O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov “Kapitalbank”ning afillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi.
Bu haqda Korporativ ma’lumotlar yagona portalidagi yangilangan ma’lumotlardan anglashiladi.
Ayni paytda Korporativ ma’lumotlar yagona portalidagi ma’lumotga ko‘ra, “Kapitalbank”ning kamida 45 foiz aksiyalari asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovga qarashli USM xolding tarkibidagi «Telekominvest» hamda u bilan afillangan «Korus» shirkatiga o‘tgan.
“Kapitalbank” O‘zbekiston bank sektoridagi yetakchi pozitsiyani egallagan moliya shirkatlaridan biridir.
Asos keltirilmadi
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yil oktabridan buyon “Kapitalbank” ning 50 foiz aksiyalariga egalik qilib kelgan Oybek Tursunov 21 - yanvar kuni bankning afillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgan, lekin bu amaliyot qanday asoslarga ega bo‘lgani to‘g‘risida ochiq ma’lumot mavjud emas.
Markaziy bank bayonotida elektron pullarni ishlab chiqarish huquqi “Payment Aggregation Systems” MChJga va “Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat bankiga berilgani qayd etildi.
Korporativ ma’lumotlar yagona portalidagi ma’lumotda bank “qimmatbaho qog‘ozlari”ga hamda “qimmatbaho qog‘ozlar mohiyati”ga oid kataklarda “-“ belgisi qo‘yilgan.
“Hodisa tipi” katakchasida esa “chiqarildi” degan so‘z yozilgan, xolos.
“Kapitalbank”ning Oybek Tursunov tasarrufiga o‘tishi
Oybek Tursunov 2021 - yilning 29 - oktabr kuni "birjadan tashqari savdo-sotiq"da “Kapitalbank”ning 112 million aksiyasini qo‘shimcha ravishda sotib olgani xabar qilingandi.
Bu bilan 2019 - yildan beri bank hissadori sifatida tilga olinib kelinadigan Oybek Tursunov “Kapitalbank”dagi ulushini 50 foizga yetkazgan.
Bunga qadar Oybek Tursunov “Kapitalbank”ning 52,43 million aksiyasi egasi bo‘lgan.
O‘zbekiston Markaziy banki “Kapitalbank”ni Oybek Tursunov o‘z nazoratiga olganidan 14 kun o‘tgach, 11 - noyabr kuniQIWI Uzbekistan elektron pulini o‘z reestriga kiritdi va ishlab chiqarishga ruxsat berdi.
Markaziy bank bayonotida elektron pullarni ishlab chiqarish huquqi “Payment Aggregation Systems” MChJga va “Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat bankiga berilgani qayd etildi.
Nazorat paketi Usmonovga o‘tgan bo‘lishi mumkin
2022 - yilning 10 - yanvarida “Toshkent” respublika fond birjasi asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovga qarashli USM Holdings shirkati sho‘’basi bo‘lgan “Telekominvest” “Kapitalbank” ustav kapitalining 8,33 foizini sotib olgani va bu bilan o‘z ulushini 25 foizga yetkazgani to‘g‘risida bildirgandi.
Korporativ ma’lumotlar yagona portalida bosh qarorgohi Rossiya poytaxti Moskva shahri 1-Tverskoy-Yamskoy tor ko‘chasi sifatida ko‘rsatilgan “Telekominvest” “Kapitalbank”ning 20 foiz va undan ko‘proq aksiyalari egasi sifatida qayd etilgan.
Bundan tashqari, bosh qarorgohi Rossiya poytaxti Moskva shahri 1-Tverskoy-Yamskoy tor ko‘chasi sifatida ko‘rsatilgan “AO Korus” ham “Kapitalbank”ning 20 foiz va undan ko‘proq aksiyalari egasi sifatida qayd etilgan.
Korporativ ma’lumotlar yagona portalida bosh qarorgohi bitta ko‘cha va bitta binoda ekani qayd etilgan “Telekominvest” va “AO Korus” “Kapitalbank” bilan afillangan yuridik shaxslar sifatida 2022 - yilning 12 - yanvarida ro‘yxatga olingan.
Ochiq ma’lumotlarda "Telekominvest" Moskva shahri 1-Tverskoy-Yamskoy ko‘chasi 18-uyning 3-qavatidagi 64-xonada, "AO Korkus" Moskva shahri 1-Tverskoy-Yamskoy ko‘chasi 18-uyning 1-qavatidagi 36-xonada joylashgani qayd etilgan.
51 million so‘mlik ruchka
Oybek Tursunov 2017 - yilda Prezident Administratsiyasi Moliya-xo‘jalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasining bosh direktori lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida Ozodlik o‘z manbalariga tayanib xabar bergan edi.
Ozodlik ixtiyoridagi rasmiy hujjatda Oybek Tursunov soliq to‘lovchi hisobidan 51 million so‘mga qimmatligi bilan nom chiqargan Mont Blanc ruchkasi sotib olgani qayd etilgan.
Tursunovning hozirda ham Prezident Administratsiyasi Moliya-xo‘jalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasining bosh direktori lavozimda qolgan-qolmayotgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Oybek Tursunov 2020 - yilda Uzcard nizom kapitalining 75 foizini ham sotib olgandi. Keyinroq bu shirkatning 51 foiz hissasi O‘zbekiston Milliy banki tasarrufiga o‘tgan.
Ikki yil muqaddam Ozodlik Toshkentdagi 100 dan ortiq tadbirkorga tegishli 11¸5 million dollarga baholangan yer shahar hokimining qarori bilan Oybek Tursunovga aloqador shirkatga tekinga berilgani haqida yozgan edi.
O‘zbekistonning joriy prezidenti oilasiga yaqin shaxslar, xususan kuyovlarining ko‘p million dollarlik biznes egalariga aylanishi Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan deyarli bir vaqtda boshlangan trend hisoblanadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ozodlik o‘tgan yil sentabrida e’lon qilgan jurnalistik surishtiruv Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovga tegishli shirkatlarga O‘zbekistonning Prezident nazoratidagi Tiklanish va Taraqqiyot jamg‘armasidan o‘nlab million dollar mablag‘ ajratilganini o‘rtaga chiqargandi.
Na kuyovlar va na prezident Mirziyoyev administratsiyasi hozirga qadar Ozodlik surishtiruvidagi ma’lumotlarga munosabat bildirmagan, jumladan, ularni rasman hech qachon rad etgan emas.