Qozog‘istondagi so‘nggi tartibsizliklardan so‘ng Turkmaniston xalq ustidan nazoratni kuchaytirdi. Aholi turar joylarida politsiya nazorati yo‘lga qo‘yilgan, shaxsiy telefonlar tekshirilmoqda.
Mahalliy aholining aytishicha, shu hafta Marv viloyatining Marv shahrida e’lon qilinmagan tungi komendantlik soati joriy qilingan.
"Komendantlik soati soat 21:00da boshlanadi. Tun bo‘yi ko‘chalarni politsiya mashinalari patrul qilmoqda", deydi aholi vakili.
Butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Politsiya manbalarining aytishicha, bu Qozog‘istondagi hukumatga qarshi namoyishlardan qo‘rqib qolgan hukumatning xavotiri bilan bog‘liq.
Marv aholisining ma’lum qilishicha, politsiya ko‘chada suhbatlashib turganlardan tarqalishni talab qilmoqda.
Ularning ta’kidlashicha, politsiya buni "COVID-19" tarqalishi oldini olish uchun "ijtimoiy masofa" saqlash chorasi deb xaspo‘shlashga uringan. Vaholanki, sog‘liqni saqlash xodimlarining ko‘plari virus yuqtirgani, pandemiya paytida vafot etganlar haqidagi xabarlarga qaramay, hukumat rasmiylari Turkmanistonda birorta ham koronavirus bilan kasallanish holati qayd etilmaganini ta’kidlab keladi.
Politsiya xodimlari yoshlarni to‘xtatib, ularning xabarlari va aloqa ro‘yxatini tekshirish uchun mobil telefonlarini tortib olishayotganini ma’lum qilgan aholi vakili. U tanqidga toqatsiz, qattiq nazorat ostidagi davlatda yashayotganini hisobga olib shaxsi sir qolishini so‘radi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari xorijda o‘qiydigan yoki ishlaydigan qarindoshlari bor fuqarolarning xonadonlariga to‘satdan kirib borgan va ularni xorijdagi qarindoshlari Turkmaniston hukumatiga qarshi hech qanday xabar yoki bayonot tarqatmasligi kerakligi haqida ogohlantirgan.
So‘nggi paytda hatto hukumat amaldorlari ham nazorat ostiga olindi.
Marvdagi manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, "davlat idoralari xodimlari, agar ularning farzandlari yoki qarindoshlari internet orqali hukumatga qarshi biror bayonet bilan chiqsa, zudlik bilan ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirilgan".
Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarning Ozodlikka aytishicha, so‘nggi choralar Qozog‘istondagi tartibsizliklar manzarasida joriy qilingan. Qozog‘istondagi zo‘ravonliklar Turkmaniston bilan chegaradosh Mang‘istou viloyatida yoqilg‘i narxi oshishiga qarshi namoyishlar bilan boshlangan edi.
"Qozog‘istondagi voqealardan so‘ng Turkmaniston rasmiylari xuddi shunday tartibsizliklar bizda ham bo‘lishi mumkinligidan xavotirda", dedi ismi sir qolishini xohlagan politsiya zobiti.
Faollar va tanqidchilarni shafqatsizlarcha bosimda ushlab turadigan Turkmanistonda hukumatga qarshi namoyishlar juda kam uchraydi.
Mamlakatda so‘z erkinligi yo‘q hisobi. Biroq so‘nggi yillarda xorijdagi turkman faollarining internetda tanqidiy chiqishlari anchagina ortgan.
Turkmanistonning tabiiy gaz zaxiralariga boy bo‘lsa‑da, aholining aksariyati qashshoqlikda kun ko‘radi. Mamlakatda mavjud chuqur ildiz otgan korrupsiya, erkinliklarning yo‘qligi muammolar qatoriga endilikda ishsizlik, oziq-ovqat taqchilligi va narxlar ko‘tarilishi ham qo‘shilgan.
Poytaxt Ashxobod politsiyasi hukumatning ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun qat’iy belgilangan narxlarni bekor qilish qaroridan shikoyat qilgan aholiga nisbatan keskin choralar ko‘rmoqda. Buni hukumatning tanqidlarga mutlaqo toqat qilmasligining yana bir belgisi sifatida ko‘rish mumkin.
Politsiya xodimlari Ashxoboddagi davlat do‘konlarida subsidiyalangan oziq-ovqat taqchilligidan norozi bo‘lib o‘tgan oy petitsiyaga imzo chekkanlarning uylariga borgan. Petitsiyaga imzo chekkanlarning aksariyati pensionerlar.
Politsiya ulardan bir nechtasini so‘roq qilish uchun mahkamaga olib borib, jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilgan. Aksariyat turkmanlarning tirikchiligi subsidiyalangan asosiy turdagi oziq-ovqatlarga bog‘lanib qolgan.