Sport. To‘siqlar osha g‘alabaga

Ozodlik radiosining Markaziy Osiyodagi beshta xizmati «Sport. To‘siqlar osha g‘alabaga» nomli yangi tanlov e’lon qildi.

Ushbu loyiha hayotdagi turli qiyinchiliklarga, jumladan, jamiyatdagi cheklovlar, konservativ qarashlar, tabular, oilaviy to‘siqlarga qaramay muvaffaqiyatga erishgan sportchilarni olqishlash, ular erishgan yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan.

Loyiha qahramoni mashaqqatli mehnat evaziga Olimpiadagacha yetib borib, ulkan zafarlarni qo‘lgan kiritgan sportchi yoki taqdirning og‘ir sinovlariga qaramay Paralimpiya chempioni bo‘lgan shaxs bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, chekka qishloqlarda yo‘q joydan imkon topib, yoshlarni sportga qiziqtirayotgan murabbiy yoki yoshidan qat’iy nazar hanuz musobaqalarda qatnashayotgan faxriylar ham bu loyihada ishtirok etishlari mumkin.

Xullas, jamiyatdagi to‘siqlarni yengib, hayot mashaqqatlaridan dadil hatlashga jur’at topa olgan shaxslar - chempiondan tortib, oddiy sportchi yoki murabbiygacha loyiha qahramoni bo‘lishi mumkin.

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:

1. Nomzodlarni ko‘rsatish

Ozodlik radiosi mahalliy sport jurnalistlari va mushtariylardan iborat hakamlar yordamida O‘zbekistondan loyihaga munosib sportchilarni tanlab, nomzodlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Joriy yil oxirigacha nomzod-sportchilar hayot yo‘li va erishgan yutuqlari aks etgan turkum materiallar Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlardagi platformalarida yoritilib, muhokamaga qo‘yiladi.

2. Nomzodlarga ovoz berish

Yil yakunida mushtariylar va mahalliy sport jurnalistlari loyihaga munosib nomzodlar uchun ovoz berishadi. (50% - mushtariylar, 50% - mahalliy hakamlar hay’ati tanlovi)

Natijada Markaziy Osiyoning beshta davlatidan bir nafardan g‘olib aniqlanadi.

G‘olib sportchi haqida maxsus film tayyorlanib, bu filmlar Ozodlikning Markaziy Osiyo xizmatlarida besh tilda chop etiladi.

3. Jonli efirdagi yakuniy tadbir

Yakuniy bosqich jonli efirda o‘tkazilib, besh nafar g‘olib “Markaziy Osiyo sport qahramonlari”ni nishonlash bo‘yicha yakuniy tadbirga taklif etiladi.

Ushbu tadbirda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi rahbariyati va Markaziy Osiyodan sport namoyandalari ham ishtirok etishadi.

G‘oliblar Ozodlikning maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Biz mazkur tanlov Markaziy Osiyo sportchilari erishayotgan yutuqlarni olqishlash bilan bir qatorda ularning qahramonliklari boshqalarni ham to‘siqlarni yengib o‘tishga undaydi, deb ishonamiz.

Aziz mushtariy, agar siz ushbu tanlov uchun munosib sportchilarni bilsangiz, ularning nomzodini Ozodlikka taklif qiling. Telegramdagi manzilimiz: @ozodnews. Ovoz berish tartibi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.