"Sevimli", qizlar va manfaatlar to‘qnashuvi: Firdavs Abduxoliqov javobgarlikka tortilmoqda

Kinematografiya agentligining joriy rahbari manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq tekshiruv ortidan mahkamaga tortilayotgan birinchi yuqori martabali shaxs.

Manfaatlar to‘qnashuvida gumon qilingan Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov 1 - fevral kuni O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi - O‘zEOAVMA raisi lavozimidan ketgani e’lon qilindi.

Shu kunning o‘zida Abduxoliqov "davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish" aybi bilan mahkamaga tortilgani ma’lum bo‘ldi.

Abduxoliqovning iste’fosi va unga nisbatan ma’muriy ish o‘tgan oy Sevimli telekanalida namoyish etib kelingan "Sabriya" seriali atrofidagi mojaro fonida sodir bo‘lmoqda.

O‘zEOAVMA ga 2003 - yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Firdavs Abduxoliqov o‘rniga O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja tayinlangan.

Serial mojarosi

Sevimli telekanalidagi "Sabriya" serialining 14 - yanvar kuni namoyish etilgan 32-qismidagi qizni zo‘rlash sahnasi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga uchradi.

Film ijodkorlari va Sevimli telekanaliga yaqin manbalar serialning to‘xtatilishiga O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning aralashuvi sabab bo‘lganiga ishonishadi.

19 - yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Mirziyoyeva serialni "O‘zbekistondagi turmush tarzi borasida ijodkorlarning buzuq fantaziyasi" deya tanqid qildi va mutasaddi tashkilotlarni "kontektga baho berish"ga chaqirdi.

Ammo telekanal rahbari Amira Rashidova o‘zining Instagram sahifasida serial haqidagi «axloqsiz» degan ayblovni rad etib chiqdi. U «Sabriya» serialidagi voqealar "real insonlar hayotidan olingan"ini ta’kidladi.

Oradan bir kun o‘tib, telekanal bosh direktori va bosh muharriri vazifasidan bo‘shatildi.

Mahalliy matbuotda paydo bo‘lgan Firdavs Abduxoliqov va Sevimli telekanali rahbariyati afillangani haqidagi xabarlar ortidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni so‘rab Bosh prokuraturaga murojaat qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani holatlari aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Firdavs Abduholiqovning qizi va o‘g‘li (Amira Rashidova — 20%, Abdullajon Abduxoliqov — 10%) Sevimli telekanali ta’sischilari hisoblanadi.

Kinematografiya agentligi matbuot kotibi Nozim Safari Ozodlik bilan suhbatda Sevimli telekanalida namoyish etilgan "Sabriya" va "Daydi qizning daftari" seriallari agentlik buyurtmasi asosida suratga olinmaganini aytib, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi farazlarni rad etib chiqqandi.

Oliy sudning 1 - fevral kungi bayonotida ma’lum qilinishicha, Kinematografiya agentligi bosh direktori F. Abduxoliqovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-8-moddasi (davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 4-qismi bilan qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga yuborilgan.

Aybdor deb topilgani taqdirda Abduxoliqov bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha (2022 - yil 1 - fevral holatiga ko‘ra 5,4 million so‘mdan 8,1 million so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Kinematografiya agentligining joriy rahbari manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq tekshiruv ortidan mahkamaga tortilayotgan birinchi yuqori martabali shaxs. Bunga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jamoatchilikning qator mulozimlar, jumladan, Qurilish vaziri Botir Zokirov faoliyati bilan bog‘liq ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirgandi.

Ayni paytda Abduholiqov manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan amaldor sifatida davlat tomonidan moliyalashtiriladigan kino agentligi rahbari lavozimidan emas, balki nodavlat tashkiloti sifatida tamsil qilinadigan O‘zEOAVMA raisi lavozimidan bo‘shatilgani to‘g‘risida hozircha tushuntirish berilmadi.

O‘zEOAVMA qanday tashkilot?

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy Assotsiatsiyasi - O‘zEOAVMA nodavlat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2003 - yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda o‘z atrofiga yuzdan ortiq nodavlat elektron OAVni birlashtirgan.

Ayni paytda mazkur nodavlat tashkiloti hukumat tomonidan elektron ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazish elementi sifatida ham qayd etiladi.

Jumladan, 2013 - yilning oktabrida O‘zbekistondagi qator nodavlat telekanallar - Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari yopilgan edi.

58 yoshli Firdavs Abduholiqov 1991 - yilda O‘zbekistondagi ilk nodavlat telekanal va gazetani ochish bilan birga 2003 - yildan buyon O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Bundan tashqari, 2008 - yillardan boshlab, u Gulnora Karimova yetakchiligida bo‘lgan va 2013 - yilning oxirida yopilgan "Forum fondi" tashkiloti tadbirlarida faol ishtirok etgan amaldorlardan biri sifatida muttasil matbuot ko‘z o‘ngida bo‘lgan.

Firdavs Abduholiqov 2017 - yilning avgustida “Darakchi” gazetasida sobiq rahbarining kirdikorlarini fosh qiluvchi maqola chop etgan va Gulnora Karimovadan rasman yuz o‘girgan edi.

O‘zEOAVMA ning yangi rahbari etib tayinlangan Sherzodxon Qudratxo‘ja Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori va Xalqaro press-klub raisidir.

U 2020 - yilning dekabrida Qudratxo‘jayev familiyasidagi ruscha "-yev" qo‘shimchasidan voz kechgan va uni Qudratxo‘ja tarzida milliylashtirgan.

Qudratxo‘ja 2018 - yilda o‘zbekistonliklardan o‘zbek tilida gapirishni talab qilgani ortidan tarmoqdagi rusiyzabonlar tomonidan millatchilikda ham ayblangan. Biroq Qudratxo‘ja o‘zining "millatchi" ekani haqidagi ayblovlarni rad etadi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori lavozimini saqlab qoladi.

Shu kunlarda tarmoqlarda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektorining o‘z talabalaridan tarmoqlardagi postlariga "layk" bosishni talab qilgan audio tarqaldi.

Audioga munosabat bildirgan Qudratxo‘ja "hech kimni layk bosishga majburlamagani"ni aytib chiqdi.

"Birinchidan men kimningdir laykiga muhtoj emasman;

Ikkinchidan hech kimni zombi bo‘lishga va mustaqil fikrlamaslikka chaqirmaganman;

Uchinchidan men talabalarimni kommunikatsiya qilishga chorladim.

Bu mening uslubim, kimgadir yoqmasa menga umuman qiziq emas..." deb yozdi Qudratxo‘ja 30 - yanvar kuni o‘zining Feysbuk sahifasida.

Ma’lum bo‘lishicha, Karimov davrida prezident va hukumat matbuot xizmatlarida ishlagan va Mirziyoyev davrida rasmiy matbuotning "yuzi"ga aylangan Qudratxo‘ja Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori lavozimini saqlab qoladi.

,