Rossiya G‘arb mamlakatlarining muxolifatchi Aleksey Navalniy zaharlanishi bo‘yicha tergov o‘tkazish chaqirig‘ini yana rad etdi va o‘z navbatida, ularni “buzg‘unchilik”da aybladi.
Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Shvetsiya yo‘llagan notaga Rossiya tomonidan shunday mazmunda javob qaytarildi.
Rasmiy Moskvaning mazkur javobi Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) saytida e’lon qilindi.
Sanab o‘tilgan to‘rt mamlakat avvalroq Rossiya tarafidan qo‘yilgan savollarga javob bergan edi.
Javoblar Kremlni qoniqtirmadi. 2 - noyabr sanasi bilan yo‘llangan hujjatda aytilishicha, ushbu to‘rt mamlakat “blogger bilan bog‘liq vaziyatni aniqlashtirishga qaratilgan barcha urinishlarni barbod qilish”ga intilmoqda (javobda Navalniy ketma-ket “blogger” deb atalgan).
Shuningdek, Rossiya hukumati iddaosicha, Germaniya, Shvetsiya, Fransiya hamda Buyuk Britaniya Navalniy bilan yuz bergan voqeaning “asl tabiati”ni qasddan yashirishga harakat qilmoqda.
Moskva o‘z javobida G‘arb mamlakatlarini Navalniyning tibbiy tahlillarida izi topilgan moddaning aniq formulasini taqdim etmay, hamkorlikdan bosh tortayotganlikda aybladi.
Xususan, Britaniya “propaganda shiorlari”ni yoyishda ayblangan. Germaniyaga esa Navalniy ishi borasida “Berlin doxil G‘arb mamlakatlari guruhi o‘zaro til biriktirib olgani yaqqol ko‘rinib turgan fakt ekaniga qaramay, buni inkor etish” hamda “Rossiya Federatsiyasini obro‘sizlantirish va unga nafaqat siyosiy, balki sanksiyalar vositasida shuningdek moliyaviy va iqtisodiy zarar yetkazish maqsadida rejali buzg‘unchilik qilish” ayblovi qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Rossiya Germaniyaning Navalniyning safdoshi Mariya Pevchix qayerdaligidan bexabarligi haqidagi javobi Kremlni ajablantirganini bildirgan. Xatda yozilishicha, “Navalniyning hayotini saqlab qolgan” omsklik shifokorlar uning organizmida hech qanday iz topa olishmagan bo‘lsa, zaharli modda izlari Navalniydan olingan namunalarga qanday tushib qolgani haqidagi savol ham javobsiz qolayotir.
G‘arb mamlakatlari ushbu hujjatga javob qaytarganicha yo‘q.
Aleksey Navalniy o‘tgan yilning 20 - avgustida Omsk kasalxonasiga yotqizilgan va keyinchalik davolanishi uchun Berlinga olib ketilgandi. Nemis mutaxassislari uning organizmidan “Novichok” guruhiga mansub jangovar zaharli modda izlarini topishgan.
Kreml Navalniy zaharlanganini, har holda Rossiya hududida zaharlanganini inkor etishmoqda.
Muxolifatchining o‘zi esa zaharlanishida Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining qo‘li bor, deb biladi. Bellingcat xalqaro surishtiruv guruhi ham shunday xulosaga kelgan.