"Hokimiyat uchun kurash" va boshqa nazariyalar. Qozog‘istondagi voqealar ortida nima turibdi?

Prezident Qasim-Jomart Toqayev ma’muriyati bilan mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash tobora voqealar markaziga ko‘chmoqda.

Qozog‘istonda bir necha kunlik tartibsizliklardan so‘ng norozilikni shafqatsizlik bilan bostirish davom etarkan, Ozod Yevropa- Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Panniyerning yozishicha, rejim ichida – katta ehtimol bilan prezident Qasim-Jomart Toqayev hamda uning salafi Nursulton Nazarboyev o‘rtasida kurash kechayotgani belgilari ham kuzatilmoqda.

Tinch norozilik o‘laroq boshlangan chiqishlar jadallik bilan barcha hududlarni qamrab olib, butun mamlakatni qattiq larzaga soldi, bu voqealar ortida esa, aftidan, mutlaqo boshqa narsa – hokimiyatning yuqori eshelonlari ustidan nazorat o‘rnatish uchun pinhona jang ketyapti.

So‘nggi kunlarda mamlakatning o‘nlab shaharlarida og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga qarshi ko‘tarilgan ommaviy namoyishlar ikkinchi planga surildi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev ma’muriti bilan mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash tobora voqealar markaziga ko‘chmoqda.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq rahbari Karim Mansimovning 8 - yanvar kuni davlatga xiyonatda gumon qilinib, qo‘lga olingani haqida xabar – kuchishlatar idoralar “aksilterror” amaliyotini davom ettirarkan, Qozog‘iston siyosatidagi eng qudratli ikki shaxs bir-biri bilan urushayotganining yorqin dalilidir.

Nazarboyevlar uchun bexayr mujda

5 - yanvar kuni MXQ raisi lavozimidan ozod etilgan Masimov, garchi so‘nggi oylarda OAVlarda kam tilga olingangan bo‘lsa-da, Qozog‘iston siyosat dengizidagi yirik nahanglardan biridir.

Nazarboyev tarafdorining hibs etilishi – Toqayev, “chet elda ta’lim olgan terrorchilar” mamlakatga kirib olganini payqamagan ichki razvedka va xavfsizlik kuchlarining muhtamal muvaffaqiyatsizligidan hukumatni Nazarboyev kadrlaridan tozalash uchun foydalanayotganini ko‘rsatadi.

Qozog‘istonni 2019 - yilgacha – qariyb 30 yil idora qilgan 81 yoshli Nazarboyev prezidentlikdan iste’fo berganidan so‘ng ham muhim lavozimlarni egallab kelayotgandi. Nazarboyev va uning oila a’zolari hanuz mamlakatda nufuzli kishilar sanaladi. Shu qadarki, tanqidchi va tahlilchilar o‘z chiqishlarida Qozog‘istonni hamon Nazarboyev boshqarayotganini ta’kidlab, Toqayevni “sobiq prezidentning qo‘g‘irchog‘i” deya masxara qiladilar.

Yalpi norozilik boshlanganidan keyin siyosiy maydonda ro‘y bergan voqealar, xususan Nazarboyevning 5 - yanvar kuni Xavfsizlik kengashi raisligidan bo‘shatilishi va ketidan Masimovning hibs qilinishi – Toqayev “uyini tozalash”ga kirishganini anglatdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Sharof Ubaydullaev: "Qozog‘iston bizga jiddiy saboq bo‘lishi kerak"

Masimov 20 yildan ziyod vaqtdan beri juda baobro‘ shaxs edi. Nazarboyev davrida u ikki marta bosh vazir lavozimiga o‘tirgan. Undan oldin transport va kommunikatsiyalar vaziri, iqtisodiyot va byudjetni rejalashtirish vaziri, davlat kotibi va prezident ma’muriyati boshlig‘i bo‘lib ishlagan, MXQga esa 2016 - yilda rahbar etib tayinlangan.

Uning davlat xizmatiga kirishidan oldingi faoliyati ham juda muhim, zero, asl ixtisosligi xitoyshunos bo‘lmish Masimov 1990-yillar boshlarida Pekin va Hongkongda Qozog‘istonning tijoriy manfaatlarini tamsil etgan va, tamin qilinishicha, Nazarboyevning pullarini Hongkong banklariga yashirishga bosh-qosh bo‘lgan.

Masimov ushlangani va og‘ir jinoyatlarda gumon qilinayotganligi namoyishlar boshlanganidan buyon qorasini ko‘rsatmayotgan Nazarboyev va uning badavlat va nufuzli qarindoshlari uchun sira ham xayrli mujdaga o‘xshamaydi.

8 - yanvar kuni Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay “Twitter”da “Elboshi Qozog‘istondan ketmagan va u hozir poytaxt Nur-Sulton shahrida”, deb yozdi.

Mazkur qisqa xabar sanasi va tuzilishi juda muhim, chunki 7 - yanvarda Qozog‘iston hukumati vakillari poytaxtni 2019 - yilda berilgan yangi nomi bilan atamay qo‘ygani to‘g‘risida tasdiqlanmagan ma’lumot paydo bo‘lgan edi.

Bu Toqayev Nazarboyev va uning merosini siyosatdan butkul siqib chiqargani haqidagi mish-mishlarga moy sepgandek bo‘ldi. Zero, Nazarboyevning eski tarafdori va eng sodiq kishilaridan biri o‘laroq 2019 - yil 19 - martda hokimiyatni undan qabul qilib olgach, sobiq prezident iste’foga chiqqanidan keyinoq poytaxt nomini “Astana”dan “Nur-Sulton”ga o‘zgartirgan Toqayevning o‘zidir.

“Elboshi" qayerda?

Matbuot kotibi Ukibay, aftidan, ikki yetakchi o‘rtasida qandaydir muammo mavjudligi haqidagi ovozalarga chek qo‘yishga tirishib, “Elboshi bir qator maslahat uchrashuvlarini o‘tkazayotganini va Toqayev bilan bevosita aloqada” ekanligini ham bildirdi. Va OAVlarni “yolg‘on va soxta ma’lumotlarni” tarqatmaslikka chaqirdi, eng asosiysi Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini Toqayevga o‘z ixtiyori bilan bo‘shatib berganini urg‘uladi.

Galdagi tvitida Ukibay “Nazarboyev Qozog‘istonga do‘st mamlakatlar rahbarlari bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan”ini qo‘shimcha qildi.

Ammo rasmiy xabarlarda Nazarboyevning qo‘shni mamlakatlar, xususan Rossiya yoki Xitoy yetakchilari bilan so‘zlashgani to‘g‘risida lom-mim deyilmadi. Ushbu davlatlarning vakillari o‘z rahbarlarining Toqayev bilan suhbatlashgani ma’lum qilishdi. Faqatgina Belarusь rejimi 5 - yanvardagi xabarnomasida Qozog‘istonning sobiq prezidenti rostdan ham Lukashenko bilan muloqot qilganini bildirdi.

Ukibay yana “Twitter”da yozishicha, “Elboshi ushbu muammolarni yengib o‘tish va mamlakatning hududiy butligini ta’minlash uchun barchani Qozog‘iston prezidenti atrofida jipslashishga chaqirmoqda”.

Sobiq prezident voizining izohlari shunisi bilan qiziqki, agar unga ishonilsa, Nazarboyev hali-hamon “millat lideri” maqomini saqlab turibdi, Toqayev bilan aloqada bo‘lib turibdi va uning rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra o‘nlab odamlar o‘limiga, yuzlab kishilarning yaralanishiga, qariyb 6000 kishi qo‘lga olinishiga va yuzlab million dollarlik moddiy zarar yetishiga olib kelgan tartibsizliklardan so‘ng mamlakat ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida namoyishlarni kuch bilan bostirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qozog‘istonda internet davlat tomonidan bloklanib, mobil aloqa ishida uzilishlar bo‘layotgani tufayli ushbu raqamlarni tekshirish imkoni yo‘q. Biroq aloqa vositalariga qo‘yilgan yalpi to‘siqlardan oshib kelayotgan uzuq-yuluq xabarlar talafotlar ko‘lami ancha kattaligidan dalolat bermoqda.

Butun inqiroz davrida Nazarboyevni birov na ko‘rdi va na eshitdi, ammo bu “uning ahvoli uncha yaxshi emas yoki uni sukut saqlashga majbur etishyapti”, degani ham emas. Chunki so‘nggi yillarda Nazarboyev Qozog‘istonda tartibsizliklar sodir bo‘lgan pallada sahnadan g‘oyib bo‘lib qolishni odat qildi.

Biroq uning sodiqlaridan Masimovdek shaxsning hibslangani Nazarboyev uchun xayrli ishora emasligi shak-shubhasiz. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, Masimovning Qozog‘iston nufuzli klanlari bilan yaqin aloqalari yo‘q, shu bois ham u Toqayevga oson o‘lja bo‘ldi.

Ibtido

Yoqilg‘i narxi keskin oshganiga tufayli Qozog‘iston g‘arbidagi neftchilar shahri – Janao‘zenda Yangi yil bayramidan keyin-oq boshlangan tinch norozilik qisqa fursat ichida iqtisodiy qiyinchiliklar, siyosiy jarayonlarda ishtirok etish imkoniyati yo‘qligi va hukumatning ushbu muammolar qarshisidagi harakatsizligiga qarshi ommaviy namoyishlar tusini oldi.

Toqayev yoqig‘i narxlarini tushirdi, so‘ngra hech kutilmaganda shiddat bilan yoyilib, toboar katta kuchga aylanayotgan xalq noroziligini yumshatish umidida hukumatni iste’foga chiqardi.

Biroq 5 - yanvarda Qozog‘iston prezidenti so‘z ohangini o‘zgartirdi: u namoyishlar ortida “chet elda tayyorgarlikdan o‘tgan terrorchilar” turganini iddao qilib, bundan pirovardida butun mamlakatni qamrab olgan maxsus amaliyot o‘tkazishga buyruq berishda va Rossiya itoatidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini (KXShT) yordamga chaqirishda bahona o‘laroq foydalandi.

Bunga qadar, Masimov hali MXQga rahbar ekan, politsiya va xavfsizlik kuchlari namoyishlar zo‘rayib, mamlakat bo‘ylab yoyilishiga o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda passiv munosabatda edi.

Toqayev 2019 - yilda prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganidan e’tiboran Qozog‘istonda norozilikning yangi davri boshlandiki, bunaqasi 1990-yillardan buyon ko‘rilmagandi. Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish idoralari va xavfsizlik kuchlari ham ochiq norozilik chiqishlarini bostirishda mahorat kasb etdi, chunonchi, hali mitinglar boshlanmay yuzlab faollar va tashabbuskorlarni tezda qo‘lga olish orqali “norozilikni tug‘ilmasidan bo‘g‘ish”ning hadisini oldi.

So‘nggi norozilik chiqishlarida yaqqol liderlar yo‘q edi, norozilik o‘z-o‘zidan olovlandi, biroq namoyishchilar shaharlarda ko‘chalarni to‘ldirib marsh qilisharkan va bosh maydonlarga to‘planisharkan, hukumatning sustkashlik qilishi va avj olayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun jazo kuchlarini ishga solmagani kishini taajjubga soladi. To Masimov iste’foga chiqarilguncha vaziyat shu alfozda saqlanib turdi

“20 ming terrorchi”

5 - yanvar oqshomida Olmaoadagi minglab namoyishchilar orasida qurolli kimsalar bor edi. Ular kuchishlatar xodimlar bilan otishishdi, hukumat binolariga hujum qilishdi va o‘t qo‘yishdi, savdo shoxobchalarini talon-toroj qilishdi.

Bu zo‘ravonliklar ortida kimlar turgani hamon aniq emas, ammo Qozog‘iston rasmiy shaxslari erta-indin bu odamlar kimligi va ularni qanday kuch boshqargani borasida o‘z versiyalarini ochiqlasalar kerak, albatta.

Toqayev birgina Olmaotaga “20 000 terrorchi” hujum qilganini aytdi, 7 - yanvarga borib butun mamlakat bo‘yicha “terrorchilik tahdidi”ning eg yuqori – “qizil darajasi” e’lon qilindi.

So‘ngra prezident xavfsizlik kuchlariga “ogohlantirishsiz tikka o‘t ochish”ga farmoyish berganini ma’lum qildi.

Bu qadar katta miqdordagi “terrorchilar” qanday qilib hatto kichik muxolif guruhlarning mayda tashabbuslarini ham yashin tezligida barbod qilishda yuqori samaradorligini bot-bot namoyish etgan qudratli xavfsizlik xizmatlariga chap bergan holda mamlakatga kirib olganiga aql bovar qilmaydi.

Toqaev 7 - yanvar kuni “Twitter”dagi akkauntida terrorchilar Olmaotaga jami “olti marta hujum qilgan”ini ma’lum qildi va yana bir bor “ayrimlari qozoq tilida gapirmagan” 20 ming “terrorchi” “politsiyachilarni va yosh askarlarni kaltaklashgani va urishgani... xususiy binolar va do‘konlarni g‘orat qilishgani, tinch fuqarolarni o‘ldirishgani va ayollarning nomusiga tajovuz qilishgani” haqida yozdi.

Ammo keyinroq bu tvitlar o‘chirildi.

Keng tarqalgan nazariyalardan biriga ko‘ra, qurolli va marodyorlik bilan shug‘ullangan kimsalar Nazarboyev davrida gullab-yashnagan uyushgan jinoiy guruhlar a’zolari bo‘lib, sobiq prezident va unga yaqin odamlarni hokimiyatdan chetlatishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi turish maqsadida ko‘chalarga tashlangan bo‘lishi mumkin.

Mazkur faraz Nazarboyevning ukasi Bo‘lat va jiyani (Elboshining marhum ukasi Sotiboldining o‘g‘li), MXQ raisining o‘rinbosari Samat Abishni qurolli tuzilmalar mutasaddilari bilan bog‘laydi.

Avvaliga Abish 5 - yanvarda ishdan bo‘shatilgani xabar qilingan edi, lekin 8 - yanvar kuni MXQ matbuot xizmati ushbu ma’lumotni “yolg‘on” deb atab, Abish o‘z lavozimida qolayotganini bildirdi. Uning muhtamalan lavozimga tiklanishi “Nazarboyev hokimiyatini saqlab qolibdi” degan mazmundagi mish-mishlar urchishiga sabab bo‘ldi.

Nega aynan hozir?

Mish-mishlarga rejim ichidagi nizolar sabablari ham mavzu bo‘layotir. Ko‘pchilikning taxminicha, namoyishlar hokimiyatni egallab olish maqsadida qo‘llangan.

1990-yillarda Qozog‘iston bosh vaziri bo‘lgan va hozirda cht eda yashayotgan Akejan Kajegeldin fikriga ko‘ra, kuchishlatar tuzilmalar tarafidan Toqayevga qarshi “fitna” uyushtirilgan – Toqayev o‘z xavfsizlik kuchlariga ishonmay, KXShTdan yordam so‘raganini shu bilan izohlash mumkin.

Kajegeldin “mahalliy huquqni himoya qiluvchi idoralar joriy etilgan komendantlik soatiga rioya qilinishini nega ta’minlay olmadi?” deya savol qo‘yadi va “Olmaotadagi MXQ binosi g‘orat qilinib, qurollar notayin kimsalar qo‘lia tushgan”idan hayratda ekanini aytadi.

Ko‘pchilik Toqayev va Nzarboyevning 27 - dekabr kun Moskvaga tashrifi videotasvirini ham muhokama qilmoqda – unda sobiq prezident anchagina behol ko‘rinadi. Va ayrimlar shunga tayanib, “Nazarboyevning o‘limi yaqin bo‘lsa kerak, uning tarafdorlari tartibsizliklar bahonasida Toqayevni ag‘darishga harakat qilgan”, degan taxminni ilgari surishmoqda.

Yana ba’zilar bu Toqayev va odamlarining ishi ekanligini, ular shu yo‘l bilan Nazarboyev o‘limi oldidan amaldagi prezident hokimiyatini mustahkamlashni ko‘zlaganini uqtirishadi.

Ayrimlar Rossiyaning KXShT tinchlikparvar kuchlari otryadini Qozog‘istonga yo‘llash qarori juda tezlik bilan qabul qilinganini Kreml Toqayevni dastaklayotgani belgisi sifatida talqin qilishmoqda.

Shuningdek, go‘yo Nazarboyev bilan Toqayev, qator nufuzli shaxslardan qutulish maqsadida birgalikda harakat qilayotgani haqidagi nazariya ham bor.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Dimash Aljanov, agar Nazarboyev va yoki uning oilasi Qozog‘istondan ketsa yoki allaqachon ketgan bo‘lsa, bu faqat Toqayevning izni bilan bo‘lishi mumkinligini urg‘uladi.

Shubhasiz, voqealar rivojiga qarab yaqin kunlarda e’lon qilinajak yangi ma’lumotlar bizning ayrim xulosalarimizni to‘ldiradi yoki inkor etadi. Va, ehtimol, parda ortidagi o‘yinlar ssenariylari yanada ko‘payadi.

Ammo xavfsizlik kuchlari Toqayevning “chet elda yetishtirilgan terrorchilar”ini quvib yurarkan, Nur-Sultondagi muhtasham hukumat binolarining oliymaqom kabinetlarida mamlakatning yaqin oylardagi, ehtimolki, yillardagi kelajagini hal qiluvchi jangu jadal kechayotganini ta’kidlash adolatdan bo‘ladi.