To‘qqiz oyda qariyb 13 tonna qog‘oz tejaldi – Adliya vazirligi

Illyustrativ surat

Adliya organlarida joriy qilingan elektron tizimlar sababli 2024-yilning 9 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 tonna ofis qog‘ozi tejaldi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati 25-oktyabr kuni o‘tkazilgan “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasi doirasida ma’lum qildi.

O‘rtacha hisobda 1 tonna ofis qog‘ozini ishlab chiqarish uchun daraxt turi va ishlab chiqarish texnologiyasiga qarab 17-20 ta daraxt kerak bo‘lishi mumkin. Shu sababli 12,7 tonna ofis qog‘ozini tejash orqali taxminan 240 ta daraxtni saqlab qolishga erishildi”, deyilgan rasmiy xabarnomada.

Ta’kidlanishicha, qog‘ozdan foydalanishni qisqartirish va undan voz kechish xarajatlarni, tabiiy resurslarga bo‘lgan yuklamani, jumladan, suv va elektr energiyasi iste’molini kamaytirish hamda chiqindi miqdorini qisqartirishga xizmat qiladi.

Shunga muvofiq Adliya vazirligi qog‘oz sarfini kamaytirish uchun elektron yozishmaga o‘tish, matnlarni faqat zarur bo‘lgandagina qog‘ozga chop etish va qayta ishlangan qog‘ozdan foydalanishni tavsiya etgan.

Adliya idorasi 2023-yilda hujjatlarning elektron tizim orqali olinishi yo‘lga qo‘yilgach, 20 tonnadan ko‘proq qog‘oz, 21 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ tejalganini bildirgandi.