Budapeshtdagi Ferents List xalqaro aeroportida odamlar erta tongdan parvozga ro‘yxatdan o‘tish uchun uzun navbatga tizilishgan. Vengriyalik 22 yoshli talaba Nora uchun bu muhim kun.
Nora 2021 - yil bahorida koronavirusga qarshi emlanganiga qaramay, faqat endi Yevropa bo‘ylab sayohat qilishi mumkin. Oldingi sayohat rejalari u olgan Xitoyning “Sinopharm” vaksinasi tufayli barbod bo‘lgan.
Nora dastavval “Sinopharm” yoki Rossiyaning “Sputnik V” vaksinalari bilan emlangan, so‘ng bundan pushaymon bo‘lib, sayohat qilish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan tasdiqlangan vaksinani olishga intilgan minglab vengerlardan biri.
Nora oktabr oyida bir martalik “Johnson & Johnson” vaksinasini oldi va shu bilan muammosi hal bo‘ldi.
Hozirgacha Yevropa Ittifoqida dori vositalarini baholash va nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan Yevropa dori vositalari agentligi (EMA) faqat to‘rtta vaksinani tasdiqlagan: “Pfizer/BionTech”, “Moderna”, “AstraZeneca” va “Johnson & Johnson”. Ushbu vaksinalarni olgan Yevropa Ittifoqi fuqarolari va rezidentlari boshqa Ittifoqning boshqa mamlakatlariga sayohat qilishda test topshirish yoki karantin majburiyatidan ozod qilinadi.
“Sinopharm” EMA ruxsatiga ega bo‘lmasa-da, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan favqulodda qo‘llash uchun ruxsat berilgan va Yevropa mamlakatlaridan faqat Avstriya va Ispaniya mazkur vaksinani tasdiqlagan bo‘lsa, na EMA, na JSST ruxsatiga ega bo‘lmagan “Sputnik” Yevropa Ittifoqida faqat Vengriya, Slovakiya, Kipr va Gretsiyada foydalanish uchun tasdiqlangan.
Hatto “Sputnik” bilan emlangan rossiyaliklar ham G‘arb tomonidan tasdiqlangan vaksinalarni olish uchun xorijga chiqmoqda. So‘nggi haftalarda yuzlab rossiyaliklarning “Pfizer” bilan emlanish maqsadida Serbiyaga oqimi jadallashdi.
2021 - yil boshida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning emlash strategiyasi dadil va hatto uzoqni ko‘zlagan strategiya bo‘lib tuyulgandi. O‘shanda EMA tomonidan tasdiqlangan vaktsinalarni kutish o‘rniga, Vengriya “Sputnik” va “Sinopharm”ni sotib olgan birinchi Yevropa Ittifoqi mamlakati bo‘lgandi.
Shundan beri Vengriya 5 million dozadan ortiq Xitoy vaksinasini va 2 million doza Rossiya vaksinasini sotib oldi va hatto Rossiya bilan “Sputnik” vaksinasini ishlab chiqarishni boshlash bo‘yicha muzokaralarga ham kirishdi.
Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi ma’lumotlariga qaraganda, 11 - noyabr holatiga ko‘ra, Vengriya umumiy aholisining 60.6 foizi kamida bitta vaksina dozasi bilan emlangan, umumiy aholining 58.5 foizi esa emlashning ikkinchi dozasini ham olgan. Qo‘llanilgan vaksinalarning 2 milliondan ortig‘i Xitoy vaksinasi (17 foiz) bo‘lsa, 1.8 millioni esa Rossiya vaksinasi (14 foiz).
Vengriyada hozirga kelib to‘liq emlangan aholi 58.5 foizni tashkil etmoqda va bu Yevropa Ittifoqidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 6 foizga past, lekin Ruminiya (33.9 foiz) yoki Slovakiya (44.8 foiz) kabi qo‘shni mamlakatlardagidan ancha yuqori deganidir.
Sputnik bilan emlangan va sayohat qilmoqchi bo‘lganlar uchun eng yaxshi chora uchinchi dozada boshqa vaksina bilan emlanish ammo bu masala Vengriyada tobora bahsli bo‘lib bormoqda.
Budapeshtda yashovchi 26 yoshli Oliver “Sputnik”ning ikki dozasini qabul qilganidan keyin “Johnson & Johnson” dozacini olmoqchi bo‘ldi, biroq shifokori buni rad etdi.
Vengriya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, “Johnson & Johnson” vaksinasi “Sputnik” yoki “AstraZeneca”ni olgan bemorlarga berilmasligi kerak. Vazirlik tavsiyasida aytilishicha, uchinchi doza oldindan mavjud bo‘lgan himoyani zaiflashtirishi mumkin, chunki “Johnson & Johnson”, “Sputnik” va “AstraZeneca” virusning o‘zgartirilgan versiyasini inson tanasiga kiritadigan vektorli vaksinalardir.
Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, vaksinalarni aralashtirish samarali bo‘lishi mumkin, ayniqsa vektorli vaksinalar bo‘lsa, bu insonning immunitetini oshirishi mumkin, ammo mutaxassislar bu borada hali ham yetarli xulosalar yo‘qligini aytmoqda.