Gruziya prezidenti parlament saylovi natijalarini tan olmadi

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi natijalarini tan olishdan bosh tortdi va norozilik chiqishlariga hozirlik ko‘rilayotganini bildirdi.

Zurabishvili Gruziyada “Rossiya saylovi” bo‘lib o‘tgani, “soxtalashtirishlarni yuvib tashlash” uchun esa yangi texnologiyalardan foydalanilganini bildirdi, deya xabar qildi Ozodlikning “Exo Kavkaza” loyihasi.

Gruziya prezidenti 28-oktyabr oqshomida Tbilisi markaziy ko‘chalaridan birida joylashgan parlament binosi oldida miting bo‘lib o‘tishini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq “Birdamlik – Milliy Harakat” koalitsiyasi o‘z deputatlik mandatlaridan voz kechishini e’lon qilgan edi. Partiya raisi Tina Bokuchava “Birdamlik – Milliy Harakat” saylov natijalarini tan olmasligini bildirgan. Unga ko‘ra, “Gruziya orzusi” partiyasining g‘alabasi “Gruziya xalqiga qarshi Rossiya yo‘sinida amalga oshirilgan maxsus amaliyot”dir.

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni “katta norozilik namoyishi”ga chaqirgan.

Biz butun dunyoga erkinlik uchun kurashayotganimizni va adolatsizlikka bo‘yin egib o‘tirmasligimizni ko‘rsatishimiz lozim. Vaqt juda kam!” deb yozgan u.