O‘zbekiston hududida ikki qadimiy shahar topildi

Illyustrativ surat

Arxeologlar O‘zbekiston janubi-sharqidagi tog‘larda o‘rta asrlarga oid Tugunbuloq va Toshbuloq shaharlari qoldig‘ini topdi.

BBCning ilm-fan olamida katta nufuzga ega Nature jurnaliga tayanib yozishicha, tadqiqotchilar guruhiga Sent-Luisdagi Vashington universiteti antropologi Maykl Fraketti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov rahbarlik qilgan.

120 gektar maydonni egallagan Tugunbuloq shahrida 300 dan ortiq inshoot, shu jumladan, markaziy qal’a va beshta qo‘riqlash minorasi bo‘lgan.

Tugunbuloqqa nisbatan kichikroq hududni egallagan (12-15 gektar) Toshbuloqdan ham 100 ga yaqin qadim turarjoy topildi.

Tadqiqotchilar fikricha, Toshbuloq VI-XI asrlar, Tugunbuloq esa VIII-XI asrlarda gavjum shaharlar bo‘lgan.

Har ikki manzilgoh dengiz sathidan 2000 metr balandda joylashgan.

Nature jurnali hozirda Yer sayyorasi aholisining 3 foizdan kamrog‘i ana shunday balandlikda (asosan Tibet yassi tog‘ligi va And tog‘larida) istiqomat qilishini eslatgan.

Odatda olimlar aholi turarjoylari mavjudligini isbotlash uchun tekis vodiylarni o‘rgangan, shu sabab ushbu topilma e’tiborga molik”, degan Oksford universiteti professori Piter Frankopan.

Qayd etilishicha, ushbu ilmiy yangilik afsonaviy Buyuk ipak yo‘liga doir qarashlarni o‘zgartirib, Markaziy Osiyo tog‘laridagi shahar hayoti xususidagi tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi.