Tojikistonda bu yil pensiyalar oshmaydi. Pensionerlar qanday kun kechirishyapti? (VIDEO)

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, Tojikiston aholisining uchdan bir qismi kambag‘allikda yashaydi. Pul qadrsizlanishi vaziyatni badtar chuqurlashtirmoqda. Shunga qaramay, hukumat joriy yilda pensiyalarni oshirmoqchi emas: faqat chin yetimlar va otasiz yoki onasiz bolalarning nafaqa pullarigina oshirilmoqda (25 foizga). Shu tariqa, chin yetimlarning nafaqasi jami 20 dollarni, otasiz yoki onasiz bolalar nafaqasi esa salkam 13 dollarni tashkil qiladi.

Qolganlar umid qilmasalar ham bo‘ladi: Tojikiston ijtimoiy sug‘urta va pensiyalar agentligi barcha ijtimoiy to‘lovlarni oshirish uchun byudjetda pul yo‘qligini aytdi.

Qorasoch Mavlonova oyiga 28 dollarga teng miqdorda pensiya oladi. Bu faqat un va kartoshka sotib olishga yetadi xolos, holbuki 66 yoshli pensioner ayol olti jonni, shu jumladan bir necha bolani boqishi kerak.

“Erim saraton kasalidan o‘lgan. O‘g‘lim ko‘p yillar burun Rossiyaga ishga ketib, o‘sha yoqda o‘ldi. Qizimning turmushi buzilgan: eri dom-daraksiz ketgan, uch farzandi bor, ularni yedirib-ichirish kerak. Men bo‘lsam atigi 300 somoniy pensiya olaman. O‘g‘limning uch farzandini mehribonlik uyiga topshirishga majbur bo‘ldim”, deydi Mavlonova.

Ayol jon deb ishlagan bo‘lardi, ammo pensionerni doimiy ishga qabul qilishni hech kim xohlamayapti. Qorasoch va qizi mayda-chuyda ishlarni bajarib bir oz pul ishlashadi, ba’zan xayriya tashkilotlari yordam beradi. Qorasoch bu yil pensiyasi oshishiga umid qilgandi, uch-to‘rt somoniy qo‘shib berishsa ham bir koriga yaragan bo‘lar edi. Biroq hukumat bu yil pensiyalar miqdori o‘zgarmasligini aytdi.

Qorasochning nabiralari otasiz o‘sishayotgani sababli davlatdan nafaqa olishga qonunan haqli. Ammo ayolning shaxsiy uyi va propiskasi bo‘lmagani uchun hujjatlarni rasmiylashtira olishmayapti. Shu muammoni hal qilganida edi uch bolaning har biri uchun oyiga qariyb 13 dollardan pul olgan bo‘lishardi.

“Mamlakat bo‘yicha 1763 nafar chin yetim va 62 mingdan ortiq otasiz yoki onasiz bolalar bor. Bu ikki toifa uchun nafaqalar chorak hissaga oshdi, ammo boshqa toifalarning ijtimoiy to‘lovlarini oshirishning imkoni bo‘lmadi”, deydi Tojikiston pensiyalar agentligi direktori Dilmurod Davlatzoda.

Iqtisodchi Nuriddin Qayumov aytishicha, Tojikistonda o‘rtacha pensiya 28 dollarni tashkil qiladi. Bu pulga kun kechirib bo‘lmaydi, albatta, ammo pensiyalarni loaqal minimal mantiqiy ko‘rsatkichga yetkazish uchun davlat byudjetida mablag‘ yo‘q, yaqin orada bo‘lishi ham dargumon. Tojikistonda aksari keksalar chetda mehnat migratsiyasida yurgan bolalari va nabiralari jo‘natib turadigan pulga kun kechirishadi.

“Bizda hatto akademik va olimlarning oyligi ham yetmaydi, siz bo‘lsa oyiga 200 somoniy pensiyani so‘raysiz-a? Bu pulga nari borsa yarim qop un beradi xolos. Bozordagi narx-navo bilan ijtimoiy to‘lovlar miqdori o‘rtasida kattakon jarlik hosil bo‘lgan”, deydi Qayumov.

Tojikistonda pensiya islohoti o‘tkazish haqida hozircha gap-so‘z yo‘q. Shuningdek, pensionerlarning moddiy ahvolini yaxshilash yoki fuqarolarning ushbu toifalari uchun imtiyozlar joriy etish bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishi ham kutilmayapti.