Tojikistondan Qirg‘izistonga ko‘chayotgan etnik qirg‘izlar soni ortmoqda

28 - apreldan 1 - maygacha davom etgan harbiy to‘qnashuvlarda har ikki tomondan o‘nlab inson halok bo‘lgan.

Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyidan beri Botken viloyatidan 123 kishi soddalashtirilgan tartibda Qirg‘iziston fuqaroligini olish uchun ariza bergan, ulardan 5 nafari fuqarolikka qabul qilingan.

Botkenda etnik qirg‘izlarga fuqarolikni olish uchun hujjatlarni tayyorlash va barcha zarur qog‘ozlarni to‘plashda ko‘maklashish maqsadida vaqtinchalik markaz faoliyat yuritmoqda. Markaz ishini tashkil qilish uchun Bishkekdan mutaxassislar chaqirilgan.

Tojikiston bilan chegaralar hanuz yopiqligi sababli etnik qirg‘izlar u yerda qolgan uy-joylari va boshqa mulklaridan xabarsiz qolishyapti.

Hozirda Oq Taqir qishloq okrugida yashayotgan 70 yoshli Karim Normatov Tojikistonda tayinlangan pensiya pulini ololmayapti. U Tojikistonda hayot borgan sari qiyinlashavergach, Qirg‘izistonga ko‘chib kelishga qaror qilganini aytadi.

“Qirg‘iziston fuqaroligini olish uchun hujjatlarni tayyorlayapman. Tojikistonda yashash juda qiyin bo‘lib ketdi. Axiyri nomimizni hisobdan o‘chirtirdiku yo‘lga tushdik”, deydi Normatov.

Botken tumanining Oq terak okrugida Tojikistondan kelgan 50 ga yaqin etnik qirg‘iz bor. Mahalliy ma’muriyat ularning hujjatlarni to‘plashi va qayddan o‘tishiga ko‘maklashmoqda.

Oq terak ovul hokimiyati rahbari Qubanichbek Nurmamatovga ko‘ra, etnik qirg‘izlarning bir qismi bu yerga aprel mojarosidan oldin ko‘chib kelgan.

“Avvalroq kelganlar ham bor. Lekin ko‘pchilik Qirg‘iziston fuqaroligini olgani yo‘q, chunki Tojikistondan pensiya olishyapti. Aprel mojarosidan keyin pensiya olish uchun u yerga borib-kelish juda qiyin bo‘lib qoldi. Ular bizga murojaat qilishyapti. Biz esa zarur ma’lumotnomalarni to‘ldirib, tumanga yuboryapmiz”, deydi Nurmamatov.

Hozirda etnik qirg‘izlar Tojikistonda qolgan qarindoshlarinikiga bora olishmaydi, bir-birlarining hollaridan xabar olishlari tobora mushkullashmoqda.

Prezidentning Botken viloyati bo‘yicha vakili Abdikarim Alimboyev ushbu masalada Tojikistonning So‘g‘d viloyati rahbariyati bilan uchrashganini ma’lum qildi:

– Aprel voqealaridan so‘ng Botkenga ko‘chib kelgan etnik qirg‘izlar ko‘payib qoldi. Ularning aksari – Tojikistonning So‘g‘d viloyatidan. Ular aytishicha, Tojikistonda qolgan qirg‘izlarni tekshirishayotgan, so‘roqqa chaqirishayotgan va ularga bosim o‘tkazishayotgan ekan. Shu bois biz So‘g‘d viloyati rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdik. Tegishli xizmatlarga muammo haqida bildirib, hal etishda yordam so‘radik. Maxsus uchrashuvda ham ushbu masalani ko‘tardik.

Bugungi kunda Botken viloyatida Tojikistondan kelgan taxminan 800 chog‘li etnik qirg‘iz yashaydi, ular Qirg‘izistonga turli yillarda ko‘chib o‘tishgan. Ulardan 452 nafari QR fuqaroligini olish uchun ariza bergan, 38 nafari fuqarolikka qabul qilingan.

Joriy yilning 8 - iyulida prezident Sadir Japarovning “Etnik qirg‘izlar va qirg‘iz millatiga mansub fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Qirg‘iz Respublikasi fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish bo‘yicha vaqtinchalik nizom to‘g‘risida”gi qarori chiqqan edi.

Hujjatga muvofiq fuqarolikni olish, qayddan o‘tish tartib-taomillari soddalashtirildi, talabgorlarga maslahat va yo‘l-yo‘riq berish uchun Botkenda maxsus markaz ochildi. Ushbu markaz ish boshlaganidan beri qariyb 200 nafar etnik qirg‘iz uning yordami bilan zarur hujjatlarni tayyorladi.

Bishkek shahrining Oktabr tumani Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish, aholini ro‘yxatga olish va pasportlashtirish bo‘limi mudirasi Salima Tuyakovaning aytishicha, mazkur qaror etnik qirg‘izlarning fuqarolikni olishi jarayonini sezilarli darajada osonlashtirgan:

– Hujjatlarida chalkashlik chiqqan yoki umuman hujjatsiz yurgan fuqarolar uchun bu qaror ayni muddao bo‘ldi. Pasporti yoki tavallud guvohnomasi bo‘lmaganlar, qarorga muvofiq, fuqarolikka tezroq o‘ta oladilar. Ilgari arizalar faqat ro‘yxatga olingan joy bo‘yicha qabul qilinardi. Endilikda istalgan hududdagi Aholiga xizmat ko‘rsatish markaziga borib, ariza topshirish mumkin. Botken viloyatida etnik qirg‘izlarga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus markaz ochildi. Markaz mutaxassislari ularga maslahat berib, fuqarolikka o‘tishlariga ko‘maklashishmoqda. U yerda nafaqat Botken tumani xodimlari, balki O‘sh va Jalolobod viloyatlaridan borgan mutaxassislar ham ishlaydi.

Қирғиз-тожик чегарасидаги зўравонликларда уйлар, мактаблар вайрон бўлди

Qo‘shni mamlakatga ko‘chib o‘tgan qirg‘izistonliklar soni haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Aprel oyida sodir bo‘lgan qurolli nizodan so‘ng Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara yopiqligicha qolayotir. Ikki tomonlama muzokaralar yakunlariga ko‘ra oktabr oyiga kelibgina ayrim toifadagi fuqarolarga chegarani kesib o‘tishga ruxsat berildi. Qirg‘iziston chegarasidan o‘tishga izn berilgan shaxslar ro‘yxatida, jumladan, etnik qirg‘izlar ham bor.

So‘nggi ikki-uch oy ichida ikki mamlakatda huquq-tartibot idoralari tomonidan fuqarolarning “chegarani noqonuniy kesib o‘tgan” ayblovi bilan qo‘lga olinishi hollari ancha ko‘paydi.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi bahsli uchastkalar tufayli mintaqada tez-tez mojaro kelib chiqmoqda. 28 - apreldan 1 - maygacha davom etgan so‘nggi harbiy to‘qnashuvda Qirg‘iziston 36 qurbon berdi, ulardan ikki nafari bolalar edi. Shuningdek, 180 dan ortiq kishi zarar ko‘rdi. Tojikiston esa rasman 19 kishi qurbon bo‘lib, 87 kishi jabrlanganini ma’lum qilgan.