Shveysariyaning Credit Suisse mijozlari ro‘yxati sizdirildi: Ular orasida postsovet makondan kimlar bor?

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) 39 mamlakat jurnalistlari bilan birga Shveysariyaning Credit Suisse banki mijozlariga doir sizdirilgan ma’lumotlar asosida “Suisse Secrets” (“Credit Suisse sirlari”) nomli surishtiruv o‘tkazdi. Surishtiruv OCCRP saytida e’lon qilingan.

Unda aytilishicha, bank korrupsiyaga aralashgan siyosatchilar va hatto jinoyatchilarga ham hisob raqamlar ochgan.

OCCRP ma’lum qilishicha, surishtiruvga asos bo‘lgan ma’lumotlarni anonim manba Germaniyaning Süddeutsche Zeitung gazetasiga bergan. Sizdirilgan ma’lumotlar bazasida 1940-yillardan taxminan 2010-yillar o‘rtalarigacha bo‘lgan davrda ochilgan 18 mingdan ortiq bank hisob raqamlari qayd etilgan bo‘lib, ularda jami 100 milliard dollardan ziyod mablag‘ saqlanadi.

Shveysariya bankidan sizdirilgan ma’lumotlarni tahlil qilishda Rossiya OAVlaridan “Vajniye istorii” qatnashdi. Nashr xabariga ko‘ra, ma’lumotlarda Rossiya siyosatchilari va “siyosiy muhim shaxslari” tilga olinmagan.

Biroq Credit Suisse mijozlari orasida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning va uning salafi Nursulton Nazarboyevning qarindoshlari borligi aniqlandi.

Toqayev va Nazarboyev oilalarining aktivlari

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bankda Toqayevning hisob raqami 90-yillar oxiridan beri bo‘lgan. Unda saqlangan eng katta summa 1,5 mln shveysariya frankini (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha qariyb 1 mln dollar) tashkil qilgan. Bu 2005 - yilda bo‘lgan gaplar.

2012 - yilda Toqayevlar Shveysariya bankidagi hisob raqamlarini yopishgach, Britaniyaning Virginiya orollarida ikkita ofshor shirkatni ta’sis etganlar. Ammo bu shirkatlar real faoliyat ko‘rsatmagan. Wishing Well Group Inc. rasman Qozog‘iston prezidentining sobiq xotini Nadejdaga, Wisdom Invest & Finance Inc. esa Nadejdadan tug‘ilgan o‘g‘li Timurga tegishli bo‘lgan.

Surishtiruvchilar taxmin qilishicha, ular Britaniyadagi Edelweiss Resources LLP shirkatiga egalik qilish maqsadida tuzilgan. 2014 - yilning mart oyiga doir moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, tashkilot aktivlari bankda saqlanayotgan 4 million dollar naqd pul va investitsiyalar ko‘rinishidagi 1 mlrd dollarni tashkil etadi. 2015 - yilda ikkala ofshor va Edelweiss Resources LLP tugatilgan.

“U yillarda Toqayev qator yuqori davlat lavozimlarida ishlagan, xususan tashqi ishlar vaziri, bosh vazir va Senat raisi bo‘lgan. Ammo o‘sha kezlar na uning biznesi bor edi, na xotinining”, qayd etishadi jurnalistlar.

Surishtiruvga ko‘ra, Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva 2008 - yildan 2012 - yilga qadar Shveysariya bankida jami 5 milliard rubl (turli valyutalarda, o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha) saqlangan oltita hisob raqamga egalik qilgan. Nazarboyevning ikkinchi qizi Dinara Quliboyeva hamda uning turmush o‘rtog‘i Timur Quliboyevning hisob raqamlarida 164 mlrd rublga (2012 - yil dekabrdagi kurs bo‘yicha) teng miqdordagi shveysariya franklari, dollar, yevro va funt sterlinglar bo‘lgan.

Ozarbayjonning Naxichevan muxtoriyati rahbarining bolalariga oid millionlar

Sizdirilgan materiallardan anglashilishicha, Naxichevan muxtor respublikasi (Ozarbayjon) rahbari Vasif Tolibovning o‘g‘illari ham bank mijozlari bo‘lganlar.

2007 - yil oxirida ularning bankdagi hisoblariga ikkita o‘tkazma kelib tushgan: 19 yoshli Seymurga – 40 ming, 25 yashar Rizoga esa 95 ming. Hisob raqamlar shirkatlarga oid bo‘lmasa-da, aka-ukalardan hech biri to‘qimachilik biznesiga aloqador bo‘lmasa-da, to‘lov maqsadi sifatida o‘tkazma hujjatlariga “gazlamalar uchun” degan yozuv qayd etilgan.

Shundan so‘ng Tolibovning o‘g‘illari ancha katta o‘tkazmalar – birdaniga 500 ming dollar olganlar. Bu to‘lovlarning ham maqsadi savdo bilan bog‘liq bo‘lgan: hujjatlarga “metallar uchun”, “metall buyumlar uchun”, “Elektr uskunalar uchun” deya qayd etilgan. 2012 - yil oxirlariga qadar aka-uka Tolibovlar birgalikda 20 million dollardan ortiq mablag‘ olganlar.

Jurnalistlar, bankdan sizdirilgan ma’lumotlar tahiliga tayanib, Tolibovning o‘g‘illari “Ozarbayjon landromati” hamda “Troyka landromati” ofshor shirkatlaridan o‘z millionlarini olib turishganini ta’kidlashmoqda. Bu keng ko‘lamli pul yuvish sxemalari bo‘lib, OCCRP jurnalistlari tomonidan avvalroq fosh etilgandi.

Qolaversa, aka-uka Tolibovlar va ularning singlisi Bahorxon Dubayda o‘nlab ko‘chmas mulk, jumladan villa, apart-otel va bir qancha kvartiralar sotib olishgan. Ularga tegishli ko‘chmas mulklarning umumiy qiymati 63 million dollarga baholanmoqda.

“Vasif Tolibovning rasmiy oylik maoshi yiliga 26 ming dollarga bormaydi. O‘g‘illari ham nari borsa shuncha pul topishlari mumkin edi, chunki Rizo – migratsiya xizmatida mulozim bo‘lib ishladi, Seymur esa mahalliy parlamentda deputat”, deyiladi surishtiruvda.

Ukraina agrosanoat shirkatining sinishi

Jurnalistlar Ukrainadagi “Mriya Agroxolding” agrosanoat shirkati Credit Suisse bankidagi hisob raqamlar yordamida kasodga uchratilganini taxmin qilishmoqda. Mazkur shirkat 2014 - yilda bankrot deb topilgandi.

Keyinroq ayon bo‘lishicha, shirkat sohiblari bo‘lmish Guta oilasi a’zolari “Mriya”dan katta mablag‘ni ofshor shirkatlar hisobiga o‘tkazishgan, keyinroq bu pullarga ko‘chmas mulklar, xususan Germaniyada hashamatli chorbog‘ xarid qilishgan. “Credit Suisse sirlari” surishtiruvi chog‘ida mablag‘larning yarmidan ko‘pi “Mriya”ning Credit Suisse bankidagi hisob raqamidan, qolgani Bank of Cyprus bankidagi hisobidan olingani o‘rtaga chiqdi.

Jurnalistlar 2011-2013 - yillarda shirkat shubhali moliyaviy amaliyotlar o‘tkazganini, xususan, Kiprdagi sakkiz shirkatning asl qiymati 12 ming dollardan oshmaydigan aksiyalari uchun yuz million dollardan ziyod pul to‘laganinini aniqladilar.

Bank mijozlari orasida Armanistonning sobiq prezidenti Armen Sarkisyan, Boku meri Eldor Azizov, shuningdek O‘zbekiston maxsus xizmatlari xodimlari va boshqalar aniqlangan.

Ma’lumotlar sizdirilgani ma’lum bo‘lgan kuniyoq Credit Suisse banki barcha ayblovlarni inkor etib chiqdi.

“Hisobot chala, noto‘g‘ri va matndan uzib olingan tanlama ma’lumotga asoslanadi. Bu bankning tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan salbiy taassurotlar hosil bo‘lishiga olib keladi”, deya bayonot berdi Shveysariya banki va tilga olingan hisobvaraqlardan 90 foizi allaqachon yopilganini yoki yopilish arafasida turganini qo‘shimcha qildi.

“Biz masalani o‘rganishda davom etamiz va zarurat bo‘lganda zarur choralarni ko‘ramiz”, deyilgan yana bankning rasmiy bayonotida.