“Yoshlarga ish bering, boshqa hech nima kerakmas!” Qozog‘istonda ishchilar noroziligi qaytadan boshlandi (VIDEO)

Qozog‘iston g‘arbida ishchilarning mitinglari yangidan boshlandi. Odamlar ish haqini oshirishni va neft korxonalariga rasman ishga qabul qilishni, ya’ni shtatga olishni talab qilishmoqda.

Norozilik yanvar namoyishlari hukumat tarafidan ayovsiz bostirilganidan qat’i nazar davom etayotir: mahalliy ma’muriyat hozircha norozilar bilan konfrontatsiyaga borayotgani yo‘q.

2021 - yilda Qozog‘istonda ishchilar noroziligi ommaviy tus oldi. Norozilik markazi Qozog‘iston g‘arbidagi Mang‘istau viloyati, xususan, neft qazib olish korxonalari joylashgan Janao‘zen shahridir.

Mang‘istau viloyati markazi Aqtau shahrida fevral oyi boshida “Qozatomsanoat” davlat shirkatiga qarashli korxonalardan birining yuzlab xodimlari ish tashladi. Odamlar ish haqini ikki baravarga oshirishni talab qilishmoqda. 2 - fevralda ishchilar norozilik aksiyasiga chiqqanidan so‘ng “Qozatomsanoat” rahbariyati yarashuv komissiyasini tuzdi va norozilarga oylik maoshlarini 30 foizga ko‘tarishni taklif qildi.

“MAEK rahbariyati 2022 - yil 1 - martdan ish haqini oshiradi, salomatlikni tiklash uchun bir oylik ish haqi miqdorida nafaqa, shuningdek bayramlarga (8 - mart, Navro‘z, Mustaqillik kuni, Energetiklar kuni) mukofot puli to‘lanishini joriy etadi”, deya e’lon qildi “MAEK-Qozatomsanoat” MChSh bosh direktori Talgat Yesentugelov.

Biroq bu takliflar ishchilarni qoniqtirmadi: ular talablari to‘la-to‘kis qabul qilinmaguncha norozilik bildirishda davom etishlarini aytishdi va uzoq muddatli ish tashlashga hozirlana boshlashdi.

Mang‘istau viloyatining yana bir shahri – Janao‘zenda ham norozilik to‘xtagani yo‘q. Asosan yoshlardan iborat mitingchilar prezident Toqayevga murojaat bilan chiqishdi. Ular mintaqaning neft-servis korxonalariga ishchilarni autsorsing asosida yollashni to‘xtatishni talab qilishmoqda: ushbu amaliyot ishchilarning kam haq to‘lash va qisqa fursatda ularni bo‘shatish imkonini beradi.

Norozilarning bir qismi mulozimlarning ishga qabul qilish sxemasidan shikoyat qilishadi: ular ish o‘rni bo‘shashini kutib yillab navbatda qolishayotganini aytishmoqda.

“Yoshlarga ish berishsin! Bu bizning yagona iltimosimiz, yagona istagimiz. Ish bering, sizdan bizga boshqa hech narsa kerak emas”, deydi Janao‘zendagi norozilik aksiyasi ishtirokchilaridan biri.

Mitingchilardan bir necha kishi shahar ma’muriyati binosiga kirib, mahalliy mulozimlarga talablarni yetkazishdi. Janao‘zen shahri ma’muriyati rahbari Maqsat Ibagarov bunga javoban qaror qabul qilish uchun uch hafta vaqt zarurligini aytdi.

“Biz davlat idorasi o‘laroq muammolarni muhokama qilishga tayyormiz. Biroq buning uchun muzokara stoliga o‘tirishimiz, muhokamaga viloyat darajasidagi mulozimlarni, “Qazmunaygaz” milliy shirkati vakillarini jalb qilib, barchani qanoatlantira oladigan umumiy yechim topishimiz kerak”, dedi u.

Norozilik aksiyalariga Janao‘zendagi boshqa neft-servis korxonalarining ishchi-xizmatchilari ham kelib qo‘shilmoqda. Biroq iqtisodchi Aydar Aliboyev Qozog‘istondagi xorijiy va davlat shirkatlarining aksariyati yanvar voqealaridan saboq chiqarmay, ish haqlarini oshirish va mehat sharoitlarini yaxshilash talablariga nopisandlik bilan qaramoqda. Ekspert bu sovuqqonlikning oqibati yaxshi bo‘lmasligidan ogohlantiradi.

“O‘tgan bir oy ichida xalq o‘zgardi: odamlar o‘z kuchlariga ishonch hosil qilishdi, bir kunda hokimiyatni qulatish mumkinligini his qilishdi, yalpi norozilik manzarasida mulozimlar xalqqa yon berishga majbur bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Binobarin, yirik shirkatlarga ishchilarning qonuniy va asosli talablariga quloq tutishni maslahat bergan bo‘lardim”, deydi Aliboyev.