“Qo‘rqoq emasligingizni isbotlang”. 15 yilga qamalgan Igor Losikning xotini Lukashenkoga murojaat qildi

Darya Losik

“Tixanovskiy ishi” bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinganidan so‘ng mazkur ish doirasida 15 yilga qamalgan Ozodlik belarus xizati mediamaslahatchisi Igor Losikning rafiqasi Lukashenko, kuchishlatar xodimlar va sudyalarga videomurojaat yo‘lladi.

Darya Losikning ushbu murojaati matnini quyida to‘liq keltiramiz.

“Bir daqiqa diqqat qiling. Mening ismim Darya Losik, siyosiy mahkum Igor Losikning xotiniman.

Men bugun yuz bergan haqsizlikka daxldor barchaga, xususan sudyalar, prokurorlar, huquq-tartibot idoralari va tergov izolyatorlari xodimlari va, albatta, fuqaro Lukashenkoga murojaat qilmoqchiman. “Tixanovskiy ishi bo‘yicha sud” deb atalmish maynavozchilik, sahnalashtirilgan tomosha bugun nihoyasiga yetdi.

Bu voqealardan so‘ng o‘zingizni qanday his etayotganingiz haqida so‘rab o‘tirmayman, lekin, umid qilamanki, ahvolingiz yomon. Bugungi qilmishingizdan keyin hayotingizni qanday davom ettirasiz, farzandlaringiz, yaqinlaringiz va sevganlaringizni qanday quchasiz? Umidvormanki, ahvolingiz yomon. Aybsiz insonlarning taqdiri va hayotini barbod qilganingni idrok etish qanaqa bo‘larkin? Umid qilamanki, og‘riqli bo‘lsa kerak.

Siz barcha qonunlarni va huquq normalarini toptab tashladingiz, holbuki vazifangiz – ularga rioya qilishdir. Ko‘zlaringizni hech kim hech qachon ko‘rmasligiga, qora ishlaringiz hech qachon oshkor bo‘lmasligiga umid qilib, hibsxona va sudlarning eshiklari ortiga, oynalari qoraytirilgan avtoulovlar bag‘riga biqinib oldingiz. Bekor qilasiz, zero sudyalar, prokurorlar, kuchishlatar xodimlar – barchasi bu o‘yinda piyodalar kabidir, do‘ppi tor kelganda ularni oppa-oson qurbon qilib yuboradilar. Tizim halol va ajoyib insonlarni hozir zindonlarda qanday chiritayotgan bo‘lsa, bir kun kelib sizni ham shu ko‘yga soladi.

Shu bois men yana bir daf’a fuqaro Lukashenkoa yuzlanyapman.

Aleksandr Grigoryevich, davlat propagandasi barcha telekanallar va internet saytlarida sizning naqadar botirligingiz, mamlakatni qanchalar fidokorlik va sabot bilan barcha ro‘yoviy va xayoliy balolardan xalos etayotganingiz haqida lof urmoqda. Ajab, shunchalik dahshatli xavf-xatarlar bilan olishib kelayapsizu, lekin, erini sevguchi xotin va ona bo‘lmish oddiy bir ayol bilan uchrashmoqqa jur’atingiz yetmapti. Balki so‘zlarim noto‘g‘riligini isbotlarsiz?

Takror aytaman: men yolg‘izman. Siz meni oynalari qoraytirilgan avtoulovlaringizdan biriga bosib, chakkamga to‘pponcha tirab va mutlaqo maxfiy tarzda istagan yeringizga olib ketishingiz mumkin. Nimadan qo‘rqasiz? Axir ortingizda, o‘zingiz iddao qilgandek, sizni dastaklovchi 90 foiz aholi turibdi, aksar aholi degani – faqat kuchishlatar xodimlar emas, oddiy odamlar ham, deganidir.

Keling, yuzma-yuz ko‘rishaylik. Men sizga tobelaringiz soyasida oilamiz boshiga tushgan ko‘rgiliklardan hikoya qilib beraman. Erimning ikki marta ochlik saqlaganiga qanday bardosh berganimni, u sizning tergovchilaringizdan birining ko‘z oldida o‘z joniga qasd qilishga uringanini bilganimda ko‘nglimdan nelar kechganini so‘zlab beraman. Erimni ruhiy nosog‘lom odamlar bilan bitta kameraga qamab qo‘yishganida, Gomel shahridagi 3-sonli hibsxona psixologi uni qayta suitsidga undayotganini eshitganimda qanaqa azoblarni boshdan o‘tkazganimni aytaman. Qizim har kuni “Oyijon, dadam qayerda? Nega u meni bog‘da sayr qildirmaydi?”, deya so‘roqqa tutgan onlar ko‘nglimdan kechgan hislarning ranglarini ta’rif qilib beraman. Siz esa qaysi gunohimiz uchun bu uqubatlarga giriftor bo‘layotganimizni menga anglatishga urinib ko‘rasiz.

“Men ayollar bilan olishmayman”, degan gapingiz yodingizdami? Biroq mening misolim va o‘nlab siyosiy mahkuma ayollar misoli buning aksini ko‘rsatmoqda.

Siz bilan muhokama qilishga arzigulik mavzular keragidan ortiq, deb o‘ylayman.

Uchrashuv vaqti va joyini tanlash sizga havola. Yashirinish yoki chet elga qochish niyatim yo‘q. Qo‘rqoq emasligingizni isbotlang. Taklifingizni kutaman”.

Sud hukmi yuzasidan Ozodik radiosi belarus xizmatiga 14 yilga qamalgan Nikolay Statkevichning rafiqasi Marina Adamovich ham izoh berdi.

“Bizni sud zaliga kiritishdi. Birinchi qatorga o‘tqizishdi, ayblanuvchilar bizning ortimida, qafas ichida edilar. Nikolay darhol o‘rnidan turib: “Men bu yerga xotinimni ko‘rish uchungina kelganman”, deb aytdi. Oramizni to‘sib turgan “spetsnaz” askari chetlanib, meni ko‘rib olishi uchun shunday dedi”.

“Yigitlar o‘zlarini tutib olishgan, kayfiyatlari yaxshi edi. Majlis tarzini sud emas, aynan ular belgilashdi. Hech biri bo‘yin egmadi, hammalari o‘zlarining haqligiga qattiq ishonardi. Sergey Tixanovskiy olti oy davom etgan sud jarayoni mobaynida hech bir kimsa ularga qarshi ko‘rsatuv bermaganini tantana bilan e’lon qildi”.

“Yigitlar “Hukmni tan olmaymiz”, deb ro‘y-rost aytishdi. Nikolay bilan Sergey “Jive Belarus!” (“Yashasin Belarus!”) deya xitob qilishdi. Bular bari juda tez sodir bo‘ldi, qattiq hayajonda bo‘lganim sababli shu tobda hammasini eslay olmayapman. Sergey hukmni tik turib, ammo sudyaga orqa o‘girgan ko‘yi eshitdi. Nikolay hatto o‘rnidan turgani yo‘q. Yana kimdir sudyaga orqasini o‘girib olgandi, lekin kimligini eslay olmayapman. Chunki ikki ko‘zim Nikolayda edi”.

Sergey Tixanovskiyning turmush o‘rtog‘i Svetlana Tixanovskaya shunday yozdi: “Mening erim Sergey Tixanovskiy 18 yilga ozodlikdan mahrum etilibdi. Mustabid hukmdor o‘zining eng kuchli raqiblaridan surbetlarcha o‘ch olmoqda. Siyosiy tutqunlarni yopiq mahkamalarda sud qilarkan, u imi-jimida qatag‘onlarini davom ettirishga umid qilyapti. Ammo butun dunyo ko‘rib turibdi buni. Biz yo‘limizdan qaytmaymiz”.