Qozog‘iston hukumati narx-navoni ushlab tura olmayapti. Rasmiy inflyatsiya 9 oy yakuni bo‘yicha 8.9 foizni tashkil qilgan, ammo aholi oziq-ovqat mahsulotlari qariyb ikki baravar qimmatlab ketganidan yozg‘irmoqda. Do‘kon va bozorlarda odamlar oziq-ovqatni nasiyaga ola boshlagan. Davlatning “barqarorlashtirish choralari” ishlamayapti – hamisha “arzonchilik shahri” sanalgan Chimkentga safar qilgan Ozodlik muxbiri bunga amin bo‘ldi.
“SUT-QATIQQA PUL ORTMAYAPTI”
Chimkent turg‘uni Erbo‘l – besh bolaning otasi. U yurist bo‘lib ishlaydi, xotini homiladorlik ta’tilida. 200 ming tanga (470 dollar) oylik va bolalariga 55 ming tanga (130 dollar) nafaqa oladi. Bu pul oilaning tomog‘iga zo‘rg‘a yetyapti. Xarajatlarni nazorat qilish uchun Erbo‘l har maoshidan bir oyga yetarli bozor qilib qo‘yadi.
“Narxlar anchagina oshdi, lekin oyliklar o‘zgarmadi. Eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari va kir yuvish vositalarini 60 ming tangaga oldim. Yana salkam 20 ming sabzavotga ketadi. 60 mingga ot go‘shti xarid qilaman. Kommunal xizmatlar uchun oyiga 30 ming tanga to‘laymiz, shuningdek, benzinga 20 ming, yo‘lkira va bolalarning kunlik ehtiyojlariga yana shuncha sarflayman. Qolgani – kiyim-kechakka, ammo uni odatda nasiyaga olamiz. Ba’zan sut-qatiqqa pul yetkazolmaymiz”, deydi u.
Erbo‘lning aytishicha, bir yil avval 100 ming tanga oziq-ovqat va kommunal xizmatlarni ko‘tarardi. Har kuni sut-qatiq, meva-cheva sotib olish mumkin edi. Misol uchun, 2020 - yil oxirida bir litr sut 200 tanga bo‘lgan, hozir esa 300 tanga. Bir yil avval 50 ming tanga turgan 25 kilo ot go‘shti hozir 60 mingga chiqqan.
“Payqagan bo‘lsangiz, aksar do‘konlar mollarini qarzga yoki muddatli to‘lovga taklif qilyapti. Demak, menga o‘xshab kiyim-kechak, yegulik va dori-darmonni nasiyaga olayotganlar ko‘p. Bu odamlarning turmush darajasi tushib ketganini bildiradi. Ayniqsa, kredit to‘layotganlar yoki ijarada yashovchilarga qiyin bo‘ldi”, deydi u.
“UNNING NARXI OSMONGA CHIQIB KETDI”
Chimkentda kundalik ehtiyoj mollari narxi oshganini savdogarlar ham, mahalliy ma’murlar ham tan oladi. Ozodlik muxbiri odatda narx-navo arzonroq bo‘ladigan savdo markazlari va bozorlarni oraladi.
Markaziy bozorda aksar xaridorlar sabzavot va guruch rastalari yonida kuymalanishmoqda. Sut-qatiq va go‘sht rastalari atrofida odam kam. Kiyim-kechak bozorida esa xaridorlar juda siyrak.
“Bu gal narxlar birdan sapchib ketdi. Ayniqsa un. Ikki hafta oldin birinchi nav unning qopi 7700 tanga edi, endi 9500 dan sotyapmiz”, deydi ismini atashni xohlamagan bir allof.
Aftidan, qurbi yetadigan narxdagi mahsulotni topa olmagan bir xaridor yon-veridagi odamlarga yuzlanadi: “Bu ketishda qanday yashaymiz? Narx-navoni nazorat qiladigan hukumat bormi o‘zi bizda?”
Akimat vakili ham un va o‘simlik moyi keskin qimmatlaganini tan oladi.
“Bu yil o‘simlik yog‘ining narxi anchagina oshdi. Un va un mahsulotlariga kelsak, bizda ularning bahosi shimoliy mintaqalarga bog‘liq. Bu yil qurg‘oqchilik un narxiga ta’sir qildi, – deydi Ozodlik bilan suhbatda akimatning qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mulozimi Qayrat Bozorbekov.
Bozorda tuxum bilan sut-qatiq ham qimmat. Sotuvchilarga ko‘ra, so‘nggi ikki haftada tuxum 10-15 tangaga, sut esa 50 tangaga oshgan. Mol go‘shtiga xaridor kamayib, nisbatan ancha arzon tovuq go‘shtiga talabgorlar ko‘paygan.
Bozordagi narx-navo ayrim savdo markazlaridagidan balandroq. Chunonchi, shakarning kilosi bozorda 320 tanga, savdo markazlarida esa 287 tanga. Ammo savdo markazlarida kishi boshiga ikki kilodan ortiq berishmaydi. Eng arzon guruch bozorda 270 tanga tursa, savdo markazlarida 223 tangadan sotilmoqda.
Savdo markazlarida sabzavot bahosi bozordagi ulgurji narxlar bilan bir xil ekan. Kartoshkaning kilosi 160 tanga, piyoz 70, sabzi 180 va karam 185 tanga.
ARZON TUXUMLAR QANI?
Qayrat Bozorbekovga ko‘ra, mahalliy ma’muriyat tadbirkorlar bilan kelishgan holda 19 turdagi kundalik ehtiyoj mollari narxini barqarorlashtirish ustida ishlamoqda. Buning uchun akimat tadbirkor va fermerlar bilan shartnoma tuzadi, ularga maxsus fonddan ssuda beradi, tadbirkorlar esa mahsulotlarini aholiga bozor bahosidan arzonroqqa sotadi.
Bu ro‘yxatga guruch, birinchi nav un, non, sut-qatiq, mol go‘shti, o‘simlik yog‘i, shakar, tuz, kartoshka, sabzi va piyoz kiritilgan. Akimat mulozimiga ko‘ra, bu mahsulotlar ko‘chma ijtimoiy bozorchalar orqali bozordagidan 10-15 foiz arzonroq narxlarda sotiladi.
Bozorbekov savdo markazlarida birinchi nav tuxum donasi 33 tangadan sotilayotganini aytgan edi. Ammo Ozodlik muxbiri ikkita savdo markazida bo‘lib, bu narxda tuxum topa olmadi. Eng arzon tuxumning donasi 45 tanga. U mol go‘shtining o‘rtacha bahosini kilosiga 2200 tanga deb ma’lumot bergan bo‘lsa, eng arzon joylarda 2400–2700 tangadan sotilayotgan ekan.
Chimkentdagi yirik savdo markazlarida akimatning “narxlarni barqarorlashtirish” mexanizmiga muvofiq sotuvga qo‘yilgan meva-sabzavot bozordagidan taxminan 20-50 tanga arzon, ammo sifati ham shunga yaarasha past. Kartoshka, sabzi, piyozlar mayda va chirik aralash.
“Ijtimoiy muhim mahsulotlar” ro‘yxatiga kiritilgan 475 grammli nonning narxi 73 tanga bo‘lib, kishi boshiga ikki buxankadan ortiq berilmasligi haqida e’lon osib qo‘yilgan. Ammo peshtaxta bo‘m-bo‘sh: xaridorlar yangi non kelishini kutib, atrofda kuymalanib yurishibdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Chimkent oziq-ovqat mahsulotlari bahosi indeksiga ko‘ra Qozog‘iston viloyatlari va respublika ahamiyatidagi shaharlari orasida 11-o‘rinda turadi. Ya’ni, u narx-navo arzon shaharlardan biridir. Ammo shunday “arzonchilik shahrida” ham vaziyat ancha og‘ir.
Qozog‘istonda inflyatsiya bir necha oydan beri rekord ustiga rekord qayd etmoqda. Avgustda yillik inflyatsiya 8.8 foizni, sentabrda esa 8.9 foizni tashkil etdi.
30 - oktabrda hukumat “ijtimoiy muhim oziq-ovqatlar narxi o‘sishi sekinlashdi”, deya e’lon qildi. Ya’ni, narxlar avvalgidan tez bo‘lmasa ham, baribir ko‘tarilishda davom etmoqda.
Hukumat tovuq go‘shti va tuxumi qimmat mintaqalarda ishlab chiqaruvchilarga nisbatan taftish va surishtiruv o‘tkazilishi haqida ogohlantirgan.