"Mana, hayotdan nima qoldi". Isroilning G‘azodagi urushi oqibatlari

G‘azo bo‘lgasi. Illyustratsiya

G‘azo sektori aholisi "Ozodlik"ning fors xizmatiga Isroil urushi boshlanganidan bir yil o‘tib, Falastin anklavida omon qolish uchun qanday kurashayotgani haqida so‘zlab berdi.

AQSH va Yevropa Ittifoqida terrorchi tashkilot deb tasniflangan HAMAS Falastin guruhi bir yil oldin Isroilga misli ko‘rilmagan hujum uyushtirganda, Muhammad Nosirning hayoti "avvalgi" va "keyingi"ga bo‘lindi.

7-oktyabrdagi hujum natijasida 1200 ga yaqin odam halok bo‘lganidan bir necha soat o‘tgach, Isroil G‘azo sektorida zamonaviy tarixdagi eng halokatli va vayronkor bombalash kampaniyasini boshladi.

Nosir muxbir bo‘lib, ushbu hududning ma’muriy markazi bo‘lgan G‘azo shahrida mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida ishlagan. Ammo bir necha hafta o‘tgach, Isroil qo‘shinlari quruqlikka bostirib kira boshlaganda, u o‘z uyini tashlab, kasbini tark etishga majbur bo‘ldi.

"Biz shoshilinch tarzda evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldik, o‘zimiz bilan hech qanday shaxsiy buyumlarni, hatto kiyim-kechaklarni ham ola olmadik, – dedi G‘azo shahridan g‘arbda joylashgan Bayt-Laxiya shahrida yashovchi Nosir. – Mashinamga o‘tirishga ham ulgurmadim."

Olti farzandning otasi bo‘lgan Nosir ham bir yildan beri davom etayotgan urushda yaqinlaridan ayrildi.

"Singlim va uning barcha bolalari halok bo‘ldi," dedi Nosir va ular BMTning G‘azo shimolidagi Yordam ko‘rsatish va ishlarni tashkil etish agentligi boshqaradigan maktabda yashiringanida, Isroil kuchlari tomonidan hujumga uchraganlarini qo‘shimcha qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

ҲАМАС “тўлақонли келишув”га рози

Isroil urushi dunyodagi eng gavjum hududlardan biri bo‘lgan G‘azodagi tinch aholiga va infratuzilmaga katta zarar yetkazdi.

O‘tgan yilning 7-oktyabridan buyon G‘azoda 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholidir. Bu HAMAS nazorati ostidagi Falastin hududlari Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari. Isroil Hamasning 17 mingga yaqin jangchisini o‘ldirganini ma’lum qildi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azo aholisining 85 foizdan ortig‘i yoki 1,9 milliondan ziyod kishi anklavda ichki ko‘chirilgan shaxslardir. G‘azo sektorining deyarli barcha aholisi ochlikka duch kelmoqda.

Nosir va uning oilasi Isroil qo‘shinlari va havo hujumlaridan doim qochib yuradi. Hozir ular O‘rta yer dengizi bo‘yidagi torgina yerda joylashgan Al-Mavosiydagi chodirda yashashmoqda.

Nosir hatto u yerda ham oilasi o‘tgan yili qochqinlar lagerlari, maktablar va kasalxonalarga zarba bergan Isroil harbiy uchoqlaring nishoniga aylanishi mumkinligidan xavotirda.

Isroil G‘azodagi "terrorchi" infratuzilma va binolarni nishonga olayotganini aytdi va HAMASni tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanishda aybladi.

"Bolalarim, qarindoshlarim va men jiddiy xavf ostidamiz, – deydi Nosir. – Qarindoshlarimiz tarqalib ketgan. Biz hatto bir joyda to‘plana olmaymiz."

G‘azo shahridan bo‘lgan quruvchi muhandis Hakim ham ko‘chmanchiga aylandi.

"Biz barchamiz boshpana uchun xavfsiz joy topishga e’tibor qaratyapmiz, – dedi 41 yoshli erkak Ozodlikka. – Qayer xavfsizroq? Suvni qayerdan olamiz? Hayotimiz mana shunday bo‘lib qoldi."

G‘azo sektorida Isroil urushi oxiri ko‘rinmayapti. Oqibatda kamida 346 nafar isroillik askar ham halok bo‘ldi. HAMAS harbiy jihatdan zaiflashgan bo‘lsa-da, Isroilga sektordan raketa uchirishda davom etmoqda.

Isroil so‘nggi haftalarda Livanga bostirib kirib, qurolli guruh va janubiy Livanning katta qismini nazorat qiluvchi siyosiy partiya bo‘lgan "Hizbulloh"ga havo hujumlarini amalga oshirib, jangovar harakatlar hududini kengaytirdi.

Mintaqani qamrab olgan zo‘ravonlik kuchayganiga qaramay, Hakimning uyga qaytishiga shunchaki umid qilishdan boshqa iloji yo‘q.

"Biz shimolga qaytish va 7-oktyabrgacha bo‘lgan hayotimizni tiklash imkoniyatini orzu qilamiz," dedi to‘rt farzandning otasi.