Sharqiy Ukraina aholisi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z xavotirlarini bildirmoqda

“Negaligini bilmayman, lekin mening oilam vahima qilmayapti”, deb yozgan Ukrainaning ayirmachilar bosib olgan Donetsk shahrida yashovchi fuqaro. “Balki ular qo‘rqishdan charchagandir – bilmayman.”

Ijtimoiy tarmoqlarda ayirmachilar nazoratidagi Ukraina sharqi va uning atrofidagi hozirgi hayot tarzi haqidagi postlar ko‘payib bormoqda. Bu dunyoning boshqa mintaqalaridagi odamlarni ham bee’tibor qoldirmayapti.

Yovvoyi itlar, iste’mol tovarlari narxlarining ko‘tarilishi va Rossiyaning “Sputnik” vaksinasining omikron shtammida samarasizligi mahalliy aholi orasida faol muhokama qilinmoqda.

Biroq Rossiyaning yaqin orada ehtimoliy bosqini haqidagi so‘nggi xabarlardan so‘ng, Ukraina sharqidagi odamlar ham o‘z-o‘zidan 2015 - yil fevralida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin to‘xtatilgan mojarolar yana avj olishidan xavotirda.

Kreml qo‘shni davlatga bostirib kirish niyatini rad etib, vaziyatning ijobiy tomonga o‘zgarishi NATOning sharqqa, xususan, Ukraina tomon kengaymaslikni kafolatlashiga bog‘liq deb hisoblamoqda.

Rossiyaning “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida foydalanuvchilardan biri: “urush haqidagi kundalik bashoratlardan juda zerikdim”, deb yozgan. “Nizoli hududdan uzoqda, Nijniy Novgorod yoki Krasnoyarskda divanda o‘tirib pivo va chips bilan bashorat qilish juda yaxshi. Biroq bularni o‘qib nimani his qilamiz? Biz tovada qovurilayotgan sichqonga o‘xshaymiz. Hamma nima bo‘layotganini pivo va chipslar olib qiziqish bilan kuzatmoqda.”

Boshqa postlar ham mintaqadagi ruhiy tushkun kayfiyatni aks ettirib turibdi.

“Bu yerda hech kim hech narsaga ishonmaydi, – deb yozgan yana bir foydalanuvchi. – Yetar! To‘xtang! Odamlar bu ahmoqlikdan zerikdi. Bu vaziyatda eng yomoni, biz qo‘rqmay qo‘ydik. Agar qandaydir haqiqat bo‘lsa ham, biz endi bunga ishonmaymiz va qo‘rqmaymiz”

Donetsk viloyatining bo‘lginchilar nazoratidagi hududning amaldagi rahbari Denis Pushilinning yaqinda qilgan bayonoti ham e’tiborga molik. Unda amaldor Kiyev mintaqaga “istalgan vaqtda” hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirib, hamma “eng yomon voqealar rivojiga tayyor bo‘lishi kerak”, deya ta’kidlagan.

“Biz allaqachon voqealar rivojining eng yomon bosqichiga yetib keldik deb o‘ylayman”, deb yozgan sharhlovchilardan biri.

“Bundan ham yomoni nima bo‘lishi mumkin? Biz necha yildirki, marsh o‘tkazamiz, bizga har daqiqada hujum qilishlari mumkinligi aytishadi. Ammo Pushilinning yuzidagi ajinlardan boshqa hech narsa o‘zgarmaydi”, deydi ehtimoliy hujum haqida yozgan yana bir boshqa foydalanuvchi.

Boshqalar Moskvaning mojarodagi rejalariga shubha bildirgan.

“Rossiyaga biz kerak emasmiz. Biz avval Rossiyaga faqat Qrimni egallashi uchungina kerak bo‘lganmiz. Ko‘zingizni oching!” deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

Qo‘shni Lugansk viloyatidan foydalanuvchilar Rossiya rasmiylarining ayirmachilar nazoratidagi hududlarga oshkora qurol yetkazib berish bo‘yicha takliflarini muhokama qilishdi.

“Faqat bu yerdan uzoqda yashaydiganlar jangovar harakatlar qayta boshlanganini eshitib xursand bo‘lishlari mumkin”, deb yozgan foydalanuvchilardan biri. Yana biri kinoya bilan javob qaytaradi: “Ha, ko‘proq qurol va ko‘proq vayronagarchilik! Va keyin hamma narsada Amerika, Ukraina, Xitoyni ayblashimiz mumkin.”

O‘zini faqat Mariya deb tanishtirgan donetsklik foydalanuvchilardan biri xavotirli xabarlarga qaramay, u oilasi bilan o‘z hayotini davom ettirishga harakat qilayotganini yozgan.

“Biz endi yangiliklarni umuman ko‘rmaymiz, – deb yozadi u. – Kundalik muammolar haqida qayg‘urishimiz yetarli va geosiyosat haqida o‘ylashga vaqtimiz ham, istagimiz ham yo‘q. Tashqaridan Donetskdagi vaziyat tinch ko‘rinadi. Harbiy texnika o‘rnatilgan poyezdlarni yoki qurollangan odamlarni aylanib yurganini ko‘rmaysiz... Sababini bilmayman, lekin mening oilam vahimaga tushmagan, balki qo‘rqishdan charchagandir – bilmayman.”