilarga nisbatan uyushtiriladigan maxsus tomoshalardan biridir.

Intim video mojarosi esa keyingi 4 oy ichida ikkinchi bor shov-shuvga sabab bo‘ldi. Tanqidiy maqolalari bilan tanilgan “Qalampir.uz” jurnalisti Feruza Najmiddinova joriy yilning avgust oyida xuddi shunday holatga tushgandi.

Guyoki Najmiddinova ekani aytilgan intim video tarmoqlarga tarqatilib, jurnalistni yomonotliq qilishga urinishlar bo‘lgandi. Keyinchalik Ichki ishlar vazirligi videodagi ayol bilan erkak aslida xorijlik er-xotin ekani aniqlanganini bildirdi. Biroq oradan 4 oy o‘tsa-da, jurnalist Najmiddinovani obro‘sizlantirishga harakat qilgan shaxslar ushlanmadi.

Deputat Babasheva esa intim videosini tarmoqlarga tarqatganlar jazolanishi uchun oxirigacha kurashmoqchi. Ayni paytda deputat ayol o‘zining Feysbuk sahifasida "xalqdane’lon qildi.

Feruza Babasheva XDP O‘rta Chirchiq tuman kengashi raisi, bunga qadar 12 yil maktab direktori, keyin esa xalq va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri lavozimlarida ishlagan.