Joriy yilning dastlabki ikki haftasi Markaziy Osiyoning Tolibon hukumati bilan munosabatlari silliq emasligini va tezda yomonlashishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Tojikiston hukumati Tolibon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilmaydi. Avgust oyida harakat Kobulni qo‘lga kiritganida, ko‘p sonli etnik tojiklardan ham vakil bo‘lgan “inklyuziv” hukumat tuzilmagunicha, Dushanbe Tolibonni qonuniy hukumat sifatida tan olish masalasini ko‘rib chiqmasligini aytdi.
Dushanbe Afg‘oniston shimoli-sharqida Tojikiston uchun xavf tug‘dirayotgan jangarilar borligidan xavotir bildirib kelmoqda. Shu sababli hozirda Tojikiston bilan chegara bo‘lgan Afg‘oniston shimoli eng keskin hududga aylangan.
“Tojikiston maxsus xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonning shimoli-sharqiy viloyatlarida jami 40 dan ortiq terrorchilik lagerlari va markazlari bor. Ulardagi jangarilarning soni esa 6000 dan ortiq”, dedi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 10 - yanvarda bo‘lib o‘tgan KXShT sammitida.
Emomali Rahmon sammitda ishtirok etayotgan Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston rahbarlari va Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi rahbariga yuzlanib: “Barchamizga ma’lum, 2021 - yil avgust oyining ikkinchi yarmidan boshlab, Islom davlati, “Al-Qoida”, [Jamoat] ”Ansorulloh”, “Hizb ut-Tahrir” va boshqa terrorchi guruhlarning minglab a’zolari Afg‘oniston qamoqxonalaridan ozod qilindi”, deya eslatib o‘tdi.
“Ansorulloh” Tolibon safida yillar davomida jang qilib kelayotgan asosan tojikistonlik fuqarolardan iborat jangari guruhdir.
Xabar qilinishicha, Tolibon Tojikiston bilan chegarani qo‘riqlash uchun “Ansorulloh” jangarilarining bir qismini joylashtirgan. Bu Dushanbeni Afg‘oniston bilan chegarasidagi nazoratni yanada kuchaytirishga undadi.
Tolibon matbuot kotibi o‘rinbosari Bilol Karimiy Emomali Rahmonning Afg‘oniston shimoli-sharqidagi o‘quv lagerlari va minglab jangarilar haqidagi so‘nggi da’volariga to‘xtalib, “Mamlakatning hech bir hududida isyonchilar tayyorlanayotgan bunday o‘quv lagerlari yo‘q”, dedi.
Samolyotimizni qaytaring
Tolibonning Tojikiston va O‘zbekiston ustidan ham o‘ziga xos shikoyati bor edi.
11 - yanvar kuni Tolibon asoschisi Mulla Umarning o‘g‘li, hozirda jangari guruh mudofaa vaziri bo‘lgan Mavlaviy Muhammad Yoqub Tolibon Tojikiston va O‘zbekistonga olib qochib ketilgan jangovar samolyotlar va vertolyotlarni qaytarishni xohlayotganini aytdi.
Tolibon nazoratni qo‘lga olishidan oldin olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 46 yoki 47 afg‘on jangovar samolyoti va vertolyotlari O‘zbekiston bilan chegaradosh Termiz shahriga uchib o‘tgan. Tojikistonga ikki yo‘lovchi va 16 harbiy samolyot o‘tgan. Biroq tojik rasmiylari Afg‘onistondan atigi uch samolyot va ikkita vertolyot o‘tganini ma’lum qilgan.
Keyingi xabarlarga ko‘ra, vertolyotlarning bir qismi allaqachon AQShga, Arizonadagi harbiy aerodromga ko‘chirilgan.
“Tojikiston va O‘zbekistondagi samolyotlarimiz bizga qaytarilishi kerak”, degan bayonot bilan chiqdi Mavlaviy Yoqub bir necha kun oldin.
Shuningdek, u Tojikiston va O‘zbekistonni “sabrimizni sinamang va bizni (samolyotlarni qaytarib olish uchun) mumkin bo‘lgan javob choralarini ko‘rishga majbur qilmang”, deya ogohlantirdi.
Toshkent yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda
Tojikiston rasmiylari va Tolibon o‘rtasida bir necha oydan beri turli muzokaralar davom etib kelmoqda, biroq O‘zbekiston Tolibonga nisbatan butunlay boshqacha, do‘stona pozitsiyani egalladi.
Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri Toshkent yuklarni, jumladan, gumanitar yordamni O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi orqali olib o‘tishni ta’minlashga harakat qildi. Ikki tomon rasmiylari – mahalliy rahbarlardan tortib tashqi ishlar vazirlarigacha ikki tomonlama manfaatli masalalarni muhokama qilish uchun bir necha bor uchrashdi.
Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati bilan 2001-2021 - yillarda erishilgan kelishuvlar doirasida ko‘p yillar davomida Afg‘onistonni elektr energiyasi bilan ta’minlab kelmoqda.
Tolibon hozir elektr energiyasi uchun pul to‘lay olmasligini bildirganiga qaramay, uchala qo‘shnilar ham Afg‘onistonga energiya ta’minoti uzilmasligini aytdi.
Ammo, Afg‘oniston davlat energetika shirkati 12 - yanvar kuni bergan bayonotida O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini 60 foizga qisqartirganini va Afg‘onistonning 16 viloyatida elektr energiyasida uzilish kuzatilayotganini ma’lum qildi.
O‘zbek rasmiylari buni texnik nosozliklar bilan izohlab, elektr energiyasi ikki-uch kundan keyin to‘liq tiklanishini aytdi. 13 - yanvarga kelib Afg‘oniston davlat energetika shirkati energiya uzatish quvvati to‘liq tiklanganini bildirdi.
Turkmaniston bilan munosabat
Yaqinda Turkmaniston chegarasi yaqinida Tolibon jangarilari turkman askariga tegishli harbiy kiyim kamarini tashlab ketayotgani tasvirlangan video tarqaldi.
Tolibon jangarilaridan birining turkman tilida aytishicha, askar Turkmanistonning Marv viloyati bilan chegaradosh Juzjon viloyatidagi Qarqin qishlog‘iga bir necha kishi bilan chegarani kesib o‘tgan holda o‘g‘rilik qilish uchun borgan.
Tolibon askarining so‘zlariga ko‘ra, ular Tolibon jangarilarini ko‘rgan zahoti qochib ketishgan va ulardan biri kamarini tushib qoldirgan.
Xabar qilinishicha, o‘sha otishma bir necha soat davom etgan, Tolibon jangarilari turkman chegarachilari tomon raketa otgan. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
“Afg‘onistonda yer yoki mulkka ko‘z olaytirganga hech kim shafqat qilmaydi”- deya ogohlantiradi Tolibon jangarisi.
Tolibon bir hafta oldin turkman chegarachilari afg‘on fuqarosini otib o‘ldirgani va oradan bir necha kun o‘tib, Juzjon viloyatining Xamyab tumaniga tergovga borgan Tolibon jangarilariga qarata o‘q uzgani haqida xabar bergan edi.
Markaziy Osiyodagi hukumatlarning hech biri Tolibonning hokimiyatga qaytishini istamagan, ammo bu hozirgi real voqealik. 2022 - yilning boshidagi mazkur voqealar Afg‘oniston bilan chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlari siyosatchilar bilan emas, balki jangari guruh bilan ish olib borayotganini yana bir yodga soldi.