2022 - yilning fevral oyi boshlarida Rossiya 10–20 - fevral kunlari o‘tkaziladigan “Ittifoq qat’iyati – 2022” qo‘shma harbiy mashqlari doirasida Belarusga bir necha ming askar yo‘lladi.
RF Mudofaa vazirligiga ko‘ra, mashqlar Belarusning asosan g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlarida joylashgan Domanov, Goja, Obuz-Lesnov, Brest va Ochipovich poligonlarida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, mashqlarda Baranovichi, Luninets, Lida va Machulishchidagi to‘rt aerodromdan ham foydalaniladi. Sanab o‘tilgan hududlarning barchasi Ukraina chegaralariga yaqin.
Rossiyadan Belarusga yetib kelgan harbiylarning aniq soni rasman ochiqlanmadi. Sharhlovchi Artyom Shraybman Moskvadagi Karnegi markazi uchun yozgan maqolasida “Belarusning butun postsovet tarixida uning hududida bu qadar ko‘p rus askari bo‘lmagan edi”, deya qayd etdi.
Ammo fevral boshlarida Minskka kelgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo‘shinlar soni “2011 - yilgi Vena hujjatlarida belgilangan parametrlardan ortiq emas”ligini, binobarin, Moskvaga o‘tkazilayotgan harbiy tadbirlar haqida boshqa mamlakatlarni xabardor qilish majburiyatini yuklamasligini aytgan edi.
Rossiya Belarusdan tashqari, Ukraina bilan chegaralariga yaqin bo‘lmish boshqa hududlar – Rostov, Bryansk, Voronej viloyatlari hamda anneksiya qilingan Qrimda ham 2021 - yil oxiridan beri harbiy texnikalarni jamlamoqda.
Kuzatuvchilar ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina chegaralariga 120 ming nafar askar tashlangan, ularning salmoqli qismi Sibir va Uzoq Sharqdan keltirilgan.
Belarusga rus askarlari kelayotgani haqidagi ilk xabarlar ijtimoiy tarmoqlarning Belarus segmentida 18 - yanvar kuni paydo bo‘ldi. Mahalliy aholi harbiylar o‘zlarining zil-zambil mashinalarini tushirib-ortishda temir yo‘l bekatlaridagi qurilmalardan foydalanib, ularni sindirishayotgani, ortlaridan ko‘p chiqindi qoldirishayotganidan shikoyat qilishdi.
Ozodlikning belarus xizmati mashqlar o‘tkazilayotgan tumanlarda yashovchi bir necha kishi bilan suhbatlashganida ular rus harbiylari chodirlardan lager qurib yashagan paytlarida “ko‘p ichkilikbozlik qilishgan”i va “dizel yoqilg‘isini pullashgan”i haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, guvohlar Rossiya harbiy texnikasi va askarlarini nafaqat rasman belgilangan mashg‘ulotlar o‘tkazish joylarida, balki boshqa hududlarda ham ko‘rishganini aytishdi.
“Shaxsan men shahrimiz ko‘chalarida gusenitsali harbiy mashinalarni uchratdim. Askarlar shahar tevaragidagi o‘rmonlarga joylashishgan. Ular ko‘p ichkilikbozlik qilishadi, harbiy texnikalardan dizel yoqilg‘isini o‘g‘irlab sotishadi. Hammalari chodirlarda tunaydi”, deydi Gomel viloyatining Xoyniki shahri turg‘unlaridan biri.
Darvoqe, bu shahardan Ukraina chegarasigacha masofa 50 chaqirim ham emas.
Xoyniki rasman mashqlar hududiga kirmaydi: harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish hududlarida ro‘yxatiga u atrof-muzofotdan Ukraina chegarasiga tutash bo‘lmish qo‘shni Bragino tumanigina kiritilgan edi.
Xoyniki turg‘unlarining so‘zlarini Belarus temir yo‘llari mavzusida yozadigan @bel_zhd telegram-kanali tasdiqladi. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, 14-15 - fevral kunlari Xoyniki temir yo‘l vokzalida Rossiya harbiy texnikalari platformadan tushirilgan. Harbiy texnika va rus askarlari u yerga Rechitsa tarafdan, Vasilevichi tarmoq stansiyasi orqali poyezdlarda tashilmoqda.
“Texnikalar tushirilayotgan paytda bu bodilar temir yo‘lda, relslarning ustida turib olishadi va poyezd chamasi 200 metrcha masofaga yaqinlashgan paytdagina o‘zlarini chetga olishadi. Mashinistlar ularni urib ketmaslik uchun ba’zan favqulodda tormozlanishga majbur bo‘lishmoqda”, deb yozdi @bel_zhd.
Stansiyalarda poyezdlar asosiy yo‘llardan yuradi, poyezdlarni qabul qilish, vagonlardagi yukni tushirish va ularga yuk ortishda, shuningdek poyezd va vagonlarni saqlab turishda alohida – to‘xtab turish, saralash, biriktirish yo‘llaridan foydalaniladi. Shunga ko‘ra, @bel_zhd telegram-kanali qayd etgan bu kabi holatlar temir yo‘lda xavfsizlik qoidalarini juda qo‘pol tarzda buzishdir.
Yana guvohlarning aytishicha, Belarusning kichikroq stansiyalardagi yuk ortish-tushirish qurilmalari Rossiyaga tegishli harbiy texnika va mashinalar zalvoriga dosh bera olmay, ishdan chiqyapti.
“Harbiy texnikalarni tushirish chog‘ida rampalar tiklab bo‘lmaydigan darajada bukilib ketyapti. Ko‘p hollarda texnika platformadan ag‘darilib ketadi. Yuklarni tushirib bo‘lganimizda atrofda turli aslahalar (zirhli nimchalar, kaskalar, individual imoya vositalari) sochilib qoladi”, deya hikoya qilishgan ular.
Guvohlar Rossiya askarlaridan so‘ng temir yo‘l izlarida ko‘p chiqindi qolayotganidan shikoyat qilishgan. Ayniqsa, Ukraina chegarasidan atigi 20 chaqirim naridagi El shaharchasi (Gomel viloyati) yaqinidan o‘tgan temir yo‘lda ko‘p chiqindi uyumlari qolgani aytilmoqda.
“Uch chaqirim yo‘l uzunligida har 20 qadamda chiqindiga to‘la yelimxaltalar yotibdi. Aroqdan bo‘shagan shishalar, bo‘sh plastik va tunuka idishlar, qutilarning son-sanog‘i yo‘q”, deydi yana bir guvoh.
Belarus Mudofaa vazirligi rasmiy xabarnomasiga ko‘ra, Gomel viloyatining Bragino tumanidagi mashqlarda raketa qismlari ham ishtirok etadi. 15- fevral kuni harbiylar “Tochka” taktik raketa majmuasidan 60 chaqirim masofadagi nishonni raketadan urishdi – Braginodan Ukrainaning Chernigov shahrigacha masofa taxminan shunchaga teng.
Shuningdek, rossiyalik harbiylar Belarusga ikkita S-400 “Triumf” zenit-raketa tizimlari divizioni, bir nechta “Pansir” raketa-to‘p majmuasi, Su-35S qiruvchi uchoqlari, “Iskander-M” operativ-taktik majmualari va boshqa og‘ir texnika keltirilganini ma’lum qilishgan.
Rasmiy ma’lumotga qaraganda, “Ittifoq qat’iyati – 2022” qo‘shma mashqlari 20 - fevral, yakshanba kuni yakunlanadi. Biroq 15 - fevral kuni ertalab Rossiya Mudofaa vazirligi Belarusdan o‘z harbiylarini bosqichma-bosqich olib chiqa boshlaganini e’lon qildi. Mazkur xabar G‘arb razvedka xizmatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ehtimoli eng yuqori bo‘lgan sana deb atagan 16 - fevraldan taminan bir sutka oldin yoyinlandi.
RF va Belarus qo‘shma mashg‘ulotlari stsenariysiga ko‘ra, “G‘arb” mamlakatlari koalitsiyasi (Nyaris, Pomoriya, Klopiya va ularning itoatidagi terrorchilik tashkilotlari) Polesьe Respublikasi (taxmin qilinishicha, bu Belarusning shartli nomi) hududida vaziyatni beqarorlashtirib, uni qo‘shni Dneproviya Respublikasi (taxminan – Ukraina) bilan urush qilishga undaydi.
“G‘arbliklar” tinchlikparvar kuchlar niqobi ostida u yerga qo‘shin kiritib, agressiyani boshlashadi, ammo Shimoliy Federatsiya (chamasi, Rossiya) Polesye Respublikasining yonini oladi va ular birga jangarilar hujumini daf qilishadi.