Vorux anklaviga yo‘l qurilishi qirg‘iz-tojik chegara mojarosini bartaraf etadimi?

Vorux anklaviga kirish. Arxiv surat.

Tojikistonning Xo‘jai A’lo qishlog‘ini Qirg‘iziston orqali Vorux anklavi bilan bog‘lovchi yo‘l qurilishi masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Tojik tomoni ushbu masala bo‘yicha imzolangan bayonnomani bajarishga qistamoqda. Biroq Qirg‘izistonda Vorux anklaviga eltadigan yo‘l qurilishi mamlakat uchun strategik xato bo‘lishi mumkin, degan fikrlar aytilyapti.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev o‘z navbatida, mazkur yo‘l qurilishi qirg‘iz-tojik chegara muammosini hal etishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

“39-sonli bayonnoma”

Jogorku Keneshning xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining 27 - yanvar kuni chegarada ro‘y bergan mojaroga doir axborotini yopiq majlisida ko‘rib chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, yig‘ilishda “39-sonli bayonnoma” masalasi ko‘tarilgan. Mazkur hujjatda Tojikistonning Qirg‘iziston hududida joylashgan Vorux anklaviga eltuvchi yo‘l qurilishi haqida so‘z boradi.

Vorux anklaviga doir muammoni MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev quyidagicha bayon qildi:

“Bayonnomani qabul qilayotganda uni ijro etish mexanizmlarini muhokama qilganmiz.

Qamchibek Tashiyev

Hujjatda hamma narsa tugal aks etgan. Yo‘lni kim qurishi, qaysi tomon yo‘l xizmatlarini bajarishi, yo‘l uzunligi davlat shartnomasi asosida belgilanadi. Hozirda mavjud yo‘l Oqsoy qishlog‘i orqali o‘tgan. Biz Vorux va Oqsoy qishloqlari o‘rtasidagi ziddiyatlarga chek qo‘yish masalasini o‘rganyapmiz. Ikkinchi yo‘l ham Oqsoydan – uning g‘arbiy tarafidan o‘tadi. Ushbu yo‘l tushishi qishloq kengayishiga imkon qoldirmaydi. Biz baribir Oqsoydan yuqorida joylashgan Vorux qishlog‘i uchun yo‘l tashlashimiz kerak. Endi bu qishloqlarning xavfsizligini ham o‘ylashimiz lozim”.

39-sonli bayonnoma 2021 - yil 1 - mayda Botken shahrida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng qabul qilingan. O‘shanda Tojikiston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov boshchilik qilgandi. Biroq qirg‘iz-tojik hukumatlararo komissiyasi bir qarorga kela olmagani bois hujjat ijrosi paysalga solinmoqda.

27 - yanvarda chegara hududlarida yuz bergan to‘qnashuvdan so‘ng ikki mamlakatning maxsus xizmatlari rahbarlari uchrashishdi. Saymo‘min Yatimov qirg‘iz-tojik chegarasini aniqlashtirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar doirasida ish ko‘rishning muhimligini aytdi.

Saymo‘min Yatimov

“Bugun hurmatli Tashiyev Qamchibek Qidirshayevich bilan muzokara qildik. Barcha masalalarni atroflicha gaplashdik. Kelgusi muzokaralarda faqat paritet komissiyalarimiz faoliyati natijasida qabul qilingan asosiy hujjatlarga tayangan holda ish ko‘rishga kelishdik. Bayonnomalar talablari beistisno amal qilishi lozimligi e’tirof etildi. Bunda, xususan, 2021 - yil 1 - may kuni imzolangan 39-sonli bayonnoma nazarda tutilmoqda. Tashiyev bilan kelishuvimizga ko‘ra, roppa-rosa 8 kundan so‘ng mazkur bayonnoma ijrosiga kirishiladi. Biz ushbu bayonnoma bandlaridan mutlaqo og‘ishmaymiz. Chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishga daxldor barcha masalalarga yechim topish uchun bu ishlar izchillik bilan olib boriladi. Yaqin orada biz yana uchrashib, bayonnoma ijrosiga mas’ul komissiya faoliyatiga doir masalalarni muhokama qilamiz”, dedi Yatimov 29 - yanvardagi bayonotida.

Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Oqsoy qishlog‘i

Xo‘jai A’lo (Tojikiston) qishlog‘i bilan Vorux anklavini bog‘lovchi yo‘l Qapchig‘ay qishlog‘i yaqinidagi tog‘ ichidan o‘tadi, qurilishni Qirg‘iziston hukumati moliyalaydi. MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev 29 - yanvar kuni Botkendagi Aq Tatir qishlog‘i aholisi bilan uchrashuv chog‘ida qirg‘iz-tojik chegarasiga doir masalalar uzil-kesil hal etilganidan so‘nggina yo‘l qurilishi boshlanishini aytdi.

Biroq 2021 - yil may oyida – bayonnoma qabul qilingan kunlarda Tojikistonning “Xovar” milliy axborot agentligi Xo‘jai A’lo-Vorux yo‘li birgalikda qurilishi, yo‘l xizmatlarini ko‘rsatishni esa Tojikiston o‘z zimmasiga olishi haqida yozgan edi. Bu ma’lumot rasman tasdiqlangani yo‘q, hujjat o‘tgan yili imzolangan bo‘lsa-da, tomonlar uning mazmunini to‘laligicha ochiqlagan emas.

Yo‘l qurilishi mojaroga barham beradimi?

Botken viloyati sobiq gubernatori Mamat Aybalayev Tojikistonga Vorux anklaviga o‘tish uchun yo‘l berish katta xato bo‘lishini aytadi.

Mamat Aybalayev

“Men Qapchig‘ay qishlog‘ida tug‘ilib, o‘sganman. Qishloqda 300 xonadon bor. Uning bir tarafidan Oqsoy daryosi o‘tadi, ikkinchi tomonida Vorux anklavi joylashgan, uchinchi tarafdan esa qishloqni tog‘lar to‘sib turadi. Agar tog‘ bilan qishloq orasiga yo‘l tushsa, bundan mahalliy aholi zarar ko‘radi. Yo‘l qurilganidan so‘ng Oqsoy qishlog‘i mamlakatdan badtar uzilib qolib, qo‘shnilarimizning pozitsiyasi kuchayadi. Tojik qishloqlari kengayadi. Bora-bora Laylak tumanining o‘zi anklavga aylanib qolishi hech gap emas. Shunday ekan, bayonnoma bekor qilinishi kerak”, deydi u.

Tez-tez chegara mojarolari yuz beradigan hududda yo‘l qurilishi haqidagi gaplar mahalliy aholini tashvishga solib qo‘ydi. Ammo Jogorku Keneshning Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi rahbari Janarbek Akayev xavotirlanishga asos yo‘qligini ta’kidlamoqda.

“So‘nggi paytlarda Botkendagi chegara mojarosi qizg‘in muhokama qilinib, go‘yo Voruxga yo‘lak ochilishi bilan bog‘liq xavotirlar bildirilmoqda. Voruxga eltadigan yo‘lak ochilmaydi, Laylak anklav bo‘lmaydi. Chunki bayonnoma kuchga kirishi uchun davlatlararo shartnoma tuzilishi lozim. Ayni paytda bunaqa shartnomani imzolash bo‘yicha biron ish qilinayotgani yo‘q. Qolaversa, hujjatni ikki mamlakat prezidentlari imzolashi kerak. Shunday ekan, ishontirib aytamanki, Qirg‘iziston manfaatlariga ters ish bo‘lmaydi. Odamlar turfa mish-mishlarga parvo qilmay, faqat rasmiy xabarlarga ishonishadi, deb umid qilaman”, dedi parlament qo‘mitasi raisi.

Chegara masalalari bo‘yicha komissiyaning sobiq rahbari Salomat Alamanov esa yo‘l qurilishiga hojat yo‘q, deb hisoblaydi.

“Voruxni Tojikiston bilan bog‘laydigan katta yo‘l bor-ku. Ikki xalq vakillari ko‘pdan beri undan foydalanishadi. Yana shu yo‘ldan borib-kelaverish kerak. Uni chegara bilan bog‘lashga zarurat yo‘q. Qarshi tomondan yo‘l qurish nega kerak? Vorux aholisi Oqsoy qishlog‘ini bemalol kesib o‘tishi mumkin-ku?” deydi u.

Vorux va ko‘pyillik chegara mojarosi

Vorux – Tojikistonning qo‘shni Qirg‘iziston hududidagi anklavidir. Tojikistondan anklavga olib boruvchi yo‘l qirg‘iz qishloqlari orqali o‘tadi.

Vorux maydoni qariyb 12 ming gektarni tashkil qiladi, aholisi esa 30 mingdan ziyod. Anklav tevaragida Qirg‘izistonning Oqsoy, Qapchig‘ay, Ko‘ktosh, O‘rtabo‘z, Toshtumshuq qishloqlari bor. “Golovnoy” suv taqsimot markazi ham Vorux yaqinida joylashgan.

Anklavda odamlar tig‘iz yashaydi. Aholi ko‘paygani sayin yer va suv tanqislashib, atrofdagi qirg‘iz qishloqlari bilan mojarolarga sabab bo‘lmoqda. Ziddiyatlar o‘tgan asrning 80-yillarida – sovet davrida ham bo‘lgan. Respublikalar mustaqil bo‘lganidan so‘ng chegaralarni belgilash bilan bog‘liq muammolar jiddiy tus oldi.

Chegara muzokaralaridagi eng murakkab masalalar Vorux anklavi bilan bog‘liq. Ikkala mamlakat sovet davrida tuzilgan turli xaritalarga tayanadi, har biri o‘zini haq deb biladi va bir qarorga kela olmaydi. Shu bois anklavda va chegaraoldi hududlarda vaziyat tarangligicha qolmoqda. Tojikiston esa Vorux anklavini mamlakatning asosiy hududi bilan bog‘lovchi yo‘l qurish uchun ko‘p yillardan beri harakat qilmoqda.