“O‘zimni haliyam xavfsiz his qilmayapman”: Rossiyani tark etgan yigit hikoyasi (VIDEO)

Sergey Samborskiy

Sergey Samborskiy Rossiyani shoshilinch tark etishidan avvalroq prezidentning inson huquqlari bo‘yicha komissari Tatyana Moskalkova bilan uchrashgan.

Tomskda istiqomat qiluvchi Samborskiy o‘tgan oy Sibir shahridagi eng yirik COVID-19 kasalxonasining ayanchli sharoitlari aks etgan videoni e’lon qilganidan so‘ng anchagina tanilib ulgurdi. Ozodlik bilan suhbatda u Moskalkova idorasidagi “ishonchli” manbalar unga zudlik bilan mamlakatni tark etishni maslahat berganini aytdi.

“U yerdagilar menga Rossiyada qolmaslikni, qolish juda xavfli bo‘lishini uqtirishdi”, dedi Samborskiy.

“Qandaydir xavf belgilarini payqadim deb ayta olmayman. Meni hech kim kuzatmadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid ham bo‘lgani yo‘q, – dedi u. – Ammo, birinchi navbatda, meni ogohlantirgan manba ishonchli edi. Ikkinchidan, atrofimdagi voqealar xavfli tus ola boshladi”.

Samborskiyning so‘zlariga ko‘ra, Tomsk prokuraturasi uning kasalxona ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskvadagi Tergov qo‘mitasiga shikoyat bilan murojaat qilganiga e’tiroz bildirgan.

Samborskiy buni “Mahalliy huquq-tartibot idoralarining tibbiyot xodimlari bilan aloqasi borligini va ular qonunbuzarliklar haqida bilsa‑da, hech kimni jazolamasligini bilganim uchun Moskvaga bordim”, deb izohladi.

Oktabr oyi oxirida Samborskiy 84 yoshli buvisi Tomskdagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida reanimatsiyada davolanayotganini eshitadi. Sergeyga buvisini ko‘rishga ruxsat berilmagan, ammo u boshqa bemordan buvisi noto‘g‘ri davlanayotgani haqida xabar topgan.

Shundan so‘ng, u himoya vositalarini kiyib, boshqa bo‘limdan terapevt ekanligini aytgan va shifoxonaning “qizil zonasi”ga kirgan. U o‘lim bilan kurashayotgan buvisini o‘ta ayanchli sanitariya talablariga javob bermaydigan ahvolda va yuziga kislorod niqobi taqilgan holda ko‘rgan.

Uning yuqoridagi holat aks etgan videosi omma orasida rezonans keltirib chiqardi. U kasalxona direktori Aleksandr Xolopovni ishga beparvolik va buvisining o‘limiga sabab bo‘lganlikda ayblab sudga berdi.

Moskalkova idorasidagilar agar u Tomskka qaytsa, o‘sha zahoti qo‘lga olinishini aytishgan.

“O‘tgan kun men Sog‘liqni saqlash vazirligidan xat oldim. Ammo men o‘zim ularga hech qachon shikoyat qilmaganman. Biroq mutasaddilar shaxsan o‘zim bilan bog‘lanishga qaror qilishdi. Chunki, ularga muammoni hal qilish bo‘yicha buyruq berilgan, lekin aslini olganda esa, ular hech qanday jiddiy qonunbuzarliklarni aniqlamagan.

Yakunda esa hech narsa o‘zgargani yo‘q. Sanitariya qoidalarini buzgan ular, ammo mening boshim baloga qoldi. Shuning uchun ham, boshqalar odatda bunga urinib ham ko‘rishmaydi.”

Samborskiy bir kun oldin Rossiyadan Gruziyaga jo‘nab ketdi.

U qilgan ishidan afsuslanmasligini aytadi.

“Ketishimdan oldin uch kun davomida buvimga dalda bo‘lishga, unga biroz bo‘lsa-da yaxshiroq bo‘lishi uchun harakat qildim. Albatta, bu yerdan ketishga majbur bo‘laman deb o‘ylamagandim. Lekin bundan afsusda emasman. Men yana xuddi shunday qilgan bo‘lardim”.

U faqatgina, rasmiy idoralarga murojaat qilganidan afsusdaligini ta’kidlagan.

“Bu befoyda ekanligini tushundim”, – dedi u. Moskva Tomskdagi vaziyatga boshqacha qarashini kutish yoki prezident Vladimir Putin chekka mintaqalardagi vaziyatni bilmaydi deb o‘ylash soddalik bo‘ladi, deb qo‘shimcha qilgan Samborkiy.

“Tergov qo‘mitasi mening shikoyatlarimni Tomsk tergovchilariga yuborgan. Men uchun asosiy xavf ham aslida shu”, deydi u.

Mutaxassisligi payvandchi bo‘lgan Samborskiy buvisi vafot etganidan so‘ng Tomskda uni ushlab turadigan narsa qolmaganini, shifoxonadagi mojaro tufayli ishdan ham bo‘shatilganini ta’kidlagan.

U Gruziyada uni yaxshi kutib olishganini va tezda ish topishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.

“Ammo o‘zimni haliyam xavfsiz his qilmayapman. Vaziyat taqozo qilsa, boshqa joyga ko‘chishim ham mumkin”, degan Samborskiy so‘zi yakunida.