Tolibon Badaxshon viloyatida giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashuvchi bo‘linma tuzdi (VIDEO)

Toliblar Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash olib borish uchun harbiylashgan bo‘linma tashkil etdi. Bu haqda viloyat vitse-gubernatori Nisor Ahmad Ahmadiyga tayanib Ozodlikning tojik xizmati ma’lum qildi.

Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Tojikiston, XXR va Pokiston bilan chegaradosh.

Tolibon harakati Ozodlikning afg‘on xizmati bilan suhbatda afg‘on giyohvand moddalari hali-hamon Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali dunyoning boshqa mintaqalariga tarqalayotganini tasdiqladi.

Yangi harbiylashgan bo‘linma mintaqa xavfsizligini ta’minlash hamda “jahannam giyohi” noqonuniy savdosiga qarshi kurashni ta’minlash maqsadida tuzilgan, deydi viloyat vitse-gubernatori Nisor Ahmad Ahmadiy.

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi so‘nggi 20 yilda Badaxshon viloyatida giyohvand moddalar qurolli guruhlar, jumladan, toliblarning qimmatbaho toshlar kontrabandasidan keyin ikkinchi muhim daromad manbai bo‘lib kelayotganini aytgan edi.

Nisor Ahmad Ahmadiy giyohvand moddalar afg‘on-tojik chegaralari orqali o‘tkazilishini tasdiqladi. “Umumiy chegaralarimiz orqali giyohvand moddalar kontrabanda qilinayotganini inkor eta olmayman”, dedi Tolibon mulozimi.

Avvalroq Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid yangi hokimiyat giyohvand moddalar kontrabandasining barcha yo‘llarini yakson qilishni rejalayotganini ma’lum qilgan edi.

Toliblar iqtidorga kelgunicha Afg‘onistonda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashuvchi maxsus idora mavjud bo‘lib, u Tojikistonning vakolatli organlari bilan faol hamkorlik qilardi. Hozirda Tojikiston bilan Afg‘onistondagi Tolibon hukumati o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilmagan, giyohvand moddalar xavfiga qarshi kurashga qaratilgan biror qo‘shma amaliyot olib borilyaptimi, yo‘qmi – noma’lum.

Ozodlikning afg‘on xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda Badaxshon viloyatining yetti uyezdida afyun ko‘knorisi yetishtirilmoqda.

Badaxshon viloyati shimol va shimoli-g‘arbda – Tojikistonning Xatlon viloyati va Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati bilan, shimoli-sharqda – Pokiston va sharqda Xitoy bilan chegaradosh.

Narkotujjorlar tomonidan butun dunyoga tarqatiladigan qoradorining kattagina qismi Afg‘oniston hududida ishlab chiqariladi. Narkotrafik Tolibonning asosiy daromad manbalaridan biri sanaladi. Qolaversa, ushbu soha minglab oddiy afg‘onlar uchun yagona tirikchilik vositasi bo‘lib qolgan.

Ekspertlar mumkin qadar ko‘proq ko‘knori ekish – afg‘onlarning qashshoqlik, epidemiyalar, ishsizlik va zo‘ravonlikka qarshi “retsepti” ekanini ta’kidlashadi.

BMT qaydlariga ko‘ra, o‘tgan yili Afg‘onistonda ko‘knor dalalari rosa 37 foizga kengaygan.