Germaniya kansleri Olaf Shols 14 - fevral kuni Kiyevda prezident Vladimir Zelenskiy bilan, 15 - fevralda esa Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.
Shols Kiyevda prezident Vladimir Zelenskiy bilan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi xavotirlari va mavjud inqirozni yumshatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar yuzasidan gaplashadi.
Shols 13 - fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, NATO va Yevropa Ittifoqi allaqachon “darhol kuchga kiradigan” og‘ir sanksiyalar tayyorlab qo‘yganini xabar qilgan.
Kecha Qo‘shma Shtatlar Ukraina chegarasi yaqinidagi rus qo‘shinlari soni 100 mingdan 130 mingga yetgani haqida xabar bergan edi.
Zelenskiy 13 - fevral kuni Bayden bilan telefon orqali muloqot qildi. Prezident Jo Bayden suhbat chog‘ida Rossiyaning Ukraina chegaralarida mushaklarini ko‘z-ko‘z qilishiga javoban diplomatiya va “tiyib turuvchi” choralar muhimligini ta’kidlagan.
Bayden Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor ta’kidlar ekan, “Rossiyaning Ukrainaga navbatdagi bosqini” amalga oshsa, “tezkor javob berishga” va’da berdi.
Zelenskiy administratsiyasi Baydenni “yaqin kunlarda” Kiyevga kelishga taklif qilgani haqida xabar berdi.
“Ishonchim komilki, sizning yaqin kunlarda Kiyevga tashrifingiz kuchli signal bo‘ladi va vaziyatni barqarorlashtirishga yordam beradi”, deya Zelenskiy so‘zlaridan iqtibos keltirgan prezident idorasi.
Shuningdek, Ukraina keskinlikni muhokama qilish uchun 48 soat ichida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba YeXHT Vena hujjatiga binoan Moskvadan o‘z harakatlarini tushuntirishni so‘ragan, biroq Kreml hech qanday javob bermadi.
Shundan so‘ng, “Agar Rossiya YeXHT makonida xavfsizlikning ajralmasligi haqida gaplari jiddiy bo‘lsa, keskinlikni pasaytirish va barcha uchun xavfsizlikni ta’minlash uchun harbiy shaffoflik bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishi kerak” deya ta’kidladi Kuleba “Twitter”dagi sahifasida.
AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan 13 - fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga “istalgan kun” bostirib kirishini, bu Pekin Olimpiadasi tugashidan oldin yuz berishi mumkinligini aytgandi.
Sallivanning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar o‘z razvedka ma’lumotlarini Moskvaning urush uchun bahona qidirib qilayotgan “soxta bayroq” operatsiyalariga to‘sqinlik qilish maqsadida oshkor qilib boradi.
Entoni Blinken 13 - fevral kuni Kiyevdagi elchixona xodimlarining aksariyati evakuatsiya qilinishini aytdi.
“Kecha biz AQShning Kiyevdagi elchixonasida bo‘lib turgan amerikaliklarga mamlakatni tark etishni buyurdik”, dedi Blinken Honoluluda.
“Rossiya biror voqeani o‘zi qo‘zg‘atib, keyin bundan avvaldan rejalashtirgan harbiy harakatlarini xaspo‘shlash uchun foydalanadi. Bundan hech kim hayron bo‘lmaydi”, deydi u.
13 - fevral kuni ikkinchi muddatga saylangan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Putin G‘arbning Ukraina bo‘yicha yondashuvini past baholamasligi kerakligini ta’kidladi.
“Prezident Putinga murojaat qilib, Ukrainani tinch qo‘yib, Yevropada tinchlikni saqlash yo‘lini topishda bizga qo‘shilishni so‘rayman”, dedi Shtaynmayer.
AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya o‘z fuqarolaridan Ukrainani tark etishni so‘radi. Avstraliya esa 13 - fevral kuni Kiyevdagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.
Moskva G‘arbdan Ukraina va boshqa sobiq ittifoq respublikalarini NATOga a’zo sifatida qabul qilmaslikni hamda Ukrainaga qurol-yarog‘ joylashtirishni to‘xtatib, Sharqiy Yevropadan o‘z kuchlarini olib chiqish kafolatlarini talab qilmoqda.