Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan amalga kiritilgan iqtisodiy cheklovlar investitsiya loyihalarni moliyalashtirishni savol ostida qoldirmoqda. “O‘zbekkosmos” rahbari sun’iy yo‘ldosh uchirishning manfaatli ekanini savol ostiga oldi. Senatda madaniyat vazirligi faoliyati tanqidiy baholandi. Tugayotgan haftada mahalliy matbuotda chop etilgan ayrim maqolalar mazmuni bilan OzodDayjest ruknida tanishing.
“O‘zbekkosmos” rahbari sun’iy yo‘ldosh uchirishning manfaatli ekanini savol ostiga oldi
“O‘zbekkosmos” agentligi direktori Shuhrat Qodirov Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston tomonidan sun’iy yo‘ldosh uchirilishi imkoniyatlari haqida gapirar ekan, bitta sun’iy yo‘ldosh uchun 200-300 mln dollar mablag‘ sarflash nechog‘li to‘g‘ri ekanini savol ostiga oldi (www.kun.uz, 29-mart).
“Bugungi kunda NASAning bir yillik byudjeti 20 mlrd dollarni tashkil qiladi. Buni agentlikka davlat ajratadi. Biz bu kabi tashabbuslarni davlatga berishdan avval yaxshilab tahlil qildik va yon atrofdagi agentliklar faoliyatini ham o‘rgandik. Bitta statsionar (sun’iy yo‘ldosh) 36 ming kilometr balandlikka ko‘tariladi. Uning bittasini uchirish esa 200 dan 300 mln dollargacha turadi. Bizda, shuningdek, uni kim ishlatadi va utilizatsiyasini kim qiladi, degan savol ham bor. O‘zbekistonning ichki ehtiyojiga bitta sun’iy yo‘ldoshning 10 foiz ishi to‘g‘ri keladimi yoki 5 foizi, biz bunga ham javob topolmadik”, deydi Sh.Qodirov.
“O‘zbekkosmos” rahbari sun’iy yo‘ldosh internetidan ko‘ra optik tola orqali internet tezroq ekanini ham qayd etgan.
“Kun.uz” nashrining eslatishicha, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 2018-yilda yaqin kelajakda O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishini muhim strategik vazifalardan biri deb atab, buning natijasida hayot “birdaniga keskin o‘zgarishi”dan bahs etgan.
Senat qo‘mitasida Ozodbek Nazarbekov rahbarlik qilayotgan vazirlik tanqid qilindi
Oliy Majlis Senatining yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida madaniyat vazirligi faoliyati muhokamasiga doir majlis bo‘lib o‘tdi (“Xalq so‘zi” gazetasi, 26-mart). Muhokama jarayonida sohada yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlanib, vazirlik faoliyati qoniqarsiz deb baholandi.
Jumladan, tizimda oliy ma’lumotli malakali kadrlar taqchilligi joylarda madaniyat sohasida davlat siyosatining samarali olib borilishi, belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Masalan, Xorazm viloyatida 2019-2022-yillarda madaniyat markazlari qurilishi va ta’miri doirasida 28 milliard so‘mli ishlar bajarilmagan. Prezidentning 2017-yildagi qaroriga ko‘ra Xonqa, Urganch, Gurlan va Hazorasp tumanlarida 2021-yilga qadar musiqa va san’at maktablari qurilishi belgilangan bo‘lsa-da, bu vazifa ado etilmagan.
Madaniyat markazlarida tashkil etilgan to‘garaklarga yoshlarni jalb qilish ishlari talab darajasida emas, aksar to‘garaklar qog‘ozdagina tashkil etilgan. So‘nggi uch yil davomida qurilgan 13 ta bolalar va musiqa maktablari haligacha jihozlanmagan. Istirohat bog‘lari faoliyatini tashkil etishda ham kamchiliklar talaygina.
“Tizim bo‘lmagandan keyin natija ko‘rinmaydi. Ikki yildan beri kutamiz, yangi vazir o‘ziga kelib olsin, o‘rgatmaylik dedik va nihoyat chegaraga yetib keldik”, deya tizimni tanqid qilgan Senat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev.
Qo‘mita raisi vazirlik parlament bilan bamaslahat ish olib bormagani, muammolarni bartaraf etishda yordam so‘ramayotgani, imkoniyatlardan foydalana olmayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Ozodbek Nazarbekov 2020-yilning yanvaridan madaniyat vaziri lavozimida ishlamoqda. 2017-2020-yillarda esa vazirlikka Baxtiyor Sayfullayevning o‘zi rahbarlik qilgan.
MB raisi: Yirik investitsiya loyihalari uchun yangi manbalar izlashga majbur bo‘lamiz
O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurotov G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilayotgan sanksiyalarning mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’siri borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 30-mart).
“Asosiy savdo hamkorlarimiz milliy valyutalarining qadrsizlanishi so‘mga qisqa muddatli devalvatsion bosimni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, pul o‘tkazmalari hajmi AQSh dollari ekvivalentida kamaymoqda, aholi va tadbirkorlarda devalvatsion kutilmalar oshdi”, deydi MB raisi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston import qiladigan neft, metallar, don mahsulotlari, o‘simlik yog‘i kabi qator xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorida narxi ham oshmoqda. Bundan tashqari, an’anaviy yuk tashish yo‘nalishlari murakkablashmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan amalga kiritilgan iqtisodiy cheklovlar investitsiya loyihalarni moliyalashtirishni ham savol ostida qoldirmoqda.
“Bo‘lib o‘tayotgan voqealar biz joylashgan hududimizning (mintaqamizning) investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yangi manbalarni izlashga majbur bo‘lamiz va bu, albatta, belgilab olgan tarkibiy islohotlarimizni tezroq va samarali amalga oshirishni talab etadi. Ehtimol, ba’zi investitsiya loyihalarini keyinga qoldirishga to‘g‘ri kelishi mumkin”, deydi M. Nurmurotov.
Joriy yil boshidan so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi. So‘mning qadrsizlanishi manzarasida valyuta cheklovlari joriy etilishi borasida taxminlar ham ilgari surilmoqda.
“Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, inflyatsiyani targetlash rejimiga o‘tayotgan O‘zbekiston uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri valyuta cheklovlarining joriy etilishi orqaga qadam bo‘ladi”, deya masalaga oydinlik kiritgan MB raisi.