Rossiyaning bo‘lginchi hududlarni tan olishi nimani anglatadi?

Reuters manbasiga ko‘ra, Vladimir Putin kecha dushanba kuni Fransiya va Germaniya rahbarlariga Ukraina sharqidagi ikki bo‘lginchi viloyatni mustaqil deb tan olish haqidagi farmonni imzolashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida to‘plagan 190 000 lik qo‘shin bilan Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanayotgani haqida bong urmoqda.

Bo‘lginchi hududlar haqida

Donetsk va Lugansk (umumiy qilib Donbass deb ataladi) viloyatlaridagi Rossiya qo‘llab-quvvatlaydigan ayirmachilar 2014 - yilda Ukraina hukumati nazoratidan chiqib, o‘zlarini mustaqil “xalq respublikalari” deb e’lon qildi. Shu paytgacha bu hududlar rasman tan olinmagan. O‘shandan beri janglarda 15 mingga yaqin odam halok bo‘lgani aytiladi.

Rossiya mojaro ishtirokchisi ekanligini inkor etgan, biroq Moskva ayirmachilarni turli yo‘llar bilan, jumladan yashirin harbiy va moliyaviy yordam, COVID-19 vaksinalarini yetkazib berish va 800 000 aholiga Rossiya fuqaroligini berish orqali qo‘llab-quvvatlab keladi. Moskva Ukrainaga bostirib kirish rejasini rad etib kelmoqda.

Rossiyaning tan olishi nimani anglatadi?

Rossiya birinchi marta Donbassni Ukrainaning bir qismi deb hisoblamasligini aytmoqda. Bu esa Moskvaga Ukrainadan himoya qilish bahonasida separat hududlarga ochiqdan-ochiq harbiy kuch kiritishiga yo‘l ochishi mumkin. Rossiya parlamenti deputati va Donetskning sobiq siyosiy yetakchisi Aleksandr Boroday o‘tgan oy Reuters agentligiga ayirmachilar Ukraina kuchlari nazorati ostidagi Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qismini nazorat qilish uchun Rossiyadan yordam so‘rashini aytgan edi. Agar bu amalda sodir bo‘lsa, bu Rossiya va Ukraina o‘rtasida ochiq harbiy mojaro kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Minsk tinchlik jarayoni

Rossiyaning separat hududlarni tan olishi 2014-15 - yillardagi Minsk tinchlik kelishuvlarini amalda yo‘qqa chiqaradi. Kelishuv bandlari hali hanuz amalga oshirilmagan biroq, barcha tomonlar, xususan, Moskva mazkur bitimni eng yaxshi yechim sifatida ko‘radi. Ushbu kelishuv Ukrainadagi ikki viloyatga muxtoriyat berishni nazarda tutadi.

G‘arbning javobi qanday bo‘ladi?

G‘arb hukumatlari Moskvani Ukraina chegarasiga dahl qilgudek bo‘lsa, bunga og‘ir moliyaviy sanksiyalar bilan javob berilishi haqida ogohlantirib kelmoqda.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘tgan hafta bo‘lginchi hududlarni tan olish “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazadi. Bu xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi va Rossiyaning diplomatiyani davom ettirish majburiyatini shubha ostiga qo‘yadi”, deya bayonot bergan edi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tan olish qarori Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarini “tezkor va qat’iy” javob choralarini ko‘rishga undaydi.

Rossiya ilgari ham bo‘lginchi hududlarni tan olganmi?

Moskva 2008 - yilda Gruziya bilan qisqa urush olib borgan Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini tan olgan edi. O‘shanda ham Rossiya ayirmachilarga moliyaviy yordam bergan, ko‘pchilik aholiga Rossiya fuqaroligini taqdim qilgan va u yerda minglab harbiylarni joylashtirgan.

Moskva uchun buning “+” va “–” lari

Gruziya bilan bo‘lgan holatda, Rossiya qo‘shni sobiq Ittifoq davlatida muddatsiz harbiy ishtirokini oqlash uchun bo‘lginchi hududlarni tan olishdan foydalangan va Gruziyani o‘z hududi ustidan to‘liq nazorat qilishdan mahrum qilib, NATOga bo‘lgan intilishlarini falaj qilgan. Ayni shu fikrlar Ukrainaga ham tegishli.

Boshqa tomondan, Moskva uzoq vaqtdan beri Minsk jarayoniga sodiqligini da’vo qilib, so‘ng undan voz kechgani uchun xalqaro sanktsiyalar va tanqidlarga duch keladi. Qolaversa, sakkiz yillik urush natijasida vayron bo‘lgan va keng ko‘lamli iqtisodiy yordamga muhtoj bo‘lib qolgan ikki hududning javobgarligi ham Kremlning yelkasida bo‘ladi.