Uyg‘ur tribunali: Xitoy hukumati Shinjonda musulmonlarni genotsid qilmoqda

2017 - yildan beri Xitoy ma’muriyati milliondan ortiq uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz va boshqa shinjonlik musulmonlarni “siyosiy qayta tarbiya jamloqlari”ga qamagan.

Londondagi uyg‘ur tribunali Xitoy hukumatini Shinjondagi uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmon xalqlarning genotsid qilinishida aybdor deb topdi. Tribunal musulmonlarning ta’qib etilishiga Si Szinpin boshliq Xitoy rahbariyati “to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador”ligini ta’kidlamoqda.

Uyg‘ur tribunali qarori ayrim mamlakatlar tomonidan 2022 - yilda Pekinda o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilinishi manzarasida qabul qilindi.

Uyg‘ur tribunali joriy yilning sentabrida o‘z ishini boshlagan edi. Tribunal majlislarida Shinjondagi jamloqlarning sobiq tutqunlari bo‘lmish o‘nlab qozoq va uyg‘urlarning, shuningdek guvohlar va tadqiqotchi olimlarning so‘zlari tinglandi.

Etnik qozoqlar O‘rinbek Ko‘ksebek, Erg‘ozi O‘tarboy va Bakitali Nur Shinjon jamloqlarida tutqunlikda bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ular jamloqlarda ko‘rgan azob-uqubatlari haqida so‘zlab berish uchun Qozog‘istondan Londonga yetib kelishgan.

“Xitoy Shinjonda uyg‘urlar va boshqa etnik ozchiliklar nufusini kamaytirish bo‘yicha ko‘p yillardan beri izchil siyosat yuritib kelmoqda. Shu maqsadda hukumat uyg‘urlar orasida tug‘ilishni nazorat qildi va chekladi”, deya bayonot berdi tribunal rahbari, yurist Jeffri Nays 9 - dekabr kuni.

Uyg‘ur tribunali “Xitoy rahbari Si Szinpin, Chenь Syuango va Kommunistik partiyaning boshqa rasmiylari Shinjondagi zo‘ravonliklar uchun javobgar”, deb hisoblaydi.

“Xitoy yetakchisi va boshqa rasmiylar tutqunlarni qiynash va jinsiy zo‘rlashga to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq berishmagan, biroq ushbu xatti-harakatlar Si Szinpin siyosatining bevosita natijasi ekanligiga sudning ishonchi komil. Qat’iy ierarxiya o‘rnatilgan bunday mamlakatda oliy hokimiyat hech bir ishdan bexabar qolmaydi”, deydi Nays.

Uyg‘ur tribunali (UT) mustaqil nodavlat tashkilot bo‘lib, u 2020 - yilda britaniyalik yurist Jeffri Nays tomonidan Jahon uyg‘urlari kongressi (JUK) iltimosiga ko‘ra tashkil qilingan. Joriy yilda Xitoy Nays va yana bir necha britaniyalikka nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Uyg‘ur tribunali, mustaqil va nohukumat sud bo‘lgani sababli jazolash vakolatiga ega emas. Uni tashkil qilishdan maqsad tribunal qarorlariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortishdir.

Londondagi tribunalda aytilishicha, Shinjonda odamlar ommaviy o‘ldirilganini tasdiqlovchi dalillar yo‘q, biroq qiynoqlar, ayollarni bepusht qilish va tug‘ilishni nazorat qilish faktlari “genotsid” tushunchasi ta’rifiga to‘liq mos tushadi.

Qarorgohi Germaniyada joylashgan Jahon uyg‘urlari kongressi (World Uyghur Congress) Londondagi tribunal qarorini Shinjondagi uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmon xalqlar uchun “katta dastak” o‘laroq baholadi.

“Bu uyg‘ur xalqi uchun tarixiy kun. Uyg‘urlar genotsidi mustaqil organ tomonidan tan olinishi uning xalqaro hamjamiyat tomonidan keng miqyosda tan olinishi yo‘lida muhim qadamdir. Bu BMT hamda 1948 - yilda imzolangan Genotsid to‘g‘risida konvensiya a’zosi bo‘lmish barcha mamlakatlarga ular necha yillardan beri davom etib kelayotgan genotsidni to‘xtatish va mazkur jinoyatlarda aybdor kimsalarni javobgarlikka tortish bo‘yicha xalqaro huquq yuklagan yuridik va ma’naviy majburiyatlarini bajarishlari lozimligini yana bir karra eslatadi”, dedi o‘z bayonotida kongress prezidenti Dolkun Aysa.

9 - dekabr kuni, Londondagi tribunal o‘z qarorini e’lon qilganidan so‘ng Xitoy hukumati vakili Bi-Bi-Siga bergan izohida “ushbu soxta sud va aksilxitoy kuchlar odamlarni chalg‘itmoqda” dedi.

London tribunali majlislari chog‘ida ham rasmiy Pekin sud jarayonini keskin tanqid qilib, uni “Xitoyga qarshi siyosiy fitna” deb atagandi.

Londondagi tribunal qarori AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada 2022 - yilda Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilishi manzarasida qabul qilindi. Vashington, London va Ottava Pekin Olimpiadasiga yuqori martabali mulozimlarni yubormaydi, ularning delegatsiyalari faqat sportchilardan iborat bo‘ladi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2017 - yildan beri Xitoy ma’muriyati milliondan ortiq uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz va boshqa shinjonlik musulmonlarni “siyosiy qayta tarbiya jamloqlari”ga qamagan. Xalqaro tadqiqotchilar esa Xitoy hukumati Shinjonda ayollarni homilasini oldirib tashlashga majburlaganini, ularni kimyoviy yo‘l bilan bepusht qilayotganini aniqlashdi. Jamloqlardan erkinlikka chiqqan sobiq tutqunlar u yerda ayollar jinsiy zo‘rlanishi va erkaklar qiynoqlarga solinishini aytishmoqda.

Xitoy hukumati esa jamloqlarni – “kasb-hunarga o‘rgatish markazlari”, Shinjondagi siyosatini esa “ekstremizmga qarshi kurash” deya iddao qiladi. Pekin G‘arb mamlakatlari va BMT vakillarining Shinjon viloyatiga kirishini taqiqlab qo‘ygan.

Xitoyning davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari Shinjon xalqi go‘yo “shod-xurram va baxtiyor” yashayotganini isbotlashga urinadi.