Qozog‘istondagi tartibsizliklar endi axborot oqimiga ko‘chgan

Olmaota. 2022 - yil 10 - yanvar

Qozog‘iston hukumati nazoratni qo‘lga olish maqsadida internetni uzib qo‘ydi. Biroq buning uzoq muddatli oqibatlari davomli repressiyalarga olib borishi mumkin.

The Diplomat nashrida jurnalist Katrina Kigan Qozog‘istondagi noroziliklar borasidagi maqolasini e’lon qildi. 5 - yanvar kuni Qozog‘iston hukumati ommaviy norozilik namoyishlarini nazorat qilish maqsadida internetni o‘chirib qo‘ydi. O‘shandan beri mamlakatning aksariyat hududlarida faqat internetga vaqti-vaqti bilan kirish tiklangan. Telekommunikatsiya sohasidagi hukumat monopoliyasi bu chorani amalga oshirishga imkon bergan.

Qozog‘istondagi huquqiy siyosat tadqiqot markazining raqamli huquqlar bo‘yicha ekspertlar guruhi koordinatori Arsen Aubakirovning tushuntirishicha, namoyishchilar oddiy VPN orqali ijtimoiy tarmoqlardagi bloklarni chetlab o‘tgan. Biroq internetning to‘liq o‘chirilishi bu imkoniyatni yo‘qqa chiqaradi. Arsen Olmaotada emas, poytaxt Nur-Sultonda bo‘lganiga qaramay, 6 - yanvardan 8 - yanvargacha 48 soatdan ko‘proq vaqt u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Ko‘pgina avtoritar davlatlarda bo‘lganidek, Qozog‘istondagi tuzum ham oddiy ijtimoiy shartga asoslanadi: “siz siyosatdan uzoqroq turing, biz esa sizga global iqtisodiyotning barcha afzalliklarini kafolatlaymiz”.

Noroziliklarga suyultirilgan gaz narxining oshishi sabab bo‘ldi. Buni ba’zilar yuqoridagi ijtimoiy shartning buzilishi sifatida ko‘rmoqda. Internet o‘chirilishi qozoq xalqi uchun katta haqorat bo‘ldi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Qozog‘istonda motam kuni. O‘lganlarning aniq soni noma’lum qolmoqda

Qozoqlarning 86 foizi internetdan foydalanadi. Bu Yevropa Ittifoqi bilan teng ko‘rsatkich. Jami aholining 60 foizdan ortig‘i, jumladan, bolalar va chekka hududlarda yashovchilar ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi.

Qozog‘iston hukumati raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berdi va bolalar bog‘chasiga ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, soliq to‘lashgacha bo‘lgan fuqarolar va hukumat o‘rtasidagi deyarli barcha xizmatlar raqamli shaklga ko‘chdi. Biroq bu xizmatlar o‘tgan hafta butunlay ishlamay qoldi. Insonlarda internetga qaramlik shu qadar singib ketganki, odamlar hatto oziq-ovqat sotib olishga qiynalayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Chunki ko‘pchilik naqd pul olib yurmaydigan hozirgi sharoitda internetning o‘chirilishi onlayn to‘lov usullarini imkonsiz qilib qo‘ydi.

Qozoqlar kundalik hayotining ajralmas qismidan mosuvo bo‘lishga toqat qila olmaydi. Aubakirovning aytishicha, "ko‘pchilik g‘azabda... bu holatni hech kim oqlamayapti”. Internetni blokdan chiqarish va axborot olishni qayta tiklash bir zumda tinch namoyishchilar va huquq himoyachilarining asosiy talablariga aylandi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari ortidan hibsga olishlar davom etmoqda

The Diplomat maqolasida shuningdek raqamli boshqaruv bo‘yicha estoniyalik ekspert va Qozog‘iston hukumatining sobiq maslahatchisi Volfgang Dreshlerning so‘zlari ham keltirilgan. Unga ko‘ra, hukumat iqtisodiyotdan manfaatdor ekan, internetni uzoq vaqt o‘chirib qo‘ya olmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarni bloklash va internetda to‘s-to‘polonlarga urinishlarni bostirish va’dalari noroziliklarni tinchitish uchun etarli bo‘lmaydi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 2020 - yil avgust oyida ommaviy norozilik namoyishlari paytida internetga kirishni cheklashga uringanida, millionlab odamlar “Telegram”dagi kanallarga qo‘shildi, zo‘ravonliklarga qaramay, minglab odamlar namoyishlarga chiqdi.

O‘zbekistonda ham 3 - noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklab qo‘yildi. Buning natijasida kelib chiqqan ommaviy norozilik Prezident Shavkat Mirziyoyevni ertasi kuni Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspektsiyasi rahbarini ishdan bo‘shatishga majbur qildi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev allaqachon hukumatni to‘liq iste’foga chiqargan. Internet uzilishida ayblash uchun namoyishchilarning o‘zidan boshqa hech kim qolmadi.

Hukumat internetni bloklash oddiy fuqarolarga emas, terrorchilarga qarshi qaratilganini bayon qilgan edi. Ammo, bu aks ta’sir qildi. Rasmiylar internetga kirishni to‘sib qo‘ygan 5 - yanvar kuni tinch namoyishlardan tartibsizliklarga burilish nuqtasi bo‘ldi. Axborotga cheklov faqatgina oddiy fuqarolarni to‘xtatdi. Ammo shunisi aniqki, zo‘ravon guruhlar baribir tartibsizliklar uyushtiraverdi.

Shundan kelib chiqib, internetni cheklashdan asl maqsad zo‘ravonlikni to‘xtatish bo‘lgan deyish qiyin. Ko‘chalardagi tinch namoyishchilarni kamaytirishga qaratilgan cheklovlar, aksincha, vaziyatni yanada alangalatdi. “Hukumatning maqsadi axborot oqimini to‘xtatish”, deya vaziyatni baholadi Aubakirov.

O‘zini global axborot oqimiga qo‘shilayotgandek ko‘rsatishga harchand urinmasin, rejim doim undan qo‘rqqan. 2015-2018 - yillarda AQShning Qozog‘istondagi sobiq elchisi Jorj Krol AQSh Davlat departamenti ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kengaytirishga intilayotganini ta’kidlab shunday dedi: “Biz buni demokratlashtirish unsuri deb atadik, ammo ular bunga beqarorlik uchun foydalaniladigan vosita sifatida qaraydi”.

Ehtimol bu Toqayevning Olmaotadagi vayronagarchiliklarga xorijda tayyorgarlikdan o‘tgan terrorchilar sababchi bo‘lgan degan asossiz da’vosiga ishonchini mustahkamlashi mumkin. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki internetda tarqalgan norozilik namoyishlari ortida AQSh turgani haqidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblovni Rossiyaning dezinformatsiyasi dedi.

Ba’zi qozog‘istonliklar, Rossiyaning axborot kampaniyasi avj olgan degan fikrda. Chunki, Rossiya Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) qo‘shinlarini joylashtirish orqali Toqayevni qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Vkontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi 200 000 dan ko‘proq a’zosi bo‘lgan “Men Olmaota guvohiman” guruhida Toqayevning zo‘ravon namoyishchilarga qarshi javobini yoqlovchi ko‘plab izohlar qoldirilgan. Ularning ba’zilari haqiqiy izohlar bo‘lishi mumkin bo‘lsa‑da, boshqa foydalanuvchilar buni rus botlari yoki FSB agentlarining ishi deb bilishadi.

Hukumat bir necha bor noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishiga qarshi chiqib, internetda “yolg‘on mish-mishlar” tarqatayotganlarni jazolashni va’da qilgan. Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri Kanat Taymerdenov aholiga rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya qildi. Biroq, “Xabar24” kabi hukumatga qarashli yangiliklar saytlariga hatto Qozog‘istondan tashqarida ham kirish imkoni yo‘q. Ayni paytda hukumatning o‘zi “bir kursant o‘ldirilib, boshi kesilgani” va “ommaviy zo‘rlashlar” haqidagi ishonish qiyin bo‘lgan mish-mishlarni tarqatmoqda. Bu axborotni nazorat qilishga urinish emas, aksincha, hukumatning o‘zi chalkashliklarni keltirib chiqarmoqda.

“Axborot oqimidagi tartibsizlik hukumat uchun qo‘l keladi. Chunki real vaqt rejimida axborot berish imkoniyati yo‘qligi “so‘nggi bir necha kundagi voqealarni qayta tahlil qilishni juda qiyinlashtiradi”, deya Aubakirov so‘zlaridan iqtibos keltiradi “The Diplomat.

Avvaliga politsiya tinch namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalar qo‘llab kuch ishlatgan. Biroq, mana shu tasvirlarni darhol tarqatishning imkonsiz bo‘lgani va internet bloklanishidan keyingi zo‘ravonliklar buni tasdiqlashni yanada qiyinlashtiradi, deb tushuntirdi Aubakirov.

Belarusda aynan politsiya zo‘ravonligi aks etgan videolar norozilik namoyishlarini qo‘zg‘atdi. Shundan kelib chiqib, o‘tgan voqealarni hech bo‘lmaganda qisqa muddatga yashirish va parda ortida saqlash, hukumatning aqlli harakati bo‘ldi deyish mumkin.

Internetning uzoq muddatga uzilishi katta zarar keltiradi. Jorj Krolning aytishicha, xalqaro sarmoyadorlar, Qozog‘iston hukumati boylik orttirishda tayangan neft va gaz kompaniyalari bu to‘siqlardan birinchi navbatda vahimaga tushgan.

Bundan ham muhimi, Qozog‘iston jamoatchiligi hukumat o‘z hokimiyatini ushlab turish uchun raqamli texnologiyalarga asoslangan iqtisodiy va ijtimoiy hayot tarzini buzishga ham tayyorligini bildi.

Qozoqlar hukumatning zamonaviy, raqamli jamiyat haqidagi va’dalarga ishonchini yo‘qotishi ortidan, mamlakatni salbiy kayfiyat qamrab olishi mumkin. Internet cheklanishi esa noroziliklar oloviga yana moy sepish bilan barobar.