Turkmaniston: Bo‘sag‘adagi saylov amaldagi rejimning davomi bo‘ladimi?

2007 - yilgi prezident saylovi arafasida olingan surat.

Iqtidordagi Turkmaniston demokratik partiyasi 14 - fevraldagi qurultoyida 12 - martga tayinlangan muddatidan oldingi prezident saylovida qatnashishi uchun amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov nomzodini ilgari surdi.

Demokratik partiya rasmiy saytida xabar qilinishicha, prezident lavozimiga Sardor Berdimuhamedov nomzodini ma’qullash qarori partiyaning navbatdan tashqari qurultoyida bir ovozdan qabul qilingan.

Xabarga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari qurultoyda so‘zga chiqib, oliy davlat lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildirgan. U prezidentlikka saylangan taqdirda “ota-bobolarning ma’naviy merosi va yo‘l-yo‘riqlariga amal qilish”ini, millat liderining tarixiy ishlarini davom ettirish uchun g‘ayrat bilan mehnat qilishini aytgan.

Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi Sardor Berdimuhamedov nomzodini rasman ro‘yxatga olganicha yo‘q. Biroq siyosiy kuzatuvchilar, Turkmanistonda o‘tgan biron bir saylov demokratik deb tan olinmaganini nazarda tutib, kichik Berdimuhamedovning g‘alabasi hozirdanoq naqd qilib qo‘yilganiga shubha qilishmaydi.

Kuzatuvchilar Turkmanistonda birinchi prezident Saparmurot Niyozov o‘rnatgan repressiv idora usuli Gurbanguli Berdimuhamedovning prezidentlik yillarida ham davom etganini urg‘ulaydilar.

Xalqaro huquqbonlik tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda eng muhim fuqarolik va siyosiy huquqlar, jumladan, so‘z erkinligi, OAVlar erkinligi, fikr erkinligi, e’tiqod erkinligi cheklab qo‘yilgan. So‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashib, aholi turmush darajasi pasaymoqda.

Bo‘sag‘adagi prezident saylovi Turkmanistonda hokimiyat almashuviga olib keladimi yoki amaldagi rejim davom etadimi?

Sport tadbirida prezident Berdimuhamedov estafetani o‘g‘li Sardorga bermoqda.

Ozodlik turkman xizmatining bu savoliga Glazgo universiteti professori Luka Ancheski javob berdi. Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert aytadiki, oldindagi saylovdan maqsad – amaldagi rejimning umrini uzayirishni ta’minlashdir.

“Yuz berayotgan voqealarga iqtidordagi oila nuqtai nazaridan qaralsa, Berdimuhamedovlar klanining hokimiyatdagi, turkman elitasi va turkman jamiyatidagi mavqei yanada mustahkamlanganini ilg‘ash mumkin. Berdimuhamedovni qurshagan elita nuqtai nazaridan qaraganda, ularning ham hokimiyatdagi nufuzi ortib borayotir. Ko‘p yillardan buyon Berdimuhamedovlar yonida yurganlar, masalan, Meredov kabilar, agar favqulodda biron hodisa yuz bermasa, o‘z lavozimlarida qolishadi”, deydi ekspert.

Birinchi prezident Saparmurot Niyozov vafoti ortidan 2006 - yil dekabrda iqtidorga kelgan Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligining ilk yillari jahon bozorida energiya tashuvchilar narxlari oshgan paytga to‘g‘ri keldi.

Turkmanistonning asosiy daromad manbai esa tabiiy zaxiralar eksportidir, shu bois, ko‘pchilik fikricha, boshqaruvining dastlabki yillarida mamlakatda iqtisodiy o‘sish manzarasini chizish unga aytarli qiyinchilik tug‘dirmagan.

Biroq muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylovda katta ehtimol bilan g‘alaba qozonajak Sardor Berdimuhamedovga otasidan chuqur iqtisodiy tanazzuldagi mamlakat meros bo‘lib qolmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar Turkmanistonda hokimiyatning otadan o‘g‘ilga o‘tishi jarayoni yanvar oyida Qozog‘istonda ro‘y bergan ommaviy namoyishlardan so‘ng tezlashganini aytadilar.

Ammo Moskva Karnegi markazi ilmiy xodimi Temur Umarov Qozog‘iston voqealari Turkmanistonda muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini e’lon qilish uchun hal qiluvchi omil bo‘lgani yo‘q, chunki hokimiyatni Sardor Berdimuhamedovga topshirish jarayoni bir necha yil burun boshlangan edi, deb hisoblaydi.

Ancheski ham muddatidan oldin o‘tkaziladigan prezident saylovini qo‘shni Qozog‘istonda bo‘lgan voqealar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lamaydi. Uning so‘zicha, mazkur jarayon ikki yildan ziyod vaqtdan beri davom etmoqda.

“Nazarimda, bu ikki voqea (Qozog‘istondagi yalpi norozilik hamda Turkmanistondagi saylov) bevosita aloqador emas. Sardorni prezidentlikka tayyorlashayotgani alomatlarini 2021 - yildan, balki hatto 2020 - yildan beri kuzatyapmiz. Turkman elitasi ramzlar, ishorayu alomatlarga jiddiy qaraydi. Chunonchi, kecha (14 - fevralda) Berdimuhamedov iqtidorga kelganiga roppa-rosa 15 yil bo‘ldi. Prezident o‘z nutqida lavozimidan iste’foga chiqish niyatida ekanini e’lon qildi. Shu bois men Qozog‘iston voqealarini Turkmanistonda hokimiyat tranzitini jadallatgan omil o‘laroq ko‘rish kerak deb o‘ylamayman”, deydi Ancheski.

Ekspert aytadiki, Sardor Berdimuhamedov hokimiyat tepasiga kelishi muqarrarligi so‘nggi bir necha yil mobaynida jamoatchilik onggiga singdirilgan. Uning fikricha, shu paytga qadar Turkmanistonda hech kim, hatto Avdi Quliyev, Boris Shixmurodov kabi o‘tmishdagi taniqli arboblar, shuningdek Rashid Meredov singari hozirgi nufuzli mulozimlar ham, Sardor Berdimuhamedovdan farqli o‘laroq, hokimiyat iyerarxiyasida ikkinchi o‘rinni egallay olishmagan.

Sardor oxirgi bir necha yilda xorijiy safarlarda turkman delegatsiyasiga rahbarlik qildi, bir necha qo‘shni mamlakat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, Turkmanistonda yirik loyihalar poydevoriga birinchi g‘ishtni qo‘ydi, mamlakat hududlarini kezib chiqdi.

“Uning ot ustida, otasi yonida tushgan surati eng qisqa zamonda oliy davlat lavozimiga minajagining yaqqol belgilaridan biri bo‘lgan edi”, deydi Glazgo universiteti professori.

Davlat OAVlari ota, o‘g‘il va nabira Berdimuhamedovlarni muttasil namoyish etadi. Davlat telekanali reportajlaridan birida prezidentning o‘g‘li Sardor “Miras” (“Meros”) laqabli ot minib, nabirasi Karimguli esa “Dovamat” (“Davomiylik”) degan otda ko‘rinish berishdi.

2018 - yil fevralda o‘tkazilgan ommaviy sport tadbirida prezident Berdimuhamedov estafetani o‘g‘li Sardorga berdi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Bryus Panniyer 14 - fevral kuni Ozodlikka bergan intervyusida prezident Berdimuhamedov, aftidan, Turkmanistonda “sulolaviy boshqaruv”ni yarata olishiga ishonishini urg‘uladi.

“Fahmlashimcha, Berdimuhamedov oilaviy, sulolaviy boshqaruvni tashkil qilsa bo‘ladigan fursat kelganiga rostdan ham ishonyapti. U Berdimuhamedovlar oilasi mamlakatni uzoq yillar idora qila olishiga ishonadi”, deya fikr bildiradi ekspert.

Bunga qadar, Turkmaniston bilan Kaspiy orqali chegaralanuvchi Ozarbayjonda hokimiyatning otadan o‘g‘ilga o‘tishi jarayoni kechgan edi. Sardor Berdimuhamedov prezidentlikka saylansa, bu postsovet Markaziy Osiyoda hokimiyat otadan o‘g‘ilga o‘tgan ilk holat bo‘lajak.

11 - fevral kuni Gurbanguli Berdimuhamedov Xalq maslahatining navbatdan tashqari sessiyasida “mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida yosh rahbarlarga mamlakatni idora qilish uchun yo‘l berish zarur”ligini aytarkan, o‘g‘li Sardor allaqachon 40 ga to‘lganini, ya’ni prezidentlikka nomzodini qo‘yish uchun zarur yoshga yetganini bilardi, albatta.

Prezident bayonotidan so‘ng Turkmaniston parlamentining quyi palatasi – Majlis Turkmaniston Konstitutsiyasining 81-moddasi hamda Saylov kodeksining 86-moddasiga muvofiq, muddatidan oldingi prezident saylovini 12 - martga belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

13 - fevral kuni esa Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi saylov mavsumi boshlanganini e’lon qildi.

Turkmanistonda siyosiy o‘zgacha fikrlilik taqiqlangan, bironta ham muxolif partiya yo‘q. 2012 va 2014 - yillarda ko‘ppartiyalilik haidagi va’dalardan so‘ng Sanoatchi va tadbirkorlar partiyasi hamda Agrar partiya ta’sis qilindi. Biroq ular fuqarolik va siyosiy huquqlar cheklab qo‘yilgan mamlakatda siyosiy plyuralizm paydo bo‘lishiga yordam bermadi.

Turkmanistondan tashqarida yashayotgan ba’zi siyosiy arboblar onlayn shaklda muqobil prezident saylovi o‘tkazishni taklif qilishmoqda. Shu bilan birga, muxolifat vakillari orasida saylovda ishtirok etish uchun o‘z nomzodini taklif qilayotganlar ham yo‘q emas.

Shu paytga qadar Turkmanistonda o‘tkazilgan hech bir saylov xalqaro kuzatuvchilar tarafidan “erkin va halol” deb tan olinmagan.