"Men nafaqaxo‘rman". Nazarboyev hech qayoqqa ketmagani va elita orasida bo‘linish yo‘qligini aytdi (VIDEO)

Qozog‘istonda 2 - yanvarda boshlangan norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklardan beri jamoatchilikka ko‘rinish bermagan sobiq prezident Nursulton Nazarboyev 18 - yanvar kuni videomurojaat bilan chiqdi.

U o‘z murojaatida Nur-Sultonda ekanini va mamlakat elitasi o‘rtasida hech qanday konflikt mavjud emasligini aytdi.

-Men 2019 - yilda prezidentlik vakolatini Qasim-Jo‘art Toqayevga o‘tkazib berdim. O‘shandan beri pensionerman. Ayni paytda mamlakat poytaxti Nur-Sultondaman va hech qayerga ketganim yo‘q. Prezident Qasim-Jomart Toqayev hokimiyatning to‘liq vakolatlariga ega. U Xavfsizlik kengashi raisidir. Tez orada u “Nur Otan” partiyasi raisligiga saylanadi. Shuning uchun mamlakat elitasi orasida hech qanday konflikt yoki qarama-qarshilik mavjud emas. Bu boradagi mish-mishlar mutlaqo asossizdir,-dedi Nazarboyev.

O‘z nutqida sobiq prezident Qasim-Jomart Toqayev siyosatini qo‘llab-quvvatlash lozimligi to‘g‘risida ham gapirdi.

Prezidentlikdan ketganidan so‘ng Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini saqlab qolgan edi. Qozog‘istondagi noroziliklar ortidan u bu lavozimni tark etganini bildirgan.

Ayrim tahlilchilar Qozog‘istondagi voqealarni Toqayev bilan Nazarboyevga yaqin odamlar o‘rtasidagi elitalararo kurash sifatida baholagan edi.

  • Nazarboyev hozir 81 yoshda. U Qozog‘istonga 30 yil rahbarlik qilgan, 2019 - yilda prezident lavozimidan ketgan bo‘lsa-da, umri oxirigacha Xavfsizlik kengashi raisi va iqtidordagi partiya rahbari bo‘lib qolgan. Nazarboyevning qarindoshlari va yaqinlari esa muhim lavozimlarda ishlashda davom etgan.
  • Norozilikning avj pallasida, 2022 - yil 5 - yanvar kuni Toqayev xalqqa murojatida Xavfsizlik kengashiga endi o‘zi rahbarlik qilishini e’lon qildi. Bir necha kun o‘tgach Nazarboyevning matbuot kotibi sobiq prezident bu lavozimdan o‘z ixtiyori bilan ketganini aytdi. So‘nggi kunlarda Nazarboyevning qarindoshlari va sodiqlaridan ham bir necha kishi lavozimidan ketkazildi. Bularning bari Nazarboyev bilan uning vorisi bo‘lmish Toqayev o‘rtasida nizo borligi, shuningdek Nazarboyevning taqdiri va makoni xususida mish-mish va munozaralarni paydo qildi.
  • Qozog‘istonda norozilik 2 - yanvar kuni gaz narxi keskin oshirilgani ortidan boshlangan edi. Keyinchalik mitingchilar siyosiy talablarni ham ilgari surishdi. Nazarboyevning hokimiyatdan va siyosatdan ketkazish talabini bildiruvchi “Shal, ket!” (“Chol, ket!”) xitobi norozilik aksiyalarining eng mashhur shiori bo‘ldi.
  • Namoyishlar manzarasida qator shaharlar, eng avvalo Olmaotada tartibsizlik va beboshliklar boshlandi, qurol qo‘llanildi. Qozog‘iston rasmiylari tartibsizliklarni norozilar emas, chet elda etishtirilgan terrorchilar uyushtirganini iddao qilishdi. Toqayevning iltimosi bilan mamlakatga Rossiya va uning ittifoqchilari harbiylari kiritildi. Bir necha kun o‘tib, tartibsizliklar bosilgach, qo‘shinlar mamlakatdan olib chiqib ketila boshlandi. Nazarboyev o‘z nutqida Qozog‘istonga qo‘shin kiritilganini eslamadi, shuningdek terrorchilar haqida ham gapirmadi.
  • Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar voqealari natijasida Qozog‘istonda 225 kishi qurbon bo‘lgan, ularning aksari tinch aholi vakillaridir.